
"Qo‘qon-1912"dan ketishga majburman". Shoxnazar Norbekov qaysi klubga o‘tishini aytdi. U hatto boshqa takliflarni ham ko‘rib chiqmadi!
“Qo‘qon-1912” jamoasining asosiy tarkib a’zosi, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Shoxnazar Norbekov bizning bugungi maqolamiz qahramoniga aylandi.
Hujumchi joriy yilgi Superliga bahslarida qo‘qonliklar safida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi.
Gap shundaki, Norbekov Qo‘qondagi ikki yillik faoliyatiga yakun yasashga qaror qildi. Sports.uz muxbiri futbolchi bilan bog‘lanib, klubdan ketishining sabablari, u erda o‘tkazgan faoliyati va keyingi rejasi haqida suhbatlashdi.
- “Qo‘qon-1912” klubidan ketishingizga nima sabab bo‘ldi?
- Oilaviy sharoit. Uyga yaqin, onamni oldida bo‘lishim uchun shunday qarorga keldim. Aslida menga juda ko‘p variantlar bor. Hatto, uzoqdan yaxshigina pul taklif qilayotganlar ham bor. Ammo oilamga yaqin bo‘lish uchun Bekobodga qaytyapman. Uyimdagilar “Metallurg” rahbarlari bilan yaxshi munosabatda. Bu klub yoshlikda meni tarbiyalagan.
- Demak, “Metallurg”ga qaytishga qaror qilibsizda-a?
- Hali 100 foiz aniq emas, biroq uyimdagilar shuni xohlashyapti.
- Qo‘qonda ikki yil to‘p surdingiz. U erdagi faoliyatingizdan qoniqdingizmi?
- Hammasi zo‘r bo‘ldi. Baxtiyor Ashurmatov bo‘lmaganida menga bunchalik hech kim imkoniyat bermasdi. O‘ynay olsam ham, o‘ynay olmasam ham bu murabbiy ishonch bildirishda davom etdi. Natijada biroz ko‘zga ko‘rinib qoldik, bo‘lmasa hamma esidan chiqib yuborayotgandi. Ashurmatovga katta rahmat. Menga yordam berdi. O‘zimga qolsa, Qo‘qondan ketmasdim. Lekin har qanday vaziyatda ham oila birinchi o‘rinda turadi. Uydagilar xohlagani uchun “Qo‘qon-1912”dan ketishga majburman. Vaziyatni rahbariyatga ham, Baxtiyor Ashurmatovga ham tushuntirdim.
- Umuman olganda, bosh murabbiy sizni klubdan ketishingizni qanday qabul qildi?
- Albatta, ketishimni xohlamayapti. Hammasini tushuntirdim, o‘zi ham har doim oila birinchi o‘rinda turishini bilib turibdi. Baxtiyor aka bilan anchadan beri tanishman, meni yoshligimdan kuzatib kelardi. Shuning uchun bu murabbiy bilan ochiq gaplashamiz. Oilaviy sharoitimni bilgach, xohlamasa ham ketishimga qarshilik qilmadi.
- Ayni paytda oldingizda qanday takliflar bor?
- Taklif ko‘p, ammo men boshqalarni ko‘rib chiqqanim yo‘q. Hech kim bilan gaplashmadim ham. Faqat Malayziyadan variant bor edi, hozir u ham noaniq bo‘lib turibdi. Agar u erga boradigan bo‘lsam, oila-a’zolarim bilan ketaman, bo‘lmasa yo‘q!
- Nima uchun boshqa takliflarni ko‘rib chiqmayapsiz?
- Agar bo‘ladigan bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” ham men so‘ragan summani qilib beradi. Bu vaziyatda pul muhim emas. Oila birinchi o‘rinda. Pul men uchun muhim bo‘lganida AGMKdan ketmagan bo‘lardim. Men o‘ynashim kerak.
- Voqealar rivojidan kelib chiqib, sizni katta ehtimol bilan “Metallurg”ga o‘tadi, desak bo‘laveradimi?
- Ha. “Metallurg” bilan gaplashib bo‘lingan, menimcha katta ehtimol bilan Bekobodga qaytaman.
- Qo‘qonlik muxlislar xususida nima deya olasiz?
- Shunchalik qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun katta rahmat. Boshida Qo‘qonga borayotganimda ko‘pchilik u erda o‘ynash oson emas, muxlislari talabchan deb aytishgan. O‘zi vodiylik ishqibozlarda o‘ziga xos bosim bo‘ladi. Ammo bunday bosimda qaytanga yaxshi, futbolchining o‘sishiga turtki beradi. Klub rahbarlariga ham rahmat, qanday yordam kerak bo‘lsa, hammasini qilib berdi. Baxtiyor aka Ashurmatov bilan Davron aka Fayzievga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Bu murabbiylardan ko‘p narsa o‘rgandik. Futbolda kimdir keladi, kimdir ketadi. “Qo‘qon-1912”da o‘tkazgan barcha o‘yinlarimiz unutilmas bo‘ldi. U erda kollektiv zo‘r edi. Shuncha yil o‘ynadim, lekin bunaqangi ahil jamoa bo‘lmagandi. Murabbiy jamoani juda inoqlashtirgan. Shuning uchun istalgan raqib bilan bemalol o‘ynay olardik.
- Ketishingizni “Qo‘qon-1912” uchun katta yo‘qotish, deb o‘ylaysizmi?
- Almashtirib bo‘lmas o‘yinchi yo‘q. U erda ham yaxshi o‘yinchilar bor. Mo‘min o‘sha erda, albatta qoladi. Hamidillo ham bor, mendan ikki kalla kuchli. Faqat yosh va biroz jarohatlarga tushib qoldi. O‘yinchi topiladi. Futbol bitta o‘yinchiga bog‘liq emas.
- “Metallurg”ning yangi rejalari va maqsadlari qanday?
- To‘g‘risi, bu haqida gaplashmaganman. Klub bilan asosan onam gaplashdi. Jamoa rahbari Shavkat aka Saidov bilan yaxshi munosabatda. 15 yoshimda “Metallurg”ga borganman. Shavkat aka o‘zi tarbiyalab, qanday futbol o‘ynashni o‘rgatgan. Har qanday yosh bolani ota-onasi farzandining murabbiyi bilan gaplashadi-ku. Shu boisdan Shavkat aka uyimdagilar bilan do‘st bo‘lib ketgan. Onam bilan men haqimda gaplashgan.
- Futbolchi sifatida 2022 yilda o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘yyapsiz?
- Ko‘proq gollar urib terma jamoaga tushish niyatim bor. Dadam ham futbol o‘ynagan. Eng katta orzuim terma jamoada to‘p surish. Boshqa hujumchilarga o‘xshab faqat o‘zim gol urishim kerak, degan xayolda emasman. Vaziyat bo‘lishi bilan o‘zimdan qulay jamoadoshimga pas beraman. Menda qizg‘onchoqlik xususiyati yo‘q. “Metallurg”ga o‘tsam, jamoani yuqori o‘rinlarga chiqishga yordam bermoqchiman. Klubni AGMK, “So‘g‘diyona”dan kam joyi yo‘q. Biz chempionlik uchun kurasha olamiz, shunga yarasha tarkib shakllantirilsa bo‘ldi. Maqsad jiddiy.
Fikrlar