PSJ chempionlik mavsumidan keyin besh nafar yulduz bilan xayrlashadigan bo‘ldi

  • 02.06.2026 09:22
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Fransiya chempionati va UEFA Chempionlar ligasidagi sovrinlarini munosib himoya qilib, yana chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan “Pari Sen-Jermen” klubi rahbariyati yozgi transferlar oynasi davrida jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l uradi.

Klub mutasaddilari kelasi mavsum oldidan jamoani tark etadigan o‘yinchilar ro‘yxatini shakllantirdi.  Bu haqida L'Équipe nashri xabar qildi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, jamoa sardori Markin'osning kelajagi hozircha noaniq bo‘lib turibdi.

Shuningdek, APL klublari, ayniqsa “Liverpul” qiziqish bildirayotgan fransiyalik hujumchi Bredli Barkola ham ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida qayd etilgan.

Parijliklar darvozaboni Lyuka Shevalye oxirgi paytda rossiyalik legioner Matvey Safonov bilan raqobat qila olmay qoldi va yaqin vaqtlarda klub rahbariyati bilan o‘z kelajagini muhokama qilmoqchi.

Yetarli o‘yin amaliyotiga ega emasligi sababli Li Kan In va Gonsalu Ramush ham jamoani tark etishni istamoqda.

O‘z navbatida, Parij klubi mutasaddilari jamoa tarkibini kuchaytira oladigan yangi ijrochilarni ham topib qo‘ygan. Xususan, klub Eli Krupi (“Bornmut”), Yan Diomande (“RB Leyptsig”) va Magnes Akliush (“Monako”) transferlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqatilyapti.

Bundan tashqari, parijliklar portugaliyalik darvozabon Diogu Koshta (“Portu”) va argentinalik to‘purar Xulian Al'vares (“Atletiko Madrid”) singari ijrochilarga ham qiziqish bildirmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!