
"Qizilqum"da chempion futbolchilar yig‘ilgan, avval o‘zimizni ko‘rsatib qo‘yaylik, keyin gapiramiz" - Oleg Zoteev ayrim gap-so‘zlarga munosabat bildirdi
Navoiyning “Qizilqum” klubi dastlabki to‘rtta turdan keyin 10 ochko jamg‘arib “Paxtakor” bilan birga turnir jadvalini boshqarib kelmoqda. Klub tarkibi qanday futbolchilar bilan to‘ldirilganini yaxshi bilasiz. Ayniqsa, Oleg Zoteevdek mahoratli o‘yinchining “Qizilqum”ga o‘tgani jamoani nufuzini oshishiga ham, jamoa o‘yini kuchayishiga ham turtki bermoqda.
“Qizilqum”dagi dastlabki taassurotlari
- To‘g‘risini aytsam, beshtadan beshta o‘yinda yutamiz deb aniq ayta oladigan futbochli yo‘q. Nimaga deganda, chempionat oldidan sizga aytgandim, hamma jamoa deyarli bir xil. Ko‘rib turibsiz, “Metallurg” “Nasaf” maydonidan durang o‘ynab keldi. “Bunyodkor” “So‘g‘diyona” bilan 0:0 o‘ynadi. “Paxtakor” “Olimpik”ka qarshi uchrashuvda ochko yo‘qotdi. O‘zingiz ham bilsangiz kerak, O‘zbekiston chempionatida 5-6 ta tur davomida hamma klub bitta darajada bo‘ladi. O‘sha o‘yinlarda kim kamroq ochko yo‘qotsa, o‘sha jamoalarda tashabbus paydo bo‘ladi. Biz mavsumga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida deyarli barcha o‘yinlarni yutqazganmiz. Ko‘pchilik “Qizilqum” endi o‘ynay olmaydi, o‘yinchilarni qarib qolgan, degan gaplarni aytishdi. Ammo ortda qolgan uchrashuvlar ko‘rsatdiki, “Qizilqum” futbolchilari hali kurasha olishadi. Chempionat boshlanishiga ikki kun qolganda murabbiylar va futbolchilar ishtirokida o‘zimiz yig‘ilish o‘tkazdik. Dastlabki beshta tur eng asosiylari ekanini va ushbu bahslarda ko‘proq ochkolarni to‘plashimiz kerakligi bo‘yicha kelishib olgandik. Bir-birimizga yordam berib, qo‘llab-quvvatlab o‘ynayapmiz. Hech kim kutmagan degandi desak ham bo‘ladi.
Bosh murabbiy Nikola Lazarevich xususida
- Ochig‘ini aytganda, hali bir-birimizga moslashish va ko‘nikish uchun vaqt kerak. U O‘zbekistonda endi ishlayapti va yangi murabbiy. Biz ushbu murabbiyni tushungan holda yordam berishga harakat qilyapmiz. Bizdan ham ko‘p narsalarni so‘raydi. Masalan, bu qanaqa jamoa, nimalarga qodir degan mazmunda. Chunki boya aytganimdek, O‘zbekistonda ilk bor ishlayapti. Shu tariqa, bir-birimizga yordam berib ishlayapmiz. Hozirdan yaxshi yoki yomon murabbiy deb ayta olmayman. Balki birinchi davradan keyin qandaydir xulosa chiqarish mumkin bo‘lar. Agar kuchli uchtalikda yursak, demak hammasi joyida ekanini bildiradi. Mabodo, pastki o‘rinlarda yuradigan bo‘lsak, demak u yoki biz to‘g‘ri kelmagan bo‘lamiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Jamoa qaysi o‘ringa da’vogar?
- Qaysi o‘rin uchun kurashishimizni 100 foiz aniq aytolmayman. Ilgari yig‘ilish o‘tkazilgan mahalda ham rahbarlarimiz bu xususida keyinroq gaplashamiz deyishgan. O‘zbekiston Kubogida haqida esa hali gap ham bo‘lmagan. Chempionatda qancha ko‘p yutsak, bizga shuncha yaxshi deyishgan. Mana, g‘alabalarni boshladik.
Chempionat saviyasi qanday?
- Dastlabki 4 ta turda nima kutgan bo‘lsam, shular bo‘ldi. Yana 4 ta turdan keyin aniq gap ayta olishim mumkin. Nimagaki, deyarli barcha klublar taktik va jismoniy tarafdan yaxshi holatga kelib qolishdi. Hali klublar 100 foiz to‘liq imkoniyatini ishga solishmagan. Masalan, “Nasaf” Superkubokda boshqacha o‘yin ko‘rsatgan, Osiyo Chempionlar ligasida esa yana boshqacha o‘ynayapti. Demak, ular endi o‘ziga kelyapti. OChLdan keyin O‘zbekiston chempionatida o‘ynash juda oson. Axir bizning chempionatga qaraganda, chempionlar ligasi kuchliroq. Har doim OChLdan so‘ng o‘zimizni chempionatda to‘p surish osonroq kechgan. Shu sababli yana bir nechta turdan keyin birinchiligimiz saviyasi haqida aniq fikr bildirishim mumkin.
Kubokda jamoa oldiga vazifa qo‘yilmagani ilk mag‘lubiyatga ta’sir qildimi?
- Kubok doirasida “Navbahor”ga yutqazganimizni 100 foiz ta’siri yo‘q. “Qizilqum”da yig‘ilgan futbolchilar hech qachon pastki o‘rinlarda yurishmagan, faqat chempionlik uchun kurashishgan. Garchi bizga hech nima aytishmagan bo‘lsa ham doim g‘alaba uchun kurashamiz. Tarkib deyarli 80 foizga “Lokomotiv”da to‘p surgan futbolchilardan tashkil topgan. O‘rtoqlik o‘yini bo‘ladimi, chempionatmi farqi yo‘q, har bir bahs biz uchun muhim.
“Qizilqum” 2-davrada pastga qulaydimi?
- Bilsangiz, har doim futbolda qandaydir gaplar yuradi. Yaqinda “Barselona” “Real”ni 4:0 hisobida yutganidan keyin odamlar orasida “ie, bu qanaqasi, “Real” yordam berdimikin”, degan gap-so‘zlar chiqyapti. Bunday gaplar har doim bo‘ladi. Yana qaytaraman: “Qizilqum”da chempion futbolchilar yig‘ilgan. Bunday o‘yinchilar maydonga shunchaki tushishmaydi. Doim natija ko‘rsatishga o‘rganib qolganmiz. “Qizilqum” ikkinchi davrada o‘yinni tashlab yuboradi, degan gap-so‘zlar bizga ham etib kelgan. Bu quruq gap. Birinchi davradan keyin hammasi ko‘rinadi. Bu borada hozir ko‘p gapirsak bo‘ladi, ammo avval o‘zimizni ko‘rsatib qo‘yaylik, keyin gapiramiz.
Fikrlar