Ronaldu: "Pul yordam beradi, lekin ma’lum bir darajadan keyin uning ahamiyati kamayadi, deb o‘ylayman"
"An-Nasr" va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu jurnalist Pirs Morgan bilan suhbatda o‘zining birinchi bo‘lib milliard dollarlik futbolchiga aylangani haqida fikr bildirdi.
Suhbatdagi parcha quyidagicha bo‘ldi:
— O‘tgan hafta sen milliarder bo‘lding, — deydi jurnalist.
— Bu haqiqat emas, — deb javob beradi Ronaldu.
— Haqiqat emas?
— Men bir necha yil avval milliarder bo‘lganman.
— Men shunday deb o‘ylagandim ham. Demak, rostdan ham shunday bo‘lgansan?
— 39 yoshimda.
— Buni senga kim aytdi?
— Men o‘z moliyaviy holatimni bilaman. Albatta, 100 foiz emas, lekin baribir o‘z ishlarimni kuzatib borishim kerak. Atrofimda menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan odamlar bor. Menda moliya maslahatchisi bor, deyarli har kuni u bilan suhbatlashaman: investitsiyalar, imkoniyatlar haqida. Hammasini nazorat qilaman, axir bu — mening hayotim va mening pullarim.
— Birinchi marta milliardga etganingni his qilgan payting qanday bo‘lgan?
— Men bu sodir bo‘lishini oldindan bilardim. Bu faqat vaqt masalasi edi. Albatta, juda baxtiyor bo‘ldim. Bu hissiyot Oltin to‘p yutgandek bo‘ldi. Har bir insonda maqsad bo‘ladi — uy qurish, mashina sotib olish. Mening maqsadim esa shu raqamga etish edi.
— Rostdan ham maqsading shunday bo‘lganmi?
— Ha, rost. Men pulga jon-jahdim bilan yopishib olgan odam emasman. Pul yordam beradi, lekin ma’lum bir darajadan keyin uning ahamiyati kamayadi, deb o‘ylayman. Lekin biz odammiz — bor narsa bilan hech qachon to‘liq qoniqmaymiz", — dedi Ronaldu.



Fikrlar