Ro‘ziqul Berdiev - nimadan xavotir olayotgani, yangi takliflar, futbolchilari yaxshi haq olishni istayotgani, Kanchelskisni qilgan hurmatsizligi va yana ko‘plab masalalarda intervyu berdi

  • 14 dekabr, 2020, 13:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Ro‘ziqul Berdiev bu yil “Nasaf” bilan chempionatda 2-o‘rinni qo‘lga kiritgach, yana bir bor uning murabbiylik qobiliyatiga hamma qoyil qoldi. U ko‘p gapirmaydi, natijani amalda ko‘rsatishni yoqtiradi.

Tecno

Bungacha uch marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi va bu yil ham Shota Arveladze bilan birga asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Kuni kecha sports.uz muxbiri “Nasaf” bosh murabbiyi bilan uchrashdi va muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi.

-  Yaqinda Markaziy Osiyoning eng taniqli klubini aniqlash borasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unga ko‘ra, “Nasaf” eng ko‘p ovoz to‘pladi. Bu ma’lumotga qanchalik qiziqdingiz?

-  Oldin Markaziy Osiyo bo‘yicha bunday so‘rovnoma o‘tkazilmasdi. Albatta, bu bizni xursand qiladi. Bilamizki, mintaqamizda futbolimiz eng yuqorisi hisoblanadi. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham chempionatimizni kuzatib boradi. Oxirgi yillarda “Nasaf”ning ko‘rsatayotgan o‘yinlari, natijalari yoki 2011 yili xalqaro musobaqani yutgani ham jamoamizning obro‘sini oshirdi. O‘zbekistonda deyarli hamma bilsa kerak, biz so‘nggi paytlarda o‘yinimiz, natijamiz va klub siyosati bo‘yicha muxlislarning mehrini qozonyapmiz. Menimcha, shu omillar tufayli so‘rovnomada jamoamiz g‘olib chiqdi. Bundan shuni bildikki, Markaziy Osiyoda bizni kuzatishadi va ko‘plab muxlislarimiz bor.

-  Bu yil esa klubingiz qiyinchiliklarga qaramay, kichik mo‘’jiza yaratdi va “Paxtakor”dan keyin 2-o‘rinni oldi. Vaholanki, “Nasaf”da moliyaviy tomondan ham muammolar va qarzdorliklar mavjud edi. Agar “Nasaf”ning o‘rniga boshqa klubni qo‘yadigan bo‘lsak, bunday natijani tasavvur qilish qiyin. Rostini ayting, mavsum boshida mana shunday natija bo‘lishini kutganmidingiz?

-  Yo‘q, o‘zimiz ham kutmagandik. Birinchidan, bir qancha etakchilarimizni yo‘qotgandik, yangi jamoa shakllanayotgandi va yosh jamoa edi, bizda. Ikkinchidan, to‘liq tarkib bilan shug‘ullanishga imkoniyatimiz bo‘lmadi. Chunki yanvar oyida ko‘plab futbolchilarimiz Osiyo chempionatida qatnashishgandi. Natijada yarim jamoa u yoqda, yarim jamoa esa bu yoqda bo‘lib qoldi. To‘liq tarkib bilan shug‘ullanish imkoniyatimiz past edi. O‘zingiz aytganingizdek, haqiqatan bu natijamizni kichkina mo‘’jiza desak ham bo‘ladi. Tarkibimizga qaraganda, boshqa klublar bizga nisbatan salohiyatliroq edi. AGMK, “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Metallurg”, “Surxon” va yana bir qancha klublarning tarkibida nomdor futbolchilar bor edi. Biz ularni ortda qoldirdik. Buning uchun yigitlarimizga alohida rahmat. Futbolchilarimizga nima motivatsiya berdi? Yoshlar o‘zlarini ko‘rsatishi kerak edi. Bu ular uchun ham katta yutuq bo‘ldi. Boshqa tomondan qarasak, mutaxassislar, muxlislar va jurnalistlar ham bizga katta baho berishmagandi. Hattoki, jamoamizga nisbatan beshlikka kirishga ham qiynalsa kerak, degan fikrlar bo‘lgandi. Lekin yigitlarda ishtiyoq balandligi, mashg‘ulotlarda to‘g‘ri ishlaganimiz evaziga shu natijaga erishdik. To‘g‘ri, bu yil bir tekis bo‘lmadi, pandemiya sababli. Balki qaysidir klublarning holati pasaygan bo‘lishi mumkin. Jamoamizning jismoniy holatini me’yorida ushlashga harakat qildik. Asosiy sabablardan biri futbolchilarning o‘zlarini ko‘rsatishga ishtiyoqlari baland edi. Albatta, murabbiylar tomonidan ishga to‘g‘ri yondashuv ham katta sabab bo‘ldi. Jamoadagi muhitni yaratilishi ham muhim. Ko‘pchilik “Nasaf”ga akademiyasidan iqtidorli yigitlar chiqib kelyapti deb gapiryapti. Yo‘q, bu fikrga qo‘shilish biroz noo‘rin. Chunki sizga akademiyadan futbolchi tayyor holda kelmaydi. U avval o‘rinbosarlar jamoasida to‘p suradi. U erdan asosiy jamoaga olganimizda ham past darajada bo‘ladi. Uni esa tayyorlash kerak. Shuning uchun akademiya yoki o‘rinbosarlar futboli bilan Superliganing farqi juda katta. Ha, futbol maktabimiz ishlab turibdi va iqtidorlar bor. Ammo ularni Superliga darajasida to‘p surishi uchun jismoniy holatini yaxshilash, ruhan o‘stirish, taktik va texnik jihatdan tayyorlash kerak va bu oson ish emas. O‘ylaymanki, bu borada murabbiylarning ham katta mehnati yotibdi. To‘g‘ri, faqat murabbiy yoki o‘yinchilarni ham emas, balki yaratilgan sharoitlarni ham ta’kidlab o‘tishim joiz. Ishlash va mashg‘ulotlarni yaxshi saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Klub rahbariyatining ham hissasi katta. Ha, oylik maoshlar tomonidan muammolar bo‘ldi. Asosiysi, mashg‘ulotlar uchun sharoitlar yaratib berdi, pandemiya yoki boshqa sharoitda bo‘lsa ham. Bu ham yutuqlarimizning omillaridan biri. Bu erda muxlislarni ham ta’kidlamoqchiman. Barchasini uyg‘unlashtirgan holda bugungi darajaga chiqdik.

ro‘ziqul berdiev6

-  Sir bo‘lmasa, shu paytga kelib jamoa a’zolaridan bo‘lgan qarzdorlik qancha?

-  Qarzdorlik ko‘paygandi. Ammo viloyat va klub rahbarlari tomonidan barcha masalalar echilyapti. Qarzdorlikning ham ko‘p qismi hal qilinyapti. O‘ylaymanki, buni shunday qoldirishmaydi. Rahbarlarimizning futbolga ishtiyoqi baland. Klub faoliyati uchun qayg‘urishadi. Qiyinchiliklar bo‘ldi, buni engib o‘tyapmiz.

-  “Nasaf”ning litsenziyalash bo‘yicha OFK talablarini bajara olmagani ajablantirdi. Klub esa kumush medal sohibiga aylangan. Murabbiy sifatida o‘z vazifangizni a’lo darajada bajardingiz va jamoa Osiyo Chempionlar ligasi ostonasida turibdi. Ayni shu kunlarga kelib litsenziyalash borasidagi ishlar qanday hal etilyapti?

-  O‘zimiz ham hujjat ishlarini qaytadan tayyorlab topshirish borasida yordam ko‘rsatishlarini so‘radik. Bu jarayon davom etyapti. Bizda barcha imkoniyatlar bor. Qaerdadir e’tiborsizlik bo‘lgandir. Agar litsenziyani qo‘lga kiritsak, jamoamiz uchun katta foyda bo‘lardi. Superligada eng yosh tarkib bizniki. Tasavvur qiling, mana shu yosh futbolchilar Osiyo Chempionlar ligasida qatnashsa katta tajriba maktabi bo‘lardi. Buni o‘yinchilar ham, rahbarlar ham xohlab turibdi. Hali imkon bor. Ammo bu qanchalik amalga oshishini vaqt ko‘rsatadi.

ruzikul berdiev

-  Adashmasam, murabbiy sifatida “Nasaf” bilan to‘rt marta bronza va uch bor kumushni qo‘lga kiritdingiz. Qo‘shimchasiga Kubokni ham, Superkubokni ham yutgansiz. Sizga faqat chempionlik etishmayotgani ko‘rinib turibdi. Shaxsiy yutuqlarga qanchalik qiziqasiz?

-  Faqat men uchun ham emas, jamoamiz uchun ham chempionlik bo‘lsa ajoyib bo‘lardi. Bunga qachonlardir tayyor vaqtimiz ham bo‘lgandi. 2011 yili chempionlik vazifasi qo‘yilgandi. Keyingi yillarda ham yaxshi tarkibga ega edik. O‘zim boshqarayotgan paytda eng yaqin kelganimiz 2017 yilgi tarkibni saqlab qolsak bo‘lardi. Muxlislar ham buni juda xohlagandi. O‘sha yili kumush medalni qo‘lga kiritgandik. Tarkibimiz ancha shakllanib qolgandi. O‘sha mahalda tarkibni saqlab qolib, yanada kuchaytirish haqida o‘ylagandik. Medallar taqdimotida buni rahbarlarga ham aytgandik. Biroq smetaning qisqartirilishi moliyaviy qiyinchiliklarga olib keldi. Natijada turgan gapki, klub boshqa yo‘lni tanladi, mahalliy va yosh o‘yinchilarga e’tibor oshirildi. O‘ylashimcha, bu yo‘lni tanlaganimiz ham yomon bo‘lmadi. Chunki bir qator o‘yinchilarimizni transfer qildik va bundan klub foyda ko‘rdi. Hozir deyarli bir jamoani shakllantirib bo‘ldik. Tarkibimizda 15-16 ta futbolchi o‘zimizning tarbiyalanuvchilarimiz. Bu katta yutuq. Aytmoqchimanki, o‘sha yillari bizda chempionlik uchun kurashish imkoniyati ko‘proq edi. Lekin Kubok yoki Superkubokni yutib klub tarixida yoqimli iz qoldirganmiz. Hozir ham mana shu shakllanib qolgan tarkibni saqlab qolishni xohlayapmiz. Agar bu jamoani yanada kuchaytirsak va xalqaro musobaqada qatnashsak yaxshi bo‘lardi. Birinchi vazifamiz jamoa o‘zagini saqlab qolish va kuchaytirish.

-  Yangi mavsumda etakchilaringizdan ayrilib qolishdan qo‘rqmayapsizmi?

-  Bu qo‘rquv emas, xavotir. Murabbiy sifatida bir jamoani shakllantirib qaysidir darajaga olib chiqqaningizda keyin uni yo‘qotib qo‘yish har qanday mutaxassisga og‘ir botadi. Lekin bu – futbol. O‘yinchilarni ham hayoti, oilasi bor. Ba’zilar boshqa klubga o‘tishni istasa, bunga qarshilik qilish ham noto‘g‘ri. Tarkimibizni saqlab qolishni juda istayman. Buni mutasaddilarimiz ham yaxshi tushunib turibdi.

ro‘ziqul berdiev5

-  Oldingizga biror-bir shogirdingiz kelib, menga taklif bor, ketishimga ruxsat bering, degan gapni aytdimi?

-  Taklif borligi haqida yonimga kelib aytishi shart emas, o‘zimiz ham bilamiz. Yaxshi o‘yinchilarga doim taklif bo‘lgan, bu turgan gap. Lekin men ertaga boshqa jamoaga o‘taman, degan gapni hech biri aytmadi. Bu degani ular klubdan ketaman, degan niyatda yurishgani yo‘q. Faqat mehnatimga yarasha haq olishni xohlayman, degan fikr bor. Ammo ko‘pchiligi chetdan yaxshiroq taklif bo‘lsa, o‘zimni sinab ko‘rardim, degan fikrni bildirishyapti.

-  Bungacha uch marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldingiz. Bu yil ham bu nomga siz va Arveladze ko‘p muhokama qilinyapti. O‘zingiz eng yaxshi murabbiylikka qiziqyapsizmi?

-  Bunday vaziyatda o‘zingizni manfaatingizni ustun qo‘ymaysiz yoki shaxsiy sovrinlar uchun harakat qilmaysiz. Futbol o‘zi jamoaviy o‘yin. Bilmadim, kimlar so‘rovnomada qatnasharkin? O‘zim murabbiy bo‘lganim uchun ko‘plab hamkasblarimizning ishini kuzatamiz, o‘rganamiz. To‘g‘risi, o‘sib kelayotgan va tajribali murabbiylarimiz ko‘p. Ha, eng yaxshisi bo‘lish har bir murabbiyni xursand qilishi mumkin. Hali hech nimani yutmadik. Jamoasining o‘yini va natijalarini ko‘rganda beixtiyor murabbiyning ishiga baho beriladi. Ba’zida xorijlik murabbiylar haqida ko‘p gapiramizu, bu bilan o‘zimizning mutaxassislarga e’tiborsizlik qilamiz. Holbuki, mahalliy ko‘plab yaxshi murabbiylarimiz bor. Ish jarayonida xorijlik va mahalliy murabbiyning jamoasiga qarshi o‘ynaysiz. Futbolda shunaqa tendentsiya bo‘lyaptiki, u joyda turmayapti. Sxemalar, tayyorgarlik jarayonlari o‘zgarib boryapti. Kuzatish asnosida o‘zimizda ham yaxshi murabbiylar ko‘pligiga amin bo‘laman. Kim g‘olib bo‘lishini bilmadimu, ammo men uchun muhimi jamoamning yutug‘i. Kumush medal faqat murabbiyniki emas. Bunda hammaning menhati bor.

ro‘ziqul berdiev3

-  Ish yuzasidan ko‘plab futbol insonlari bilan gaplashamiz va deyarli barchasi sizning ishingizga yuqori baho berishadi. Shu o‘rinda tabiiy savol: Ro‘ziqul Berdiev qaysi murabbiyning ishini ko‘proq kuzatadi?

-  Hammasini kuzatamiz. Menga Timur Kapadzening ishi qiziq tuyuldi. Nimagaki, u “Lokomotiv”ga qaytguniga qadar klub juda yomon ahvolda edi, har tarafdan. Kapadze va Miklyaevning kelishi jamoaning o‘yinini shakllantira oldi. Jismoniy holati, ishtiyoq, taktik, ruhiy tomondan o‘stira oldi. Futbolchilar esa deyarli o‘sha-o‘sha. U qiyin vaziyatdan jamoani olib chiqdi. Yana u yosh o‘yinchilardan ham foydalanishni boshladi va hozir “Lokomotiv”da iste’dodlar ko‘p. Bundan tashqari, Ulug‘bek Baqoev, Baxtiyor Ashumatov, Mirjalol Qosimov kabilarni ham ishini kuzatamiz. Ammo, menimcha yaqqol o‘zgarish qila olgani Kapadze bo‘ldi va u burilish qildi.

-  Boya xorijlik murabbiylar haqida to‘xtaldingiz. Andrey Kanchelskis yurtimizda ishlayotgan chog‘ida bir gapni aytdi: faqatgina Arveladze bilan men bu erdagi muammolarni ochiq ayta olamiz, mahalliy murabbiylar bunday qila olmaydi dedi. Bunga qanday munosabatda bo‘ldingiz?

-  O‘sha yig‘ilishda men ham qatnashgandim. Muammolar gapirildi, biz ham gapirdik. Kanchelskisning nima uchun bu gapni aytganini tushunmadim. O‘sha paytda uning bu gapiga aniq fikrim bor edi, hozir biroz yodimdan ko‘tarildi. Lekin xorij murabbiyini yurtimizga faqat gaplari yoki muammolarni ko‘tarib berish uchun olib kelmaymiz. Kanchelskisni katta futbolni ko‘rgan, Fergyusson bilan ishlagan, degan tasavvurga ega edik. O‘zbek futbolini o‘zgartirsa kerak, ko‘p yangiliklarni olib kiradi, degan niyatda chaqirishgandi. Axir Namangan xalqi uni faqat gaplari uchun chaqirmagandir. Har qanday yig‘ilishda mahalliy murabbiylar ham o‘z fikrini aytadi. U o‘sha gapi bilan mahalliy murabbiylarga hurmatsizlik qilgandi. Kanchelskis ishlaganida oldiga katta maqsadlar qo‘yildi, ammo jamoasi pastroqda qoldi. Boya aytdim, Kanchelskis haqida uzoqdan katta fubolchi, ko‘pni ko‘rgan tajribali, degan tushunchaga ega edik, bunga qadar. Shota Arveladze esa klubidagi ishlarni yuqori darajaga olib chiqdi. Natija ham ko‘rsatyapti. Kanchelskis ham Shota qatori kelgandi. Ikki yil ichida Kanchelskisni endi yaqindan bilamiz.

-  “Paxtakor”dagi mana shunday yuqori darajadagi sharoitlarga mahalliy murabbiy kelganida qanday natija ko‘rsata olardi, deb o‘ylaysiz?

-  Bizda shunday mentalitet borki, agar o‘zimizni murabbiy bo‘lsa, bunchalik e’tibor qilmasligi mumkin. Murabbiyni har xili bo‘ladi, balki kimdir talab qilishi mumkin. Ammo mahalliy mutaxassislarga kamroq sharoit, e’tibor yoki imkoniyat beriladi. Bu savolga javob berish qiyin.

-  Balki Arveladzeni bu “Paxtakor”dagi oxirgi mavsumi bo‘lishi mumkin. Agar klub sizga taklif bilan chiqsa, “Paxtakor”ni boshqarishga rozi bo‘lasizmi?

-  Bundan oldin ham menga yaxshi takliflar bo‘ldi. Oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoalar chaqirdi. Har doim aytganman: meni “Nasaf”dagi ishim qoniqtiradi. Murabbiy sifatida ishlashim uchun Qarshida o‘yinchilar ham, sharoit ham bor. Murabbiy uchun nima kerak? Mening qarashim bo‘yicha yaxshi sharoit bo‘lishi kerak. Bu erda esa hamma narsa bor. Shuning uchun klubni o‘zgatirishni xohlamadim.

-  Taklif xorijdan bo‘ldimi?

-  Yo‘q,  o‘zimizni jamoalardan qiziqarli takliflar bo‘lgan.

berdiev_4

-  “Navbahor”ga chaqirishgandi deb eshitgandim...

-  Ha, chaqirgani rost.

-  Bu yil-chi?

-  Hali mavsum tugamadi-ku (kuladi).

-  Oxirgi savol: o‘z vaqtida ukrainalik taniqli murabbiy Anatoliy Demyanenko bilan birga ishlagansiz. Undan ko‘p narsa o‘rgandingiz. O‘tgan vaqt davomida Demyanenko bilan aloqa saqlab qolinganmi?

-  Yo‘q. Yashirmayman, 4-5 yil bo‘lgandir. Ketganidan keyin ikki yilcha telefonlashdik. Demyanenkodan oldin Viktor Kumikovga yordam berganman. Lekin har bir murabbiyning o‘z dunyoqarashi bo‘lishi kerak. Futbol esa yildan-yilga o‘zgaryapti. Hatto o‘tgan yilgi futbol bu yil boshqacha bo‘lyapti. Tayyorgarlik jarayonlari, e’tibor o‘zgaryapti. Baribir murabbiyning futbolga qarashi bo‘lmasa, boshqasidan olgan konspekti yordam bermaydi. Nazariy narsani olasizda, ammo uni amalda tatdbiq qilmasangiz sizga yordam bermaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Дилшод Даврлнов
14/12/2020 15:37
Насафга молиявий тарафдан ёрдам бйрилса каламушлар йук килинса насаф УЗБ чймпиони ОФК чимпиони булади бу бор гап яшанг Рузикул ака бор ва сог булинг ОМАД сизга ва шогирдларингизга факат ГОЛ ГОЛ ГОЛ
Baxil Alihuja
14/12/2020 19:23
Рузикул ака, жуда эхтиёткор мураббий! Махаллий тренерлар хакида эхтиёткор жавоб берган. Аслида арвеладзени кучли томони куринмади. ОЧЛ да хар доимгидек шармандаси чикди. шотадан аввал Жасур Абдураимов даврида яхширок эди. Шароит ва эътибор каратилса, махаллий тренерлар хам яхши натижа беришади.
Baxil Alihuja
14/12/2020 19:19
Насаф да молиявий муаммолардан бошка бир нечта муаммолар хам бор! Академия ва уринбосарлардан асосий таркибга мослаштириш муаммоси. Бу муаммони Рузикул акани узи хам тан олибди. Яна бир муаммо янада юкори марраларни эгаллаш! Лицезия билан боглик муаммони хал килинса, янада юксалиш мумкин! Бунинг учун билимли ва хакикий фидоийларни ёллаш керак.