
"Roma"ning Konferentsiyalar ligasi finalidagi raqibi - "Feyenoord" haqida gaplashamiz
“Roma” o‘z maydonida “Lester”ni engdi va 31 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor evrokuboklar finaliga chiqdi. Joze Mourino boshqaruvidagi jamoa 25 may kuni bo‘ladigan hal qiluvchi bahsda Niderlandiyaning “Feyenoord” klubiga qarshi maydonga tushadi. Xo‘sh, “bo‘rilar”ning finaldagi raqibi qanday jamoa? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.
“Feyenoord” 1908 yil 19 iyulda tashkil etilgan. Jamoa Rotterdam shahri sharafini himoya qiladi. Klub turli yillarda “Vilxelmin”, “Xilleslyoys” RVV “Seleritas” deb nomlangan. Chet elliklarga talafuzda oson aytilishi uchun 1973 yilda jamoaga “Feyenoord” nomi berilgan.
“Feyenoord” “Ayaks” va PSV kabi Niderlandiyaning grand klublari qatoriga kiradi. UEFA klublar reytingida 57-o‘rinda.
“Feyenoord”ning erishgan yutuqlari:
Niderlandiya chempioni (15)
1923/24, 1927/28, 1935/36, 1937/38, 1939/40, 1960/61, 1961/62, 1964/65, 1968/69, 1970/71, 1973/74, 1983/84, 1992/93, 1998/99, 2016/17.
Niderlandiya kubogi sohibi (13)
1930, 1935, 1965, 1969, 1980, 1984, 1991, 1992, 1994, 1995, 2008, 2016, 2018.
Niderlandiya Superkubogi sohibi (4)
1991, 1999, 2017, 2018.
Evropa chempionlar kubogi g‘olibi (1)
1970.
UEFA Kubogi g‘olibi (2)
1974, 2002.
Qit’alararo kubok sohibi (1)
1970.
Intertoto kubogi sohibi (1)
1961/62.
Arne Slot boshchiligidagi jamoa Konferentsiyalar ligasi finaliga mag‘lubiyatsiz yo‘l oldi: 9 g‘alaba va 4 durang. Rotterdamliklar musobaqaning “E” guruhida bahs olib borishdi va yakunda 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Ular nimchorak finalda “Partizan”, chorak finalda “Slaviya Praga” va yarim finalda “Marsel”ni mag‘lub etdi.
Garchi “Feyenoord” Erediviziyada chempionlik poygasidan chiqib ketgan bo‘lsada, hujum bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Ushbu jamoa Konferentsiyalar ligasida kiritilgan gollar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turibdi – 28 ta. Bu borada keyingi ko‘rsatgich finaldagi bo‘lajak raqib - “Roma”ga tegishli (27 ta).
"Roma" futbolchilari finalda “Feyenoord”ning kolumbiyalik hujumichisi Luis Sinisterra va belgiyalik hujumchisi Siril Dessersga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.
22 yoshli Sinisterra ajoyib texnika va ajoyib tezlikka ega hujumchi hisoblanadi. U evrokuboklarda 11 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Qolaversa, u 23 ta gol bilan jamoaning joriy mavsumdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
Asli “Genk” futbolchisi hisoblangan va mavsumni “Feyenoord”da ijarada o‘tkazayotgan 27 yoshli Dessers Konferentsiyalar ligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. U o‘z hisobiga 10 ta gol yozdirib qo‘yishga erishdi. “Roma”ning asosiy hujumchisi Temmi Abraxam esa ushbu musobaqada 9 ta gol urgan.
Niderlandiya chempionati o‘ta raqobatbardosh turnir bo‘lmasa-da, “Feyenoord” bu mavsum hozircha 31 ta o‘yinda 72 ta gol urdi. Jamoa Erediviziyada gollar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda bormoqda.
“Feyenoord”ning himoya chizig‘i ham o‘ta barqaror hisoblanadi. Rotterdamliklar o‘z darvozalaridan bor yo‘g‘i 19 ta gol o‘tkazib yuborgan. Bu borada ular 2-o‘rinda.
“Feyenoord” haqida eng qiziqarli fakt: muxlislar sharafiga jamoaning 12-raqami hech kimga berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, UEFA Konferentsiyalar ligasi final uchrashuvi Albaniya poytaxti Tirana shahrida joylashgan “Arena Kombetare” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin 25 may kuni Toshket vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Fikrlar