
“Real” jahon chempionatiga qaysi yulduzlarini olib boradi?
FIFA tomonidan yangi formatda o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar o‘z tarkiblarini tuzmoqda.
Xususan, bosh sovringa asosiy da’vogarlardan bo‘lgan “Real Madrid” klublar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun o‘zining rasmiy qaydnomasini e’lon qildi. Jamoaning bosh murabbiyi Xabi Alonso tarkibga qator yulduzlar bilan birga yosh iqtidor egalarini ham kiritdi.
Chempionatda darvozani asosan Tibo Kurtua va Andrey Lunin qo‘riqlaydi, ularga yosh Fran Gonsales hamda tajribali Serxio Mestre yordam beradi.
Himoya chizig‘ida madridliklar Daniel Karvaxal, Eder Militao, David Alaba, Trent Aleksander-Arnold, Fran Garsiya, Lukas Vaskes, Antonio Ryudiger, Ferlan Mendi singari tajribali va barqaror o‘yinchilarga ishonch bildirgan. Shuningdek, Din Xeysen, Xakobo Ramon, Raul Asensio, Xesus Fortea va Diego Aguado kabi yosh iqtidor egalari ham ushbu musobaqaga jalb etildi.
Yarim himoyada jamoa yulduzlarga to‘la: Jud Bellingem, Eduardo Kamavinga, Federiko Valverde, Luka Modrich, Orelen Tchuameni, Arda Gyuler, Dani Sebalos qatoriga iste’dodli yoshlardan Mario Martin va Chema Andres qo‘shilgan.
Hujum chizig‘ida esa dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri — Kilian Mbappe birinchi marta “Real Madrid” safida jahon chempionatida ishtirok etadi. Vinisius Junior, Rodrigo, Endrik, Braim Dias, Gonsalo Garsiya va Viktor Munos ham tarkibdan joy oldi.
Fikrlar