
Rashid G‘ofurov: "Bizda asosiy yoki zaxira futbolchisi degan gap yo‘q"
Pro-liganing 10-turidan o‘rin olgan “Navbahor-farm” – “Andijon-SGS”(1:0) uchrashuvidan so‘ng, farm jamoa ustozi Rashidjon G‘ofurov OAV xodimlarining savollariga javob berdi. U odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Assalom alaykum! Guvohi bo‘lganinglardek, mazkur o‘yin shiddatli tarzda kechdi. Biz ushbu bahsga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rgandik. Boisi, bu pro ligadagi o‘ziga xos “vodiy derbisi” hisoblanadi. Raqibga hurmat ma’nosida shuni ta’kidlamoqchimanki, “Andijon-SGS” futbolchilari to‘p bilan yaxshi muomala qilishadi. Shuning uchun pro liganing turnir jadvali yuqori pog‘onalaridan joy olib turgan boshqa jamoalaridan xavfsiramagan bo‘lsam ham andijonliklardan biroz xavfsiradim. Boisi, bugungi raqibimiz o‘yinchilari tartibli o‘yin namoyish etishadi. Bugungi bahs rejamiz asosida kechdi.
- Himoyachi Dostonbek Abdulhaevni joriy mavsumda ilk marta asosiy tarkibda ko‘rayotganimizga qaramay, u bugun maydondagi faol futbolchilardan biri bo‘ldi. Abdulhaev keyingi o‘yinlarda ham asosiy arkibda maydonga tushadimi?
- Jamoamiz tarkibida 25 nafar futbolchi bor va ularning barchasi teng kuchga ega. Bizda asosiy yoki zaxira futbolchisi degan gap yo‘q. O‘zinglar ham ko‘rdinglar, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirib, g‘alabamizga munosib hissa qo‘shishdi.
O‘tgan mavsumda zaxira o‘rindig‘i borasida biroz qiynalgandik. ammo joriy mavsumda zaxira o‘rindig‘imizdan ko‘plab mahoratli futbolchilar joy olishgan. Masalan, kechagi mashg‘ulot paytida Asilbek Orifjonov jarohat oldi. Jamoamizda uning o‘rnini bosa oladigan o‘yinchilar etarlicha topiladi. Jumladan, himoyachi Dostonbek Abdulhaev ham jarohatidan tiklanish jarayonini olib borganligi bois, ancha vaqtgacha maydonga tusha olmadi. Biz barcha futbolchilarga doimo imkoniyat beramiz.
- Bugungi g‘alaba goliga mualliflik qilgan Ibrohim G‘anixonovning jarohati bor edi. Uni zaxiradan maydonga tushirayotganingizda katta tavakkalga qo‘l urdingizmi yoki u jarohatidan forig‘ bo‘lgandimi?
- Mazkur o‘yinga tayyorgarlik doirasida ikki hafta davomida mashg‘ulotlar olib bordik. Ibrohim G‘anixonov birinchi haftada jarohati borligi bois, 5 kuncha unga dam berdik va Ibrohim yakka tartibda mashqlar olib bordi. Shuning uchun G‘anixonovni zaxiradan maydonga tushirishga qaror qildim. Ibrohimning qanday imkoniyatga ega ekanligini yaxshi bilganim uchun yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, hujum chizig‘ida o‘ynatishga qaror qildim. Chunki shunday qulay vaziyat yuzaga kelishini bilardim. G‘anixonov o‘sha vaziyatdan samarali tarzda foydalanib, gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Umuman olganda, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinga yaxshi kirishib ketib, ishonchni oqlashdi.
- Davralar oralig‘idagi yozgi transferlar “oynasi”da “Navbahor-farm” tarkibiga yangi futbolchilar jalb etiladimi?
- Albatta, imkoniyat bo‘lsa, tarkibimizga yangi o‘yinchilarni taklif etishga harakat qilamiz. Lekin biz ko‘proq o‘z e’tiborimizni mahalliy futbolchilarga qaratyapmiz. Tarkibimizdagi yoshi kattaroq o‘yinchilarga boshqa jamoalardan takliflar bor. Ularning o‘rinlarini bosa oladigan iqtidorli futbolchilar bo‘lsa, ularni tarbiyalaymiz, albatta.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar