
Ro‘ziqul Berdiev: "G‘aniev xorijga ketmasa, o‘zimizning chempionatda bir xil saviyada qolib ketadi"
«Nasaf» va Ro‘ziqul Berdiev ko‘pincha futbolimiz jamoatchiligi tomonidan namuna sifatida ko‘rsatib kelinadi. Chunki ikkalasi bir-biriga mos va munosib. «Nasaf» klubi tizimida ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan va bunga xamohang ravishda bosh murabbiy ham yoshlarni tanlab olib, ularni tarbiyalashda katta tajribaga egaligini ko‘rsatib kelmoqda. Bu yil tarkib yosharib ketdi, o‘yinchilar asosan mahalliy tarbiyalanuvchilarni tashkil qilmoqda. Berdiev esa ulardan qanday foydalanish yo‘llarini topa olayotgani ham e’tiborga molik. Muhimi, «Nasaf»ning o‘yinida mazmun, sifat va chiroy bor. Shu bois qarshiliklar hali hamon sovrinli o‘rinlar uchun da’vogarlik qilishda davom etishmoqda.
«Liga Kubogi zaxira o‘yinchilariga imkon berish uchun ham kerak»
«Nasaf» klubi ham Superliganing birinchi davra bahslari yakunlanishi bilanoq Liga Kubogi bahslariga kirishib ketdi. Natijalar esa chakki emas. Lekin Ro‘ziqul Berdiev jamoasining ikkinchi davragacha tiklanib olishi uchun vaqt etarli deb o‘ylaydimi? Shu sababli mutaxassis Liga Kubogi musobaqasi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Futbolchilarning o‘yin amaliyoti uchun Liga Kubogi kerak. Lekin Superligada birinchi davra tugagan va futbolchilar dam olishlari ham shart. Mana shunday jihalarini ham hisobga olish lozim. Chunki futbolchilar birinchi davrada ko‘p kuch yo‘qotadilar. Endi oldimizda tayyorlanish uchun kam vaqt qolyapti. Bunday tig‘iz grafikda o‘yinchilarning jismoniy tayyorgarligini tiklash juda qiyin kechadi. Albatta, futbolchilar uchun o‘yinlarning ko‘proq o‘tkazilgani ma’qul va aslida ham Liga Kubogi shu maqsadda amalga oshirildi. Ammo Liga Kubogini tuzib chiqishda Superliganing taqvimiga ham e’tibor qaratish kerak. Balki keyinroq yoki oldinroq o‘tkazish lozim. Menimcha, shu tomonlama biroz xatolik bo‘lgan. Boya aytganimdek, o‘yinlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Masalan, jamoalarda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan futbolchilarga imkoniyat taqdim etilyapti. Biroq aynan hozir Liga Kubogida ishtirok etish har bir jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun ko‘rayotgan bo‘lsangiz, aksariyat klublar o‘rinbosarlar tarkibi bilan o‘ynashyapti. Chunki jamoalar o‘z rejalari buzilmasligi uchun ham shunday yo‘l tutishyapti. Liga Kubogidan keyin Superliganing ikkinchi davrasigacha hech qancha vaqt qolmaydi. Bunday paytda futbolchilarni tiklash og‘ir bo‘lib qoladi. Masalan, men ham Liga Kubogida o‘yin amaliyotiga kam ega bo‘layotgan ikkinchi tarkibni maydonga tushiryapman. Bu bilan asosiy o‘yinchilarimizga dam berdim. Lekin Liga Kubogi zaxira o‘yinchilariga imkon berish uchun ham kerak.
“Meni ishdan bo‘shatishmaguncha o‘zim ketmayman”
Xabaringiz bo‘lsa, Ro‘ziqul Berdiev Toshkentda murabbiylarning navbatdagi “Pro” o‘quv-kurslarida tahsil olyapti. Uning bilimi va salohiyatidan kelib chiqqan holda imkoniyatlari yanada katta ekanligi haqida ko‘p eshitamiz. Lekin murabbiy doim “Nasaf” bilan birga bo‘lib kelmoqda. Ammo u bilan hamkorlik qilishni istaydiganlar juda ko‘p. Balki Ro‘ziqul Sa’dullaevich ham qachondir o‘zini boshqa joyda sinab ko‘rish haqida o‘ylayotgandir-a?!
- Avvalambor “Nasaf” jamoasida ishlayotganimdan xursandman. Bu meni to‘liq qoniqtiryapti. O‘zimni boshqa jamoada sinab ko‘rishim uchun esa men “Nasaf”ga kerak bo‘lmay qolishim kerak. Ana shundagina boshqa takliflar haqida o‘ylab ko‘rsam bo‘ladi. Meni ishdan bo‘shatishmaguncha o‘zim ketmayman. Yuqorida aytganimdek, bu erda meni barcha narsa qoniqtiradi. Bu erda ishlash uchun hamma sharoit bor. Klub ham imkon darajasida imkoniyatlarni yaratib beryapti, - deya javob qaytardi, Berdiev.
“Murabbiylarda ham, rahbarlarda ham xissiyotlar bo‘ladi”
Biz uning boshqa joyda ishlash borasidagi istaklarini bilishga bejizga qiziqmadik. Boisi, Superliganing 13-turida Qarshida “Surxon” bilan o‘tkazilgan bahsda bosh murabbiy hamda rahbariyat o‘rtasida qandaydir norozilik holatlari yuz bergani haqida eshitdik. Natijada birinchi bo‘lim o‘rtalarida Berdiev stadionni tark etgani xususida gap tarqaldi. Qolaversa, o‘shanda u o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham ishtirok etmadi. Biz esa aslida nima bo‘lganini bilish uchun murabbiyning o‘ziga murojaat qildik.
- Bu shunchaki oddiy gap-so‘zlar xolos. Muxlislar ham o‘sha vaziyatni kuzatishgandi. Bu xissiyotdan boshqa narsa emas. Albatta, rahbarlarda ham, murabbiylarda ham bunday xissiyotlar bo‘lib turadi. O‘yin chiqmayotgan paytda asabiylashasiz. Bu tabiiy hol. Bunday vaziyatdan fojia yasash shart emas. Hech qanaqa muammo bo‘lgani yo‘q. Faqat men zaxira o‘rindig‘ida ko‘proq o‘tirdim va ko‘rsatma berish uchun chiqmadim. Shundan kelib chiqqan holda meni norozi bo‘ldi degan gaplar tarqaldi. Lekin o‘zim doimiy ravishda jamoani boshqarib turdim. Tanaffus paytida ham yigitlarga yangi ko‘rsatmalar berdim. Hech qanaqa tushunmovchilik bo‘lgani yo‘q, hammasi joyida.
“Endi qisqa vaqtdan unumli foydalanish kerak”
Liga Kubogida 3-tur bahslari ham tugadi. Endi barcha jamoalar ikkinchi davraga tayyorgarlikka bor e’tiborlarini qaratishadi. Lekin Liga Kubogidan keyin futbolchilarda 26 iyul kuni start oladigan Superliganing ikkinchi davra bahslariga tiklanish uchun vaqt etarli bo‘larmikin, degan savol ham bor. Bu esa ko‘proq murabbiylarni o‘ylantirayotgan muammolardan biri sanaladi. Bunga esa Ro‘ziqul Berdiev quyidagicha munosabat bildirdi.
- Endi imkon darajasida yigitlarimizga ko‘proq dam berishga harakat qilamiz. Boya tig‘iz vaqt haqida gapirdik. Bunday vaziyatda futbolchilarga iloji boricha to‘g‘ri yo‘nalish berish kerak. O‘zi shundoq ham toliqqan o‘yinchilarga yana “nagruzka” bersak, bu ularni yanada qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ularga ko‘proq dam berib, sport formasini yo‘qotmaydigan darajada tayyorgarlikka e’tibor qaratsak, ikkinchi davrani ham bir tekisda o‘tkazishimiz mumkin. Juda qisqa vaqtdan unumli foydalanishimiz kerak.
“Legioner olmoqchimiz, lekin tavakkal qilmoqchi emasmiz”
Ikkinchi davra uchun “Nasaf” tarkibida qanday o‘zgarish bo‘lishi mumkin? Bu masala ham ko‘pchilikni qiziqtirayotgani sir emas. Yoki Ro‘ziqul Berdiev ikkinchi davrada ham ixtiyoridagi yoshlarga tayanishda davom etarmikin? Lekin o‘zi bir necha bor yozgi tanaffusda tarkibni kuchaytirish haqida gapirgandi. Shu bois mazkur masala bo‘yicha ham bosh murabbiyga murojaat qildik. Masalan, tarkibga legionerlarni jalb qilish imkoniyati qandayligi bilan qiziqib ko‘rdik.
- Albatta, rahbariyat bilan tarkibdagi o‘zgarishlar haqida gaplashdik. Asosan klubni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi. Agar legionerlarni olsak ham bu borada adashib qolmasligimiz kerak. Buning uchun o‘sha legionerni har jihatdan aniq va chuqur o‘rganib keyin taklif qilishimiz mumkin. Menga bir nechta xorijlik o‘yinchilarni tavsiya qilishyapti. Ammo bilasiz, hozirgi paytda agentlarga to‘lib ketgan. Ular sizga har xil o‘yinchilarni taklif qilaverishadi. Lekin jamoamizga yordam beradigan va muammoli chizig‘imizni bartaraf etishga qurbi etsa, shundagina o‘ylab ko‘rishimiz mumkin. Garchi bizda legioner taklif qilish ehtimoli bor bo‘lsa-da, lekin bu masalada tavakkalchilik qilmoqchi emasmiz.
“Aziz G‘anievning xorijga ketishining tarafdoriman”
Aziz G‘aniev og‘ir jarohatidan keyin yana yashil maydonga qaytganligi quvonarli. Uni futbolimiz kelajagi sifatida tilga olishayotgani ham bejiz emas. Qolaversa, ushbu o‘yinchiga xorijdan ham takliflar bo‘layotganligi to‘g‘risida eshitib turibmiz. Balki “Nasaf” uni sotish orqali yaxshigina foyda ko‘rishi ham mumkin. Bu masala bo‘yicha bosh murabbiy o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. E’tiborlisi, u G‘anievni “Paxtakor”da emas, balki xorijga ketishini istashi haqida ma’lum qildi.
- Aziz G‘aniev chetga ketsa yaxshi bo‘lardi. Kuchliroq chempionatda to‘p surishini o‘zi ham, biz ham xohlaymiz. U hali yosh va yana bemalol o‘yin jihatidan o‘sa oladi. Agar shu erda qolaversa, u bizning chempionatda bir xil saviyada qolib ketishi mumkin. Mabodo, u qaysidir kuchliroq klublarimizdan biriga o‘tsa, hech bir qarshiliksiz o‘yinlarda o‘ynayveradi. Raqobatsiz o‘sishdan to‘xtab qolishi mumkin. “Paxtakor” yoki “Lokomotiv” chempionatimiz etakchilari. Masalan, “Paxtakor”da o‘ynasa boshqa jamoalarga qarshi engilroq harakat qila boshlaydi. Chunki “Paxtakor” o‘zi shundoq ham kuchli jamoa. Biz uni chetda to‘p surishining tarafdorimiz. Hozirda legioner maqomida to‘p surib o‘zini ko‘rsatayotgan o‘yinchilarimizni ko‘ryapmiz. Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Ikrom Aliboev kabilarni misol aytishim mumkin. Ular kuchli chempionatlarda o‘ynab chindan ham futbolchi sifatida o‘sib borishyapti. Shu bois men ham agar imkoniyat bo‘lsa G‘anievni xorijga ketishining tarafdoriman. Lekin albatta, buni klub hal qiladi. Chunki uning “Nasaf” bilan bir yarim yillik shartnomasi bor. Lekin ayni chog‘da unga takliflar bormi yoki yo‘qmi, buni bilmadim.
“Har bir murabbiy o‘zi uchun sharoit va imkoniyat berilishini istaydi”
Shu o‘rinda murabbiylar orasida iste’folar ko‘payib ketgani ham o‘ziga yarasha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu jarayonga esa har kim turlicha munosabat bildirmoqda. Tabiiyki, Ro‘ziqul Berdiev ham o‘zning fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Barcha murabbiylar o‘ziga imkoniyat berishlarini xohlaydi. Balki ba’zi jamoalardagi murabbiylarga kamroq imkoniyat berilgandir. Lekin ba’zida etarlicha imkoniyat berilmasdan ham iste’foga chiqarish holatlari uchrab turibdi. Yoki murabbiyni chuqur o‘rganmasdan turib ham jamoaga olib kelishyapti. To‘g‘risi, bu juda nozik masala va bunga javob berish ham qiyin. Buni faqat rahbarlar hal qilishadi. Har bir klubni tizimi yoki qarashi har xil bo‘ladi. Lekin murabbiy sifatida shuni aytamanki, har bir murabbiy o‘zi uchun yaxshi sharoit va etarlicha imkoniyat berilishini xohlaydi.
Fikrlar
Uyinlari xalol va ildizi baquvvat jamoamizni.
Biz shundan faxrlanamiz.
Menimcha R.Berdievdek sodiq muarabbiyni xar bir klub fanatlari orzu qilsa kerak .
Biz R.Berdiev bn faxralanamiz.
Nasafni yulduz uyinchilari Z.Xolmurodov ,Sh.Toshpulatov ...va xokozo.
Barcha barchayizga katta raxmat.
Biz siz bn va Nasafimiz bn faxralanamiz.