
"Real" afsonalari O‘zbekistonga keladi yoxud Superliga jamoasi "Qirollik klubi" bilan hamkorlik qiladi
Eshitgan bo‘lsangiz, endi Bekobodning “Metallurg” futboli klubi qoshida “Real” Madrid akademiyasi faoliyatini boshlaydi. Aynan dunyodagi top-klublardan biri – “Real” akademiyasi O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “Metallurg” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Shuni aytish kerakki, ushbu loyihani amalga oshishida “El Golazo” kompaniyasining xizmati katta bo‘ldi. Chunki ikkala tomonning kelishuvga erishishi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishida bosh-qosh bo‘lib kelmoqda.
“El Golazo” kompaniyasi “Real Madrid Foundation” bilan hamkorlikda Bekobod shahida “Metallurg” futbol klubi akademiyasi bazasida “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” nomli futbol akademiyasini tashkil etganligi e’lon qilindi.
Shu sababdan, “El Golazo” kompaniyasining asoschisi Zokirjon Xoliqovdan “Real” hamda “Metallurg” klublari akademiyalari o‘rtasidagi kelishuv qanday amalga oshganligi, bundan ko‘zlangan maqsad va yana boshqa mavzuga doir qiziqarli masalalar yuzasidan suhbatlashdik.
- Xabaringiz bo‘lsa, oldin ham aytgandim, bu g‘oyamiz 2019 yildan boshlangan, - deya gap boshladi “El Golazo” kompaniyasi rahbari Zokirjon Xoliqov. - “Real” bilan akademiya va yosh futbolchilarni tayyorlash loyihasi ustida ish boshlagandik. 2020 yil boshlarida shu masala bo‘yicha Madridga ikki marta borib kelgandik. Afsuski, keyinchalik covid sababli qoldirilgandi. Asosiy tashabbusni “Metallurg” tomonidan bo‘lishiga sabab, shu yilning yanvar oyida klubning bosh homiysi O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbariyatida o‘zgarish bo‘ldi. Ular asosiy e’tiborni akademiyaga qaratish ekanligini bilgan holda joriy yilning bahor faslidan muzokaralarni boshladik. Shu jumladan “Real” Madrid bilan ham muzokaralarni o‘tkazdik. “Real”ning qo‘ygan talabiga ko‘ra, ular nimaga “Metallurg” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolamadi? Sababi shuki, ertaga kimdir FIFAga “Real” voyaga etmagan bolalarni O‘zbekistonda tarbiyalayapti, professional klub bilan, degan ma’noda yozib yuborishi mumkin. Shu sababli, ushbu hamkorlikni “El Golazo” orqali amalga oshirishga kelishdik. Shartnoma bizning kompaniyamiz bilan tuzilgan. “Metallurg” bilan esa alohida shartnoma imzolaganmiz, akademiyaning menejment boshqaruvini olib borish uchun.
- Demak, “Real” bilan “Metallurg” o‘rtasida “El Golazo” ko‘prik vazifasini bajaryapti. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qanday? Masalan, “Real” hamda “Metallurg” tomonidan qanday shartlar qo‘yilgan?
- Xuddi shunday “El Golazo” kompaniyamiz o‘rtada ko‘prik vazifasini bajaryapti. Bu loyihadan asosiy maqsad 11 dan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni “Real” akademiyasining mashg‘ulotlar uslubi asosida professional futbolchilarni voyaga etkazish. Bundan tashqari, bazada xususiy maktab ham ochiladi. Unda ingliz hamda ispan tillari chuqur o‘rgatiladi. O‘zbekiston ta’lim standartlariga asoslangan fanlar ham o‘rgatiladi. Futbolchilar nafaqat professional sifatida, balki chetga legioner bo‘lib o‘ynash uchun tillarni yaxshi bilgan holda chiqib keta oladilar. Asosiy maqsadlardan yana biri tarbiyalanuvchilarni Evropa klublariga sotish. “Real”dan alohida mutaxassislar ham keladi. Bu vaziyatda biz “El Golazo” kompaniyasi loyiha menejeri sifatida faoliyat olib boramiz. Loyihamiz bo‘yicha har yili 50 nafar iste’dodli bolalarni Madridga yuborish ko‘zda tutilgan. 16-18 yoshli bolalarni ko‘proq yuborishga harakat qilamiz. Boisi, “Real”ga borganlarida ularni boshqa klublarga ham ko‘rsatish rejasi bor. Imkon qadar akademiyadan etishib chiqadigan futbolchilarni Evropa klublariga eksport qilish va shu orqali o‘zbek futbolini ko‘tarish hamda terma jamoalarga asosiy baza bo‘lib xizmat qilishini xohlaymiz. Ayniqsa, turli yosh toifalardagi terma jamoalarimizda ushbu akademiyadan chiqqan bolalar ham to‘p surishini istaymiz. Ispaniyada o‘qiganligim, “Real” Madrid kurslarida qatnashganligim, ispan futboli tizimini, mashg‘ulotlar darsini bilganligim sababli ispan futboli modelini o‘zbek futboliga olib kirish maqsadlarimdan biri edi. “Real” orqali ispan futboli modelini o‘zimizga tatbiq etishga harakat qilamiz. Futbolchilar huquqiy tomondan rasmiy o‘yinlarda faqat “Metallurg” klubining nomidan ishtirok etadi. O‘yinchilarning transfer huquqi “Real”ga ham, “El Golazo”ga ham tegishli bo‘lmaydi. Transfer huquqi faqat “Metallurg” futbol klubiga tegishli hisoblanadi. Biz akademiyada mashg‘ulotlar jarayonini to‘liq nazorat qilamiz.
- Akademiya qachondan o‘z ishini boshlaydi? O‘quv jarayoni boshlanganda necha nafar bola qabul qilinadi? Murabbiylar boshlanishiga o‘zimizdan jalb qilinadimi yoki “Real” o‘z mutaxassislarini ham yuboradimi?
- “Metallurg” bazasida katta qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar avgust oyi o‘rtalariga tugatilishi mo‘ljallangan. Kelasi haftada “Real” Madrid tomonidan ikki nafar mutaxassis keladi. Texnik direktor va uning yordamchisi. Ular “Real” sistemasida ishlagan insonlar. Birinchi navbatda, “Metallurg” klubida faoliyat olib borayotgan mahalliy murabbiylarni ko‘rikdan o‘tkazadilar. Parallel ravishda selektsiya ishlarini ham olib boradilar. Grand asosida qabul qilinadigan 84 nafar bolani - O‘zbekiston doirasida 11-16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarni o‘zlari tanlab oladilar. Akademiya sentyabr oyi boshida ishga tushadi. Bundan tashqari, “Real”ning o‘zida ham asosiy akademiyada faoliyat olib boradigan texnik direktor biriktirilgan. U har uch oyda kelib, mashg‘ulotlar jarayonini bir hafta davomida kuzatib, ko‘rsatmalarini beradi. “Real” tarafidan yuboriladigan ikkita mutaxassis esa doimiy ravishda Bekoboddagi akademiyada faoliyat olib boradilar. Shuningdek, oyda ikki marta Madridga mashg‘ulotlar jarayonidan videotasvirlarni yuboramiz. Bu xuddi hisobot tariqasida bo‘ladi. Bu erga keladigan texnik direktor bilan ular doimiy ravishda aloqada bo‘lib turadilar.
- Bunday kelishuv biz uchun muhim voqelik. Lekin bu taklif “Real” tomonidan qanday qabul qilindi? Ularning o‘zbek klublariga qiziqishi qay darajada bo‘ldi?
- To‘g‘risini aytganda, muzokaralar ancha cho‘zildi. Chunki “Real”ni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Madrid klubining bundan yutadigani shuki, ular imkon qadar dunyo bozorini egallashga harakat qilyapti, “Real” imijini yanada yuksaltirish uchun. Xabaringiz bo‘lsa, “Real” instagramdagi sahifasida 100 million obunachisiga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi klubga aylandi. Marketing va imidj tarafidan bu “Real” uchun juda muhim. Bundan tashqari, o‘zining qadriyatlarini, tajribasini O‘zbekistonda yoyish va klub brendini yurtimizda yanada oshirish ham ko‘zda tutilgan. Bu loyiha orqali “Real”ning imidjiga putur etkazmaslik uchun va o‘ylagan rejalar o‘z vaqtida aniq, samarali yo‘lga qo‘yilishi maqsadida ham “Real”dan mutaxassislar keladi. Ular klubning imidjiga putur etib qolishidan xavfsirashadi. Shu bois madridliklar ham bu erdagi akademiya ishini to‘liq nazorat qilib, uni yuksaltirishga bor kuchlarini beradilar. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchiman, “Real” Madrid bilan shartnoma uch yilga tuzilgan. Agar hammasi yaxshi ketsa, ular shartnomani cho‘zdirishga rozi bo‘ladi. Biz ham bu vaqt davomida “El Golazo” tarafidan ishning aniq va mukammal bajarilishiga harakat qilamiz.
- “Real” Madrid shu yo‘l orqali o‘zbek futboliga kirib kelmoqda. Klubning “Metallurg” bilan hamkorligi bo‘yicha masalan, Florentino Peres yoki bosh murabbiy Karlo Anchelotti xabardormi? Bundan tashqari, “Real”da to‘p surgan sobiq futbolchilarning “Metallurg” akademiyasida bolalarga master-klass o‘tkazish rejasi ham bormi?
- “Real”ning bolalar futbolidagi xalqaro loyihalari “Real Madrid Foundation” orqali olib boriladi. Uning direktori esa Florentino Peresga yaqin odamlardan. Karlo Anchelottining balki bundan xabari yo‘qdir. Lekin Florentino Peres klub prezidenti sifatida albatta bundan xabardor bo‘ladi. Ochilish marosimiga master-klass o‘tkazish uchun “Real” afsonalarining O‘zbekistonga kelishi nazarda tutilgan. Shuningdek, har yili 50 nafar iqtidorli bolalarni “Real” akademiyasiga yuborganimizda Roberto Karlos, Arbeloa, Raul, Iker Kasilyas albatta ularga master-klass o‘tab beradi.
- “Real”ning “Metallurg”dan tashqari yana boshqa o‘zbek klublari bilan ham hamkorlik qilish rejasi bormi?
- “Real”ning nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi yagona hamkori hisoblanamiz. Hozircha “Metallurg”dan tashqari boshqa klublarga qiziqish bildirilgani yo‘q. Lekin biz kelajakda nafaqat ispan futbol modelini “Metallurg” akademiyasi orqali joriy qilish, balki yana boshqa ispan klublari akademiyasi filiallarini O‘zbekistonda ochish niyatimiz bor. Chunki “El Golazo” “Real”dan tashqari, “Barselona”, “Atletiko” va yana boshqa klublar bilan ham hamkorlik qiladi.
Fikrlar