
"Qizilqum" safardagi o‘yinlarda "Surxon"ni yutolmayapti. Bu safarchi?
22 sentyabr kuni “Surxon” – “Qizilqum” o‘rtasidagi uchrashuv orqali Superliganing 19-turiga start beriladi.
Toshkentda “Paxtakor” markaziy stadionida o‘tkaziladigan ushbu qarama-qarshilik xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu ikki jamoalar hozirga qadar chempionat doirasida 19 marotaba to‘qnashishdi. Shularning 9 tasida “Surxon”ning hisobida g‘alaba bor. “Qizilqum”da esa 5 ta g‘alaba va yana 5 ta uchrashuv durang bilan tugagan. To‘plar nisbati 21\16 “Surxon” foydasiga.
Birinchi davrada Navoiyda bo‘lib o‘tgan bahsda darvozalar daxlsiz qolgan. Qiziq jihati shundaki, “Qizilqum” hali “Surxon” mezbonligidagi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagan. Faqatgina termizliklarga qarshi safardagi uchrashuvlarda 2 marta durang o‘ynagan xolos. Qiziq, g‘alabaga juda tashna bo‘lib turgan "Qizilqum" bu safar qanday natija ko‘rsatarkin? Buni 22 sentyabr kuni 18:30 da boshlanadigan bellashuvda bilib olamiz.
Eslatib o‘tamiz, “Surxon” turnir jadvalida 27 ochko bilan 6-o‘rinda bo‘lsa, “Qizilqum” 11 ochko jamg‘arib turnir jadvalida so‘nggi – 14-pog‘onani band etib turibdi.
Fikrlar