"Qizilqum"ning yangi bosh murabbiyi: "Har bir ochko biz uchun oltinga teng"

  • 22 iyun, 2023, 09:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatni omadsiz o‘tkazayotgan “Qizilqum”ga birinchi davra tugamasidan uchinchi marta yangi bosh murabbiy tayinlandi. Avvaliga, Asror Aliqulov, keyin Tachmurod Agamurodov va endi Jamshid Saidov!

Yaqinda Saidov navoiyliklarning bosh murabbiyi sifaida rasman tanishtirildi. U Agamurodov bilan birga ishlaydi. Bungacha ham ikkala mutaxassis bir qator klublarda tandem sifatida ish olib borishgan. Endi ularning yo‘llari “Qizilqum”da kesishdi.

Sports.uz jurnalisti “Qizilqum”ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Jamshid Saidovdan intervyu oldi.

- “Qizilqum” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Hammasi qanday yuz berdi?

- Afsuski, jamoaning natijalari omadsiz bo‘layotgandi. Keyin Tachmurod Agamurodovni taklif qildilar. Ungacha Asror Aliqulovga maslahatchi edi, so‘ng bosh murabbiy bo‘ldi. Albatta, menga taklif bo‘lishini kutmagandim. Bir oy oldin Tachmurod Shamakovich “Qizilqum”ga bosh murabbiy bo‘lgandi. Hamma biladi, u mening ustozim, xuddi otamdek bo‘lib qolgan. Jamoaga kelib, birga ishlaylik dedi. Keyin rahbarlar bilan uchrashdik va bir to‘xtamga keldik.

saidov4

- Vaqt tig‘iz, oldinda chempionat o‘yini turibdi. Yangi klubdagi ishni nimadan boshladingiz?

- Birinchi navbatda kollektiv qilish kerak. Albatta, yigitlarga taktik uslublarni o‘rgatish lozim. Baribir avvalo jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yishimiz muhim. Bunga harakat qilamiz. To‘g‘ri, vaqt kam. Lekin kurashamiz. Birinchi davra tugashiga ikkita tur qoldi va maksimal darajada harakat qilamiz.

- Oldingizga qo‘yilgan vazifa qanday?

- Vazifa – “Qizilqum”ni Superligada saqlab qolish. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, jamoa chempionatda 13-o‘rinda. Buning ustiga Superligadagi raqobatchimiz bilan o‘ynaymiz.

saidov5

- Bosh murabbiy sifatida “Qizilqum”ni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketish uchun rejalaringiz qanday?

- Bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Agar ishonch bo‘lmaganida bu erga kelmasdan “Lokomotiv”da ishlab yuraverardim. U erda ishlarimiz yaxshi, jamoa pro ligada 1-o‘rinda ketyapti.

- “Lokomotiv”ni tark etish qiyin kechmadimi?

- Yo‘q, jamoa bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov futbolni yaxshi tushunadi. Shunday taklif bo‘lganida menga omad tiladi, qo‘llab-quvvatlaymiz dedi. Ular duo qilishadi va men yaxshi niyatlar bilan ketdim. Do‘stona xayrlashdik. Klubdagi barcha yaxshi tilaklar bildirishdi.

saidov2_1

- Oldinda turgan “Turon” bilan uchrashuv sizga ham, “Qizilqum”ga ham juda muhim. Har qanday mutaxassisga debyutini g‘alaba bilan boshlash juda kerakli hisoblanadi. Bu o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?

- Oldindan nimadir aytib bo‘lmaydi. Biz maksimal harakat qilamiz. Klubda endigina ish boshladim. Har bir uchrashuvda maksimal g‘alaba uchun kurashamiz, bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q. Shunday qilmasak bo‘lmaydi. Biz uchun har bir ochko oltinga teng. Navoiy xalqi, muxlislar, rahbarlar – umid qilishyapti. Navoiyda albatta futbol bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda “Qizilqum” rahbariyatiga menga ishonch bildirishgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Tabiiyki, menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mavlonov Husan
22/06/2023 20:40
Ассалому алайкум Амин клубга келганингиз яхши бўлибди, ўзингиз спорт соҳасида узоқ вақт шуғулланиб биласиз, машғулотларни кўпайтириш вақтини ҳам, техникага ишлаш, ичкилик, кайфи сафодан узоқлатиб коррупцияга ва таниш билиш қилишларга қарши туринг. Ҳомийларни ишга солиб вилоятимиз футболини ҳам обръўсини олиб чиқинг, вилоятдан икки та спортга танилиб кетинг, омад,