
Ruslanbek Jiyanov "Navbahor"da qolgani, yangi mavsumdagi rejalari haqida gapirdi
"Navbahor" klubi hujumchisi Ruslanbek Jiyanov yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonlari, qur’a va terma jamoa haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Navbahor" jamoasida yangi mavsumga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
Dastlab, Toshkentda uch haftalik yig‘in o‘tkazdik. Birinchi haftada to‘psiz, ko‘proq jismoniy tarafdan ishladik. Ikkinchi hafta esa maydonga qaytdik. Toshkentdagi yig‘inni ajoyib tarzda yakunlab hozir Dubayga keldik.
Men va Saidazamat Mirsaidov terma jamoa bilan bo‘lganimiz sababli kecha klub safiga kelib qo‘shildik.
O‘tgan mavsum "Navbahor"da o‘tkazgan mavsumingizdan qanchalik qoniqdingiz. Mavsumga o‘zingiz uchun necha ball qo‘yasiz?
Mavsum boshida chempionlikni maqsad qilgan edik. Afsuski, bunga erisha olmadik. Mavsum so‘nggiga kelib, kuchli uchlikka kirish muammoga aylandi. Oxirida esa uchinchi o‘rinni egalladik. O‘tgan mavsumdan qisman qoniqdim. Yangi mavsumda hali qilinmagan ishlar, aytilmagan gaplar bor. Bu mavsumda o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Bu mavsum "Navbahor" muxlislarini, rahbarlarini va hokimni xursand qilamiz.
Nima sabab "Navbahor"da qolish variantini tanladingiz. "Nijniy Novgorod" bilan shartnomangiz bor edi?
Ta’kidlaganimdek, hali "Navbahor"da qilinmagan ishlarim bor. Klub, murabbiylar va hamma menga ishonch bildirdi. Muxlislarni mehri, ishonchi ham bunga sabab bo‘ldi.
Timur Kapadze qo‘l ostida terma jamoaning Qatardagi yig‘ini qanday o‘tdi?
Terma jamoa bilan yaxshi yig‘in bo‘ldi. Kuniga ikki mahal mashg‘ulot olib bordik. Yuklamalar etarli darajada bo‘ldi. Tarkibda ko‘pchilik termaga endi borganlar edi. Timur akani butun O‘zbekiston xalqi qanaqa murabbiyligini biladi. Tarixda birinchi marta Olimpiadaga olib chiqdi. Zamonoviy futbol tarafdori va juda kuchli murabbiy.
Superliga yangi mavsumiga qur’a tashlandi. 1-turida "Navbahor" "Dinamo" bilan o‘ynaydi. Yangi mavsumning ilk o‘yinidan nimalar kutyapsiz?
"Qo‘r’a o‘tgan yilga o‘xshash bo‘ldi. O‘tgan mavsum ham birinchi turda "Dinamo" bilan o‘ynaganmiz. Yangi mavsum ham ular bilan o‘ynaymiz. Qiziqarlik o‘yin kutyapman. Yangi mavsumni g‘alaba bilan boshlashga harakat qilamiz", - dedi 23 yoshli futbolchi.
Fikrlar