"Real" supero'yinchi bo'yicha muzokara boshlaydi
Madridning «Real» jamoasi Londonning «Chelsi» klubi yarim himoyachisi Enzo Fernandez transferi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda, deb xabar bermoqda AS manbasi.
Ispaniya nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Qirollik klubi» rahbariyati so‘nggi soatlarda 25 yoshli argentinalik futbolchini olishga alohida e’tibor qaratish haqida qaror qabul qilgan. Bu qaror «Bavariya» yarim himoyachisi Maykl Olise transferi deyarli amalga oshmaydi, «Vest Xem» futbolchisi Mateush Fernandes esa boshqa klubga o‘tishga moyil, degan xulosadan keyin qabul qilingan.
Xabarga ko‘ra, madridliklar avvalroq «Lill» tarkibida to‘p surayotgan Ayub Buaddi va Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachisi Feliks Nmecha nomzodlarini ham ko‘rib chiqqan. Biroq Fernandez foydasiga asosiy omil sifatida futbolchining o‘zi Madriddga ko‘chib o‘tish istagi tilga olingan.
Enzo Fernandez 2023 yildan buyon «Chelsi» sharafini himoya qilmoqda. O‘tgan mavsumda argentinalik yarim himoyachi barcha musobaqalarda jami 54 o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol urdi va yetti marta golli pas berdi.
Eslatib o‘tamiz, Fernandez 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatida Argentina terma jamoasi bilan birga dunyo chempioniga aylangan va turnirning eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb topilgan edi.

Fikrlar