
Premer-liga klubi legionerimizga omad tiladi!
Joriy mavsumdan e’tiboran Qozog‘iston premer-ligasida “Aktobe” sharafini himoya qilayotgan Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga chaqirtirildi.
“Aktobe” klubi rasmiy saytida klub hujumchisi terma jamoadan taklif olganini haqida bayonot e’lon qildi.
“22-30 mart kunlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.
Terma jamoa rahbariyati 2022 yilgi jahon chempionati va 2023 yilgi Osiyo kubogi musobaqalarining qo‘shma saralash turniriga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilayotgan yig‘in uchun taklif etilgan kengaytirilgan tarkibga 29 nafar futbolchini jalb qilgan.
O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi kutilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi 25 mart kuni Gana va 29 martda Iroq futbolchilariga qarshi maydonga tushishi belgilangan.
Jamoamiz hujumchisi Igor Sergeev ham terma jamoadan taklif oldi. U 2013 yildan buyon muntazam ravishda mamlakat bosh jamoasiga chaqirtirilmoqda.
Sergeevga bo‘lajak o‘yinlarda omad tilaymiz”, - deyiladi “Aktobe” rasmiy saytidagi bayonotda.
Igor Sergeev Qozog‘iston premer-ligasining ikkinchi turida “Tobol” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga bir ochko keltirdi. Bu hamyurtimizning Qozog‘iston premer-ligasidagi dastlabki goli bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, Sergeev Qozog‘iston premer-ligasining eng qimmat o‘yinchilari o‘nligiga ham kiritilgan.
Igor Sergeev o‘tgan yili “Paxtakor”ning O‘zbekiston chempionatlari tarixidagi eng zo‘r to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan edi. Mohir hujumchi o‘zini tarbiyalagan klub uchun milliy chempionatda 180 ta uchrashuv o‘tkazib, gollari sonini 101 ta etkazdi.
Shuningdek, Igor faoliyati davomida Xitoy chempionatida “Beytszin Goan” (14 ta o‘yin, bitta gol) hamda Birlashgan Arab Amirliklarida “Az-Zafra” (6 ta o‘yin, bitta gol) sharafini himoya qilgan.
Tajribali hujumchi “Paxtakor” safida to‘rt karra O‘zbekiston chempioni, ikki karra mamlakat kubogi sohibi, bir bor chempionat bronza medali sovrindori bo‘lgan. Bundan tashqari, Igor Sergeev 2015 yilgi chempionat yakunlariga ko‘ra, musobaqaning eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘lgan.
Igor Sergeev ilk marotaba O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 2013 yilning 10 sentyabrida Iordaniyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda jalb qilingan edi. 15 oktyabr kuni terma jamoamiz safidagi ikkinchi o‘yinida Vetnam darvozasini ishg‘ol qilib, debyut golini kiritgan. Shundan beri, bosh jamoa tarkibida 53 ta bellashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 17 marta aniq nishonga olgan.
Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘purarlari reytingida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. Faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilardan faqat asosiy hujumchi Eldor Shomurodov (21 ta gol) va jamoa sardori Odil Ahmedovdan (20 ta gol) ortda qolmoqda.
Fikrlar