
Pro liga "bo‘risi" ovga chiqmaydi yoxud yana sarguzasht ko‘ramiz, chog‘i...
Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro ligada 2-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. 22 va 23 mart kunlariga belgilangan 5 ta o‘yinga e’tibor qaratmoqchimiz. Hartugul, Superliga tanaffusga chiqqan bo‘lsa-da, bu yoqda pro liga davom ettirilmoqda. Muxlislar bemalol u erdagi qiziqarli qarama-qarshiliklarni ham kuzatish imkoniyatiga egalar.
1-turda G‘uzordagi dramatik o‘yin yodingizdami? Bu erda ham Superligadan qolishmaydigan darajadagi “triller” kabi o‘yinlar bor. "Sho‘rtan" "Qo‘qon-1912"ni qabul qildi. Uchrashuvning 50-daqiqasida qo‘qonliklar mezbon jamoa darvozasiga javobsiz uchinchi golni urganida endi hamma “Sho‘rtan”ning mag‘lubiyatini tan olib ulgurgandi-a? G‘alabaga erta ishonib, o‘yinni “tashlab” yuborgan “Qo‘qon-1912” buning uchun jazolandi. “Sho‘rtan” uchrashuv oxiriga qadar 3 ta gol urib 0:3 ni 3:3 ga aylantirishni uddaladi. Bu esa qo‘qonliklarga katta saboq bo‘ldi va futbol 90 daqiqadan iboratligini eslatib qo‘yishdi.
2-turda “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Mash’al”ni qabul qiladi. Muborakliklar uchun pro liga starti muvaffaqiyatsiz boshlandi. Boisi, o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qildi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shubhasiz, pro liganing 2-turidagi markaziy to‘qnashuv “Qo‘qon-1912” – “Mash’al” o‘rtasida kechadi. Superligaga da’vogarlik qilayotgan ikkala klub chempionatni g‘alabasiz boshlashdi. Bu safar ular Qo‘qondagi o‘yinni “yondirishsa” kerak.
Pro liga “bo‘risi”, haqiqiy etakchisi va birinchi raqamli favoriti - “Lokomotiv” bu turda "ov"ga chiqmaydi, dam oladi. Chempionatni Yaypanda “Andijon-SGS”ga qarshi o‘tkazib, kutilganidek yirik hisobda g‘alaba qozondi va raqib darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi. Ko‘rinishidan “Temiryo‘lchilar” hech bir raqibini ayab o‘tirmoqchi emasdek. “Loko”dan “tarsaki” egan pro liga debyutanti, eng yosh jamoa – “Andijon-SGS” 2-turni Nukusda “Aral” mehmoni sifatida o‘tkazadi.
Superligaga da’vogarlardan yana biri – “Dinamo” 23 mart kuni pro liga debyutanti, Samarqandning boshqa bir klubi – “Yunired”ni qabul qiladi. Bu viloyat derbisi nomi ostida o‘tadi. Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” ilk turda Muborakda “Mash’al”ni 1:3 hisobida taslim qilib qaytdi. “Yunired” esa debyut uchrashuvida “Xorazm” ustidan 1:0 hisobida ustun kelgani e’tiborga molik. “Xorazm” esa 1-turdagi mag‘lubiyatini 2-turda pro liganing yana bir debyutanti – “Navbahor-farm”ga qarshi bahsda g‘alabaga aylantirib olmoqchi. Lekin Rashid G‘ofurov boshchiligidagi namanganliklar ham chakki emas ekan. Garchi ilk turda “Aral”ni qabul qilib darvozalar golsiz qolgan bo‘lsa-da, “Navbahor-farm” haqida ijobiy fikrlar yangramoqda.
1-turda dam olgan Buxoroning “G‘ijduvon” jamoasi joriy mavsumda pro ligadagi ilk o‘yinida maydonga tushadi. Dastlabki raqib o‘sha “Sho‘rtan” klubidir. 3 ta to‘p farqini yo‘qqa chiqara olgan g‘uzorliklar “G‘ijduvon”ga qarshi yana qandaydir sarguzasht ko‘rsatadigandek.
Bir so‘z bilan aytganda, pro ligaga bo‘lgan e’tibor yuqori. O‘tgan yili u erda qanday “olovli” o‘yinlar bo‘lganini ko‘rdik. Bu safar ham pro liga Superliga tomon yana bir qadam tashlashi kutilmoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar