PSJ Pedri bo‘yicha taklif tayyorlamoqda
PSJ «Barselona» yarim himoyachisi Pedrini qo‘lga kiritish uchun harakat boshladi va birinchi rasmiy taklifni tayyorlamoqda. Bu haqida El Nacional nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan futbolchining transferi uchun 90 million yevro to‘lashga tayyor. Qayd etilishicha, Pedriga qiziqish «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodri bilan bog‘liq vaziyatdan keyin kuchaygan. Bosh murabbiy Luis Enrique aynan Rodrini jamoada ko‘rishni istagan, ammo ispaniyalik futbolchi karerasini davom ettirish uchun «Real»ni tanlagan.
23 yoshli Pedri 2020 yildan beri kataloniyaliklar safida to‘p surmoqda. Shu vaqt ichida u jamoa tarkibida 245 o‘yin o‘tkazib, 28 gol urdi va 33 golli uzatma amalga oshirdi. U «Barselona» sardorlaridan biriga aylangan. Pedrining «ko‘k-anorranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt bahosiga ko‘ra, futbolchining taxminiy transfer qiymati 150 million yevro atrofida.

Fikrlar