
Qachongacha? O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va O‘zPFLga murojaat!
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston Superligasida ishlayotgan hakamlar OAVda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ko‘p hollarda o‘zbek hakamlari chempionatimizda VAR tizimi ishga tushgach, o‘z ustida ishlashni to‘xtatdi yoki oddiy vaziyatlarda ham qaror chiqarishga cho‘chib qolgani qabilida gaplar eshitib qolamiz. Oxirgi paytlarda esa fikrlar qaysidir ma’noda o‘zini oqlayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Boisi, so‘nggi paytlarda hakamlarimiz juda ham kulguli xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Bu xatolar esa klublarimizning o‘yiniga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Misol uchun, yaqinda 19-tur doirasidagi “Navbahor” – “Qizilqum” uchrashuvidagi holat bunga yaqqol misol bo‘la oldi. O‘yin yakuni arafasida Azim Ahmedov o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, biroq bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov esa 11 metrlik jarima zarbasi belgilamadi. Ro‘y bergan holat Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi va yakunda penalti bor ekanligi hamda referi ushbu vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ygani aytildi.
Hakam esa nari borsa 5 ta o‘yinga chetlatiladi. Barchasi shu bilan yopildi. Vaziyat esa barchani esidan chiqib ketadi. Ammo o‘sha o‘yinda kamida 1 ochkodan quruq qolgan “Qizilqum” klubi rahbariyati dardini kimga aytadi? Axir Navoiy klubi ham oltin medallar uchun da’vogarlar qatorida bor edi-ku?! Ular hakamning yo‘l qo‘ygan xatosi sabab chempionlik uchun da’vogar qatoridan qolib ketishi adolatdanmi?
Yana bir qiziq holatni qo‘shimcha qilamiz. 2022 yil 3 sentyabr kuni O‘zbekiston kubogi 1/4 final “Nasaf” – “Lokomotiv” uchrashuvning hakamlari G‘ayrat Jo‘raev, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov, Abdurashid Xudoyberganov uchrashuvida xato va kamchiliklar kuzatilgan bo‘lsa-da, nazoratchi Zokir Qodirov tomonidan bosh hakam va zaxira hakamiga past baho, biroq yordamchi hakamlar baholari ko‘tarib ko‘rsatilgan. Ekspert hakamlar komissiyasi talabiga ko‘ra mazkur holat bo‘yicha tegishli chora ko‘rish so‘ralgani tufayli hakamlar qo‘mitasi tomonidan holat atroflicha muhokama qilindi va tegishli qaror chiqarildi.
Endi O‘zbekiston futbol hakamlari markazidan izoh talab qilamiz. Bir necha hafta oldin O‘zbekiston kubogida ishlagan va bir qancha vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘yib, tegishli tarzda ogohlantirish va jarima jazosini olgan hakamni oltin medallar uchun da’vogarlik qilayotgan “Navbahor” – “Qizilqum” uchrashuviga nega tayinlashdi? Xudoyberganovdan boshqa tajribaliroq referilar yo‘q edimi?
To‘g‘ri, bu kabi holatlar istalgan chempionatda kuzatilishi mumkin. Ammo har bir turda emasligi aniq. Chunki bu kabi holat Superligada ilk marta kuzatilayotgani yo‘q. Bungacha ham hakamlik qurboniga aylangan jamoalar juda ko‘p bo‘lgan.
Savollar ko‘p, ammo javob beradigan birorta shaxs topilmayapti. Aslida, yuqoridagi holatlarga ortiqcha to‘xtalmoqchi emasmiz. Biroq O‘zbekiston chempionatida kundan-kunga intriga oshib borayotgan bir paytda ushbu hakamlar yana xatoga yo‘l qo‘ymaydi deb kim javob beradi?
Ayni dam Superliga turnir jadvalida kuchli uchlikni band qilib turgan jamoalar – “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”ni keyingi turlarda bir qancha muhim bahslar kutib turibdi:
“Paxtakor” – “Nasaf”
“Bunyodkor” – “Navbahor”
“Nasaf” – “So‘g‘diyona”
“Qizilqum” – “Nasaf”
“Paxtakor” – “So‘g‘diyona”
“Paxtakor” – “Qizilqum”
“Bunyodkor” – “Paxtakor”
Bu kabi markaziy bahslarda yo‘l qo‘yilgan har bir xato chempionlik uchun kurash olib borayotgan jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Aytaylik, “Paxtakor” – “Nasaf” bahsida hakam toshkentliklar foydasiga qaror chiqarsa, u holda Berdiev jamoasining o‘yiniga katta ta’sir o‘tkazadi va hatto chempionlik uchun kurashni tark etishiga ham sabab bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lsachi? “Paxtakor” hakamning noto‘g‘ri qarori qurboni bo‘ladimi?
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va O‘zPFLga murojaat!
Agar O‘zbekiston Superligasidagi o‘yinlarning yanada qiziqarliligi oshirish va muxlislarni yana stadionga qaytarishni istasangiz, bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ygan hakamlarga yanada jiddiy chora ko‘rish kerak.
Xususan, hozirda chempionlik uchun da’vogar bo‘lib turgan “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor” ishtirokidagi MARKAZIY uchrashuvlarga chet eldan tajribali hakamlar tayinlanishi kerak ekanligini taklif qilamiz. Boisi, har bir turda hakamlik borasida xatolar bo‘lmoqdami, u holda kamchiliklar keyinchalik ham kuzatilaveradi. Yo‘l qo‘yilgan xato esa har qanday munosib jamoani chempionlikdan mosuvo qilishi mumkin.
Bular bizning sub’ektiv fikrlarimiz. Xulosa esa o‘zingizdan.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar