
"Rosti, tugatmoqchi edim" - "Keksa" hujumchi Bahodir Nasimov faoliyatini yana davom ettirishiga nima sabab?
Kelasi yili 38 yoshni qarshilaydigan “keksa” hujumchi Bahodir Nasimov hali butsalarini mixga ilishga shoshilmayapti. Ko‘pchilik uni mavsum yakunlangach, faoliyatini tugatishi taxmin qilingandi. Ammo voqealar rivoji bunday tus olgani yo‘q. Yaqinda Nasimov “Dinamo” klubi bilan 2025 yilning oxiriga qadar shartnomani uzaytirganligi e’lon qilindi.
Nasimov yakuniga etayotgan mavsumda “Dinamo” tarkibida Superliga va Kubok bahslarida hammasi bo‘lib 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi. 1 ta golli uzatma berdi. Bahodir “Dinamo” bilan shartnomasini uzaytirganidan keyin Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- “Dinamo” klubi bilan shartnomani yana uzaytirdingiz. Avvalo, shu xususida to‘xtalib o‘tsangiz, yangi taklif bildirilishini kutganmidingiz?
- Rostini aytganda, kutmagandim. Lekin bosh murabbiy mendan so‘raganida tugatmoqchi ekanligimni aytgandim. Lekin murabbiy seni hali kuching bor, o‘ynaysan, jamoaga yordaming tegadi, deb menga ishonch bildirdi. Shuning uchun yana bir yilga shartnoma imzoladim. Jamoa rahbariyatiga va murabbiylarga rahmat aytmoqchiman.
- Yana bemalol jamoangizga yordam berishga kuchingiz etadimi? Yangi mavsumga o‘zingizni qanday tayyorlaysiz?
- Kuchim etmaganida bosh murabbiyga endi kuchmi etmay qoldi, deb o‘zim aytardim. Meni hali kuchim bor. Har kuni dam bergan vaqtlarda ham o‘zim borib shug‘ullanib turibman. Xudo xohlasa, yangi yildan keyin mashg‘ulotlar boshlanadi. Ana shunda jamoamiz bilan qishki yig‘inni o‘tkazamiz.
- 2025 yilgi mavsum faoliyatingizda oxirgisi bo‘lib qoladimi yoki...
- Oxirgisi bo‘lib qolsa kerak.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu yoshda gol urish juda murakkabmi?
- Gol urish murakkab emas. 90 daqiqa o‘ynasangiz baribir vaziyatingiz bo‘ladi. Shu bois gol urish uchun o‘ynash kerak.
- “Dinamo”ni yangi mavsum uchun maqsadlari qanday?
- Hozircha aniq emas. Xudo xohlasa, yangi yildan keyin bilib olamiz.
- Ortda qolgan mavsumda o‘zingizni va “Dinamo”ni ishtirokidan qoniqdingizmi?
-“Dinamo” bundan ham yaxshi natijalarga erishishi mumkin edi. Ammo bu natija ham yomon emas. Pro ligadan chiqib 8-o‘rinni olish oson ish hisoblanmaydi. O‘zimga kelsak, yo‘q, qoniqmadim. Buni sababini, nima uchunligini hamma muxlislar biladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar