“Qo‘qon-1912” shifokori: Norbekov hamda Berdievning ahvoli biz o‘ylagandan ancha yaxshi
Klub matbuot xizmati jamoa shifokori Boburxo‘ja Abdazovdan futbolchilarning ahvoli qandayligi haqida so‘radik.
- AGMK bilan bo‘lib o‘tgan o‘yin biz uchun esdan chiqmaydigan o‘yin bo‘ldi, desam bo‘ladi. Sababi ikki futbolchimiz o‘yin davomida jiddiy jarohat olib, tez yordam mashinalari xizmatidan ikki marta foydalanishimizga to‘g‘ri keldi. Norbekov bir sutka davomida Qo‘qon shahridagi tez tibbiy yordam markazida shifokorlar nazoratida bo‘lib turdi. Kecha Toshkent shahridagi "Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi"da Shohnazar Norbekov hamda Suhrob Berdievni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, Norbekovga “peshona suyagi tashqi plastinkasining sinish” tashxisi qo‘yildi. Mutaxassis shifokorlar bu vaziyatda bemorning xohishiga qarab, plastik jarrohligi amaliyotini qo‘llasa bo‘ladi. Agar o‘zi istamas operatsiyasiz ham davolash mumkinligini ta’kidlashdi. Norbekov jarrohlik amaliyotidan voz kechdi.Shohnazar barcha dori darmonlar bilan ta’minlanib, uy sharoitida davolash muolajalarini o‘tkazadigan bo‘ldi. Bizni xursand qilgani Shohnazarning peshona suyagi ichki plastinkasiga zarar etmagan.
Suhrob Berdievga esa, “o‘ng oyoq kichik boldir pastki 1/3 qismi hamda ichki to‘piq suyagining sinishi” tashxisi qo‘yildi. Berdievga Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam markazida dastlabki tekshiruvlar o‘tkazilib, o‘sha joyning o‘zida oyog‘iga gips bog‘lamlari qo‘yilgan edi. Futbolchi respublika shoshilinch tibbiyot yordam markazida qayta ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng, bu erdagi hamkasblarimiz bilan maslahatlashgan holda biroz shoshilmaslikka qaror qildik. Berdiev bir xafta davomida shifokorlar nazoratida bo‘lib turadi. Agar singan suyaklar gips yordamida bitishni boshlasa, jarrohlik amaliyoti qo‘llanilmaydi. Aks holda futbolchi jarrohlik stoliga yotishiga to‘ri keladi.
Har ikki futbolchilar kamida 30-45 kun oralig‘ida davolanishiga to‘g‘ri keladi.
"Qo‘qon-1912" matbuot xizmati

Fikrlar