
Rossiya MTJ murabbiyi O‘zbekistonga qarshi ehtimoliy o‘yin haqida: "Rejalashtirilyapti" yoxud Valeriy Karpin SPORTS.UZ saytiga nima degandi?
So‘nggi kunlarda milliy terma jamoamiz bilan bog‘liq xabarlar ko‘pchilikni qulog‘iga chalinyapti. Ayniqsa, Rossiya terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazilishi mumkinligi haqidagisi alohida mavzuga aylanyapti.
Srechko Katanets boshqarayotgan terma jamoamiz 16 noyabr kuni Toshkentda Magomed Adiev bosh murabbiyligidagi Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishidan xabaringiz bo‘lsa kerak.
Ungacha vakillarimiz sentyabr oyining 23 va 27-sanalarida Janubiy Koreyada Kamerun va Kosta-Rika terma jamoalari bilan bahs olib borgani yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda terma jamoamiz bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etgandi. Endi noyabr oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlariga navbat etib kelmoqda.
Demak, yuqoridagi mavzuga to‘xtalmoqchimiz. O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv rostdan o‘tkaziladimi? Agar bu o‘yin tasdiqlansa, ilk bor ikki terma jamoalar ishtirokidagi uchrashuvga guvoh bo‘lamiz va bu o‘ziga yarasha tarixiy ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Ammo hozircha bu xabar rasman tasdig‘ini topgani yo‘q. Hozircha rossiyaliklar 17 noyabr kuni Dushanbeda Tojikiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushishini rasman tasdiqladilar.
24 sentyabr kuni Valeriy Karpin boshqarayotgan Rossiya Bishkekda Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib 1:2 hisobida g‘alaba qozonganini bilamiz. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, Rossiya Markaziy Osiyodagi terma jamoalar bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazishga e’tibor qaratganini aytish mumkin.
Yodingizdami, iyun oyida Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin Sports.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu bergandi. ("Shomurodov yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, darhol uning raqamini teraman, O‘zbekiston bilan o‘yin? Bu taklifga ko‘ngan bo‘lardim". Valeriy Karpin SPORTS.UZ saytiga bergan intervyusida yana nimalarni aytdi?) O‘sha suhbatda undan milliy terma jamoamizga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilish ehtimoli qanchalik ekanligi haqida so‘ragandik. Valeriy Georgievichning javobi shunday bo‘lgandi:
“Bu masalada hammasini bir o‘zim hal qilmayman. Boz ustiga bu mening vakolatim doirasiga kirmaydi. Buni federatsiyadagilar hal etishadi. Agar buning iloji bo‘lib, federatsiyadagilar shuni tanlashsa, men jon deb bu taklifga ko‘ngan bo‘lardim. Kechirasizu, bu savolingizni menga emas, federatsiyada ishlaydiganlarga berganingiz ma’qulroq”.
Karpin terma jamoamizni biladi va kuzatib ham borgan, buni quyidagi so‘zlari orqali bilib olishingiz ham mumkin.
“Ilgari kuzatardim, biroq oxirgi paytlarda bunga qo‘l tegmayapti. Shomurodov “Rostov”da o‘ynab yurgan kezlarida terma jamoangiz o‘yinini doim kuzatardim”.
Oradan shuncha vaqt o‘tib, endi chindan ham O‘zbekiston va Rossiya termalari o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi haqiqatga yaqinroq bo‘lib turibdi. Karpin ham biz bilan o‘yin o‘tkazishga qarshi bo‘lmaganini uning yuqoridagi fikrlari orqali payqagan bo‘lsangiz kerak-a? Bu o‘yin ikki tomon uchun ham faqat foydali bo‘ladi.
Biz ushbu vaziyatga yanada oydinlik kiritib olishimiz zarur edi. Chunki quruq gap bilan cheklanib qolmaslikni istadik. Shu bois Rossiya terma jamoasining murabbiylar shtabida Valeriy Karpinga yaqindan ko‘maklashib kelayotgan Vitaliy Kafanov bilan bog‘landik. Chunki rostdan ushbu uchrashuvning amalda tashkil etish ehtimoli qanchalik? Buni bilishimiz muhim edi. Shu sababli Vitaliy Vitalevichdan Rossiyaning Toshkentda O‘zbekistonga qarshi uchrashuvi o‘tkazilishi mumkinmi, deb so‘raganimizda, mutaxassis “rejalashtirilyapti”, degan javobni aytdi. Demak, bu quruq gap emas va hozirda muzokaralar davom ettirilyapti. To‘g‘ri, hali rasman tasdiqlangani yo‘q, balki tez orada hammasi ijobiy hal bo‘lar, kutamiz!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar