
Qosimov jamoasi uchun "Turon" qulay raqibmi yoki noqulay?!
Bugungi kunga kelib OKMK 39 ochko bilan musobaqa jadvalining 4-pog‘onasida. “Turon” esa 16 ochko bilan 13-o‘rinda. Darvoqe, bu “Turon” uchun ko‘tarilish. Boisi, o‘tgan turda Yaypanda “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida taslim qilgach, 14-o‘rindan 13-o‘ringa chiqib oldi. Endi OKMK va “Turon” jamoalari Olmaliqda kuch sinashadilar.
Mirjalol Qsimov jamoasi o‘tgan turda “Andijon” maydonida Xurshid G‘iyosovning penaltidan urgan goli evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba ularni omadsiz uchrashuvlardan keyin ruhlantirsa kerak.
“Turon”ning vaziyatidan xabardorsiz. Yorqin Nazarov ustozligidagi jamoa bor e’tiborini Superligada qolishga qaratgan. Hozircha ularda imkoniyat bor. Buning uchun qolgan uchala uchrashuvda ham yutishi talab etiladi. Buning uchun “So‘g‘diyona”ga qarshi omadli yurishini OKMK bilan bellashuvda ham davom ettirishi lozim. Lekin OKMK – bu jiddiy raqib. Garchi medallar uchun kurashda biroz ortga chekingan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Buning uchun 12 noyabr kuni Qarshida “Nasaf” bilan bellashadi. Ungacha chempionatdagi qo‘lga kiritiladigan g‘alabalar orqali yanada yaxshiroq ruhlangan holda tayyorlanmoqchi (orada OChL o‘yini ham bor).
Shubhasiz, “Turon” bilan bo‘ladigan uchrashuvda OKMKning imkoniyati yuqoriroq. Hamma Mirjalol Qosimov jamoasini favorit sifatida ko‘rmoqda. Lekin jarohat olgan qator etakchi futbolchilari tarkibga qaytishadimi? Hozircha bu savol ochiq. Siyavush Haqnazari, Islom To‘xtaxo‘jaev, Anzur Ismoilov, Shoxruh Gadoev, Sardor Mirzaev va yana boshqa etakchilari jarohat tufayli OKMKga yordam bera olmayotgandi. Agar ular safga qaytishsa OKMK yanada kuchayadi. Ammo ushbu yo‘qotishlar safiga yana bir yo‘qotish qo‘shildi. “Andijon” bilan bahsda OKMKning markaziy himoyachisi Sardor Rahmonov sariq kartochka oldi va ushbu ogohlantirishlari soni 4 taga etgani sababidan ushbu o‘yinchi navbatdagi turda jamoasiga yordam bera olmaydi. Bu ham Mirjalol Qosimovga qo‘shimcha muammo tug‘dirmasdan qolmaydi.
“Turon” klubi bu o‘yinda imkoni qadar ochko qo‘lga kiritish harakatida bo‘ladi. Chunki ulardagi vaziyatni bilib turibsiz, ligada qolish asosiy vazifasi. Biroq qarshisida OKMKdeq qoya turganida yosh “turon”chilar qanday qilib ushbu qoyani bosib o‘tarkin? Yorqin Nazarov futbolchilarini g‘alaba sari ilhomlantirayotganiga ishonsa bo‘ladi. Zero, “Turon” ikkinchi davrada tarkibini yoshartirdi va bu orqali ortiqcha bosimlardan qutuldilar. Ha, Superligada qolish uchun kurashayotgan jamoada o‘ziga yarasha bosim bo‘lishi tabiiy. Biroq yaypanliklar tarkibdagi salohiyatdan kelib chiqib, imkoniyat darajasida qarshilik ko‘rsatishmoqda. Agar Superligani tark etishsa ham ularga hech kim ortiqcha e’tiroz bildirmaydi.
Yana bir jihatni unutmaslik kerak, OKMKda hali ham sovrinli o‘rinlarga ko‘tarilish uchun imkoniyat bor. Bu borada ular butkul umidini uzdi, deyishga haqqimiz yo‘q. “Turon”ni yutib olsa ochkolarini 42 taga etkazib oladi. Albatta, raqiblarining natijalariga ham qaraladi. Lekin “Turon” ham oxirigacha qarshilik ko‘rsatishini kutish mumkin.
Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Yaypanda bo‘lib o‘tgan o‘yinda tomonlar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishgan. Umumiy hisobda esa bu klublar Superligada 3 marta to‘qnashishdi. 2021 yilgi birinchilikda OKMK o‘z uyida 2:0, safarda 0:1 hisoblarida g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati 4\1 tabiiyki, Qosimov jamoasi foydasiga.
OKMK – “Turon” jamoalarining 4-to‘qnashuvi ham qiziqarli o‘tsa ajab emas-a? 24-turni boshlab beradigan bu uchrashuvda Nazarov Qosimovga qanday syurpriz taqdim qilarkin?
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar