
Premer-ligaga yana bir o‘zbek legioneri keladi!
Bu yil Qozog‘iston Premer-ligasini yana alohida qiziqish bilan kuzatamiz. Chempionat boshlanishi arafasida Turkistonning “Turon” klubi o‘z safiga to‘rt nafar o‘zbek futbolchisini qo‘shib olgani haqida xabar bergan edi.
Yangi chempionatda Shahboz Umarov, Odilbek Abdumajidov, Xurshid Muxtorov va Behruz Asqarov turkistonliklar sharafini himoya qilishga bel bog‘lagan.
O‘tgan mavsumda Qozog‘iston chempionatida porlagan o‘zbekistonlik hujumchi Jasurbek Yaxshiboevning kelajagi mavhum bo‘lib turgandi. 27 yoshli hujumchi “Ordabasi” etakchisi edi. Jasurbek Yaxshiboev mavsum davomida chempionat to‘purarlari poygasida ishtirok etdi. Chimkentliklar sharafini himoya qilgan legionerimiz Premer-liganing 17 ta o‘yinida ishtirok etib, raqiblar darvozasini 9 marotaba ishg‘ol qildi.
Biroq, chempionatning oxirgi qismiga kelib, Jasurbek hakamni turtib yuborgani uchun Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan to‘rtta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va so‘nggi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi. Shu bois, 27 yoshli futbolchimiz to‘purarlar poygasidan erta chiqib ketdi.
Shunga qaramay, Jasurbek Yaxshiboev boshqa individual sovringa ega bo‘ldi. Mahoratli hujumchimizning “Astana” darvozasiga kiritgan to‘pi 2024 yilgi mavsumning eng chiroyli goli sifatida e’tirof etildi.
Jasurbek Yaxshiboev Qozog‘iston chempionatidagi to‘rt o‘yinlik diskvalifikatsiyadan keyin ko‘rinmay qolgandi. Legionerimiz Ozarbayjonning “Neftchi” klubi bilan muzokara olib borayotgani, O‘zbekistonga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatildi.
“Ordabasi” yaqingacha Yaxshiboevning nomini o‘z ro‘yxatida ushlab turdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Jasurbek Yaxshiboev Astananing “Jenis” klubiga safiga qo‘shilishi kutilmoqda.
Nufuzli manba – vesti.kz sayti poytaxtliklar tajribali o‘zbek futbolchisiga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida axborot tarqatdi.
“Jenis” o‘tgan mavsumda musobaqa jadvalining quyi qismidan joy olgan. Bu gal astanaliklar yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqchi. Jamoa tarkibi kuchaytirildi. Transfermarkt portalida jamoa safida ayni paytda olti nafar legioner borligi ko‘rsatilgan.
Yangi mavsumda Belarus, Sloveniya, Gruziya, Kipr, Polsha va Braziliyadan bir nafardan charm to‘p ustasi “Jenis” sharafini himoya qiladi. Yaxshiboev ular qatoriga ettinchi legioner bo‘lib qo‘shilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod bo‘lgan Jasurbek xorij mamlakatlarida to‘p tepish bo‘yicha katta tajribaga ega. O‘zbekistonda “Paxtakor”, OTMK va “Navbahor”da o‘ynagan hujumkor futbolchi yurtimizdan tashqarida “Energetik-BGU”, “Shaxtyor-Soligorsk”, “Legiya”, “Sherif” va “Ordabasi”da faoliyat yuritgan.
Yaxshiboev Belarus, Polsha va Moldova chempionatilari g‘olibi hisoblanadi. U klublar miqyosidagi 168 ta uchrashuvda ishtirok etib, 41 ta gol va 21 ta assist muallifi bo‘lgan.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘nta uchrashuvda raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilgan.
Garchi Qozog‘iston Premer-ligasining yangi mavsumi start olgan bo‘lsa-da, qishki transfer oynasi 3 aprelga qadar ochiq bo‘ladi.
Fikrlar