
Ro‘ziqul Berdiev: "To‘g‘risi, Nasrullaevni "Ordabasi"ga borishiga qarshilik ko‘rsatardim"
Qarshining “Nasaf” klubi ham Antaliyadagi tayyorgarlik bosqichini rejaga binoan davom ettiryapti. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi u erda bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi va kuzatib borayotgan bo‘lsangiz nazorat bahslaridagi ishtirokini boshlab yuborgan.
Kecha “Nasaf” Ukraina jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Qizig‘i, “Andijon” qo‘shni maydonda o‘z o‘yinini o‘tkazdi. Faqat o‘yinlarning boshlanish farqi yarim soatni tashkil qilardi. “Nasaf” o‘z uchrashuvini tugatgach, Ro‘ziqul Berdiev yordamchisi Shuhrat Toshpo‘latov bilan birga “Andijon” ishtirokidagi o‘yinni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shu fursatdan foydalanib, Ro‘ziqul Sa’dullaevichga ayrim savollarni yo‘llab oldik.
- Reja bo‘yicha barcha futbolchilarimizga o‘ynash uchun imkoniyat beryapmiz. Bugun ko‘proq oldingi uchrashuvda o‘ynamagan o‘yinchilar maydonga tushishdi. Uchrashuvning katta qismida ular harakat qilishdi. Bellashuv 1:1 bo‘lgan bo‘lsa ham o‘yin sifati biz kutgandek bo‘lmadi. Raqibimiz ham ancha jiddiy ekan. Birinchi divizion vakili bo‘lishiga qaramasdan etakchi jamoa ekan. O‘yini ancha yaxshi va shakllangan. Ko‘p futbolchilarimizning imkoniyatlarini chamalab olyapmiz. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz. Yana birin-ketin ikkita o‘yin o‘tkazamiz. Ya’ni, 2 va 4 fevralda o‘ynaymiz. Umumiy ma’noda 8 ta o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan. Shu bois o‘yinchilarimizga ko‘proq imkoniyat beramiz.
- Ko‘rdikki, “Nasaf”ning o‘yinini “Paxtakor” bosh murabbiyi Maksim Shatskix chetdan kuzatib bordi...
- (Kuladi) Hamma jamoalar shu erda-ku. Hozir mana, o‘zim ham imkoniyat bo‘lganida “Andijon” jamoasining o‘yinini ko‘ryapman. Buni hech bir boshqacha jihatlari yo‘q. Hammasi tushunarli. Klublar shu erda bo‘lgani uchun murabbiylar bir-birini o‘yinini borib ko‘rishlari tabiiy hol. Negaki, chempionatda baribir bir-birimizga raqib bo‘lamiz. O‘rganishga harakat qilishadi va yangi o‘yinchilarga qarashadi. Bu normal holat.
- Sherzod Nasrullaevga Qozog‘istonning “Ordabasi” klubi qiziqayotganini eshitib qoldim. Bunga qanday munosabat bildirasiz? Bu xabar rostmi?
- To‘g‘risi, murabbiy sifatida “Ordabasi”ga borishiga qarshilik ko‘rsatardim. Chunki Sherzod “Ordabasi” emas, balki undan kuchliroq jamoalarda to‘p surishga qodir. Yana bir tomoni borki, o‘zimizni ham oldimizda jiddiy o‘yinlarimiz bor. Shuning uchun uni “Ordabasi”ga o‘tishini xohlamasdim.
- Demak, bu noto‘g‘ri ma’luotmi?
- Bilmadim, balki rostdan takliflar bo‘lgandir, ammo Sherzod Nasrullaev o‘zimizga ham kerak. Agar kuchliroq chempionatga borsa yaxshi bo‘lardi. Hozirgi paytda Qozog‘iston chempionatini O‘zbekiston chempionatidan kuchli deb o‘ylamayman.
- Xusniddin Aliqulov ham klubda qoladimi?
- U ham shu erda. Oldin ham aytgandim, kuchliroq chempionatga ketadigan bo‘lsa, marhamat boraversin. Klubimiz bunga qarshi emas. Ozgina mablag‘ni deb o‘rtacha chempionatga jo‘natish menimcha futbolchimizga ham zarar keltirishi mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar