"Rosti, biroz xavotir bor edi" yoxud Abbos G‘ulomov nega "Neftchi" va "Navbahor"dan boshqasida o‘ynamaydi?

  • 1 yanvar, 01:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Namanganlik hujumkor yarim himoyachi Abbos G‘ulomov o‘z uyiga qaytdi. U yaqinda “Navbahor” bilan shartnoma imzoladi va yangi mavsumni rasman yana namanganliklar safida boshlaydi.

Bungacha u “Neftchi”da to‘p surib kelayotgandi. E’tiborlisi, G‘ulomov faoliyati mobaynida asosan “Neftchi” bilan “Navbahor”da faoliyat olib boryapti. Bu safar u Farg‘onadan Namanganga qaytdi.

- Abbos, "Neftchi" bilan xayrlashib yana "Navbahor"ga qaytdingiz. Bunday qarorga kelishingizga jiddiy sabab bormidi?

- Avvalo, intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. Barchani yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Savolga keladigan bo‘lsak, “Navbahor”ga qaytishimga jiddiy sabab yo‘q. Menga bu jamoadan taklif bo‘ldi. Yana boshqa klublardan ham chaqiruvlar bor edi. O‘ylab ko‘rib, “Navbahor”ga qaytishni ma’qul ko‘rdik.  

- Yakuniga etgan 2024 yil sizda nimasi bilan yodda qoldi va Farg‘onadagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?

- 2024 yilda jamoadoshlarimiz bilan birga har qanday qiyin vaziyatlar bo‘lishiga qaramasdan birlasha olganimiz esda qolarli bo‘ldi. Jamoamiz ahil va inoq edi. Qiyin o‘yinlarda har doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganimiz men uchun esda qolarli bo‘ldi. Farg‘onadagi faoliyatimga kelsak, og‘ir kunlarda ham qanday kurashish kerakligini o‘rgandim.

- Qiziq jihati shundaki, siz faoliyatingizni asosan "Neftchi" bilan "Navbahor"da o‘tkazib kelyapsiz. Farg‘ona-Namangan yo‘nalishida hayot kechiryapsiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- Buni biror narsa bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Boshqa jamoalardan ham taklif bo‘ldi va men qaysidir klubda faoliyatimni davom ettirishim mumkin edi. Oila-a’zolarim bilan maslahatlashgan holda “Navbahor”ga qaytishim to‘g‘ri qaror bo‘ladi, deb hisobladik. Rizqimiz yana ushbu klubga qo‘shilgan ekan, Namanganga qaytdik.

- "Navbahor" 2025 yilda qanday jamoaga aylanadi? Nima kutyapsiz?

- To‘g‘risini aytsam, “Navbahor”ga qo‘shilganimda jamoaning asosiy o‘yinchilarni ketishgandi. Rosti, biroz xavotir bor edi. Lekin ko‘rdimki, oxirgi transferlardan keyin ko‘nglim ancha xotirjam bo‘ldi. 2025 yilda Xudo xohlasa maksimal natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, faoliyatimda yuqori marralarni zabt etish uchun burilish nuqtasi bo‘ladi.

- "Neftchi"da o‘zimni ko‘rsata oldim, deb hisoblaysizmi?

- “Neftchi”ga 2022 yili qo‘shilgan bo‘lsam, ikki yil davomida barqarorlik etishmagandi. Shu narsadan ko‘nglim to‘lmagandi. 2024 yil esa shunga erishdim, deb o‘ylayman. Deyarli barcha o‘yinlarda ishtirok etib, o‘zimni ko‘rsata oldim, deb hisoblayman.

- "Neftchi"da bu yil 29 ta o‘yinda 3 ta gol urdingiz va 4 ta pas berdingiz. Statistikaga qiziqib turasizmi?

- Statistikalarga doim ham e’tibor beravermayman. Ammo har doim bo‘lmasa ham ba’zida statistikalarni o‘zim uchun ko‘rib, tahlil qilib turaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!