"Real"da xavotir: Kubokdagi mag'lubiyatdan keyin "kutilmagan qarorlar" tayyorlanmoqda
"Real" rahbariyati Ispaniya kubogidan chiqib ketganidan qattiq norozi ekanini bildirdi.
Kecha madridliklar turnirning 1/8 finalida "Albasete"ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu Alvaro Arbeloa bosh murabbiy sifatida "qaymoqranglilar"ni boshqargan ilk o‘yin edi.
Jurnalist Melchor Ruisning so‘zlariga ko‘ra, "Real"da bu mag‘lubiyat tarixiy deb baholanmoqda. Klub bungacha ham aynan shu musobaqada "Alkorcon" (0:4) va "Alkoyano" (1:2)ga qarshi shov-shuvli mag‘lubiyatlarni boshdan kechirgan.
Klub rahbariyati bunday o‘yinni "Real" darajasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblamoqda. "Madrid"da hozirgi holat uchun asosiy javobgarlik futbolchilar zimmasida, degan fikr ustuvor. Shuningdek, keyingi mavsum oldidan "muhim qarorlar" qabul qilinishi ta’kidlanmoqda va ularning ayrimlari "ko‘pchilik uchun kutilmagan" bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, klubda to‘liq ishonch bildirilayotgan Arbeloadan vaziyatni o‘zgartirish va qolgan ikki musobaqa — La Liga hamda Chempionlar ligasida sovrin uchun kurash olib borish kutilmoqda. Biroq qishki transfer oynasida hech qanday yangi futbolchi olib kelinmasligi ma’lum qilindi.
Fikrlar