Rasman! "Navbahor" "Paxtakor"ning yana bir futbolchisi bilan shartnoma imzoladi
Yangi mavsumda o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan “Navbahor” tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda. Bundan avvalroq Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lganidek, "Paxtakor" yarim himoyachisi Asad Sobirjonov Turkiya safari oldidan namanganliklar bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qirg‘izistonning “Oloy” (Osh) jamoasiga qarshi kechgan 3 fevral kungi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvining 2-bo‘limida zaxiradan maydonga tushgan mazkur futbolchi 2000 yilning 3 avgustida Sirdaryo viloyatining Yangier shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida “Paxtakor – U-21” yoshlar (Toshkent, 2018 yil), “Buxoro” (Buxoro, 2019 yil), “Paxtakor” (Toshkent, 2020 yil) va “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon, 2021 yil) jamoalarida o‘ynagan.
Asad Sobirjonov shu kungacha Superliga bahslarida 56 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan hamda 5 ta golga assistentlik qilgan. Shuningdek, 21 yoshli yarim himoyachi O‘zbekiston kubogi doirasidan o‘rin olgan 3 ta, Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL)dagi 2 ta o‘yinlarda maydonga tushgan. Bundan tashqari, yosh futbolchi O‘zbekiston – U-21, O‘zbekiston – U-23 terma jamoalarida ham to‘p tepgan.

Fikrlar