
"Qiziqishlar bo‘lgandir, ammo men eshitmadim" yoxud "So‘g‘diyona" futbolchisi guruhda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishmagani va Baqoev qanday ruhlantirgani haqida
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi OFK Kubogi guruh bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazib, uchta uchrashuvda 100 foizli natijani qayd eta oldi. Lekin har bir o‘yinda raqiblar vakillarimizga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Guruhda avvaliga “Neftchi”ni 2:0, TsSKAni 3:2 va oxirgi turda jizzaxliklar Turkmanistonning “Oltin Asr” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu o‘yin ham “So‘g‘diyona” uchun juda muhim edi. Barcha uchrashuvda Ulug‘bek Baqoev jamoasi gol urish borasidagi samaradorligini ko‘rsata oldi. Endi jamoamizni oldinda Tojikistonning “Xo‘jand” klubiga qarshi Markaziy mintaqa hududiy final uchrashuvi kutyapti.
Jasur Hasanov boshchiligidagi jamoa raqiblaridan kuchli ekanligini amalda namoyish eta oldi. Turkmanlarga qarshi bellashuvda “So‘g‘diyona”ning iqtidorli o‘yinchisi Javohir Qahramonov gol urdi va qolgan gollarda ham faol qatnashdi. Ushbu o‘yinchi avvalo “Oltin Asr”ga qarshi uchrashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yinga kelsak, bizni butun O‘zbekiston qo‘llab-quvvatlab turganini bilardik. Muxlislarimizga faqat g‘alaba kerak edi. Buni yaxshi his qilib turgandik. Barchasi biz uchun yaxshi bo‘ldi. Ajoyib o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozondik. Ushbu o‘yin ishqibozlarimizga ham yoqdi, deb o‘ylayman.
- Guruhdagi qaysi o‘yin eng qiyini bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, guruhdagi hech bir uchrashuvda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmadik, deb o‘ylayman. Bizga g‘alaba qozonish vazifasi qo‘yilgandi va barcha bahslarda buni uddaladik.
- “So‘g‘diyona” OFK Kubogida oldiga qo‘yilgan vazifani bosqichma-bosqich bajarishga kirishdi...
- Ha, to‘g‘ri. Bizning oldimizga har bir uchrashuvda faqat g‘alaba qozonish vazifasi qo‘yilgan.
- Chempionatda ham “So‘g‘diyona”ning natijalari yaxshi. Peshqadamlardan biri bo‘lib turibdi. Lekin barqarorlikni saqlash ham oson emas. Sizningcha, jamoa yanada kuchayishi kerakmi?
- Hozir hammasi yaxshi ketyapti. To‘g‘ri, oldimizda yana o‘yinlar ko‘p. Ishlashda davom etamiz. Nasib bo‘lsa, barchasi biz uchun yaxshi bo‘ladi.
- OFK Kubogida ilk bor qatnashyapsizlar. Boshida hayajonni bosib o‘tish qiyin kechmadimi?
- Ha, birinchi uchrashuvda biroz hayajon bo‘ldi. Keyingi uchrashuvlarda barchasi joyiga tushdi.
- Shuningdek, siz uchun ham bu xalqaro maydondagi ilk musobaqa edi. Guruhda Markaziy Osiyo klublari joy olganligini inobatga olsak, o‘zimizni chempionatdagi uchrashuvlardan farqli tomonlari sezildimi yoki...
- To‘g‘ri aytasiz, men uchun ham OFK Kubogida to‘p surish birinchisi bo‘ldi. O‘ylashimcha, hammasi yaxshi. U qadar qiyinchilik sezilmadi.
- Ulug‘bek Baqoev o‘yinlar mobaynida sizlarni qanday ruhlantirdi?
- Bizni butun O‘zbekiston ko‘rayotganini, eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib yutishimiz kerakligini va O‘zbekiston uchun o‘ynayotganimizni aytib, bizni ruhlantirdi.
- Javohir, eshitishimcha, xizmangizga qiziqish bildirayotganlar bor ekan, ayniqsa xorijdan. Shu rostmi?
- To‘g‘risi, bundan xabarim yo‘q. Endi sizdan eshityapman. Balki qiziqishlar bo‘lgandir, ammo men eshitmadim.
Fikrlar