"Saharda to‘ylarga borishimga to‘g‘ri keldi, qo‘shnilarimni qozon kabob bilan mehmon qilaman" - Xyuistraning futbol va futboldan tashqari hayoti

  • 30 sentabr, 2021, 06:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil “Paxtakor” yana chempionlik ostonasida turibdi. Bu safar klub niderlandiyalik Piter Xyuistra boshchiligida manzilga yaqinlashyapti.

Tecno

Uning murabbiylik faloliyatida qo‘lga kiritiladigan ushbu muvaffaqiyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bir necha yildan beri yurtimizda ishlayotgan Xyuistra endi futbolimiz haqida etarli tasavvurga ega.

U maydon va maydondan tashqaridagi hayoti haqida Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- 2017 yildan buyon “Paxtakor”da ishlayapsiz. O‘tgan vaqt davomida yurtimizda sizni nima hayron qoldirdi? Nimaga ko‘nikdingiz va nimaga ko‘nika olmadingiz?

- Men bu erga futbol uchun kelganman. Shu sababdan faqat futbolning o‘zida ishlayapman. Biz har yili jamoa bilan rivojlanib boryapmiz. Birinchi kelgan paytimizda “Paxtakor” 10-o‘rinda edi, o‘sha yilni 3-o‘rinda tugatdik. Keyingi yili 2-o‘ringa chiqdik va undan keyin faqat chempion bo‘lib kelyapmiz. Jamoa o‘sishda davom etyapti. Bu mavsumda dastlabki 5-6 oy qiyin bo‘ldi. Chunki klubning egasi yo‘q holatga tushib qolgandik. Lekin hozirga kelib ishlarimiz yana o‘nglandi, hammasi joyida. Yangi homiylar klubga yaxshi qarashyapti. Biz esa kelajakka yana umid ko‘zi bilan qarab, Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatga erishish uchun bosh qotirishimiz mumkin. Bu erda 4,5 yildan beri yashash mobaynida ko‘plab yangi do‘stlar orttirdim. O‘zbek hayoti va madaniyati bilan ancha tanishdim. Ular menda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘zbekistonda yashash menga juda ham yoqadi. Hayot tarzi ajoyib. Bundan rafiqam ham xursand.

xyuistra3

- O‘zbek to‘ylarida ham bo‘ldingizmi?

- Bir necha marta saharda oshga borishimga to‘g‘ri keldi. Osh berilishi o‘ziga xos an’ana, deb aytishim mumkin. Bundan tashqari, o‘zbek to‘ylarida ham 2-3 marta qatnashdim. Ertalab oshni tatib ko‘rish juda boshqacha.

- Saharda oshni tanovul qilish sizga og‘irlik qilmadimi?

- Albatta, oshni eyish osonmas. Ertalabki nonushtaning ishtiyoqmandi emasman. Lekin ertalabki marosim, an’ana, u erda barchaning bir-biri bilan do‘stlarcha munosabati, muhitning o‘zi o‘sha erga borib ko‘rishga arziydi. Bu juda yoqimli. Bundan tashqari, men yashaydigan mahallada ham har xil marosimlar bo‘ladi. Kimdir farzand ko‘rgan bo‘ladi, to‘ylar, tug‘ilgan kunlar...ko‘pincha mana shunday mehmondorchiliklarga ulanib ketadi. O‘zimni tug‘ilgan kunimda ham qozon kabob tayyorlab imkon qadar qo‘ni-qo‘shnilar bilan nishonlashga harakat qilaman.

xyuistra_1

- Oilangiz haqida gapirib bersangiz. Farzandlaringiz ham futbol bilan shug‘ullanadimi?

- Bir o‘g‘lim va ikki qizim bor. O‘g‘lim yoshligida futbol o‘ynab ko‘rgandi, hozir esa talaba, o‘qish bilan mashg‘ul. U tennis ham o‘ynagan. Farzandlarim 20 yoshdan oshgan. Toshkentda rafiqam bilan yashayman. Farzandlarim allaqachon voyaga etgan, ular Niderlandiyada. Lekin ular har doim O‘zbekistonga kelib 2-3 hafta dam olib ketishni yoqtirishadi.   

- “Paxtakor”ga Shota Arveladze bilan birga kelgansiz. Ayting-chi, u bilan ilk bor qachon va qaerda tanishgansiz?

- Arveladze bilan birinchi marta O‘zbekistonda ko‘rishganman. Bungacha biz “Ayaks” va “Glazgo Reynjers”da o‘ynaganimiz sababli u bilan bog‘liq umumiy tariximiz bor edi. Shota bilan O‘zbekistonda uchrashdim. Undan oldin u bilan biroz gaplashgandik.

xyuistra5

- Bu yildan “Paxtakor”da bosh murabbiy sifatida ishga kirishdingiz. Faoliyatingizga nazar tashlasak, ko‘proq ikkinchi murabbiy rolini bajarganingizga guvoh bo‘lish mumkin...

- Niderlandiya va Yaponiyada bosh murabbiy bo‘lib ishlaganman. Faoliyatimning umumiy davrini olsak, yordamchi murabbiy bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq bosh murabbiy bo‘lganman. Faqat “Ayaks” va “Vitess”da yordamchi bo‘lib ishlaganman va “Paxtakor”ga kelganimda ham.

- “Paxtakor” Arveladzening o‘yin uslubi bo‘yicha davom etaveradimi yoki Xyuistraning “qo‘li”ga o‘tganmi?

- “Paxtakor”ga kelganimdan keyin qo‘llanilayotgan falsafani aynan men xohlagan falsafa deb aytish mumkin. Shota ham aynan niderland futbolida murabbiyga aylangani sababli bunday falsafani qo‘llab-quvvatlagan. U Kumanga yordam bergan va yana boshqa Niderlandiya klublarida ishlagan. “Paxtakor”da ham shuni boshladik va hozirgacha davom ettiryapmiz. Faqat futbolchilar o‘zgargani tufayli ba’zida o‘yinimizda o‘zgarishlar bo‘lib qolishi mumkin. Shota kelganidan keyin bu erda tashkiliy ishlarga ham katta e’tibor qaratdi. U barcha bo‘g‘inlarni yaxshilash ustida ishladi. Buning uchun barchamiz unga rahmat aytishimiz kerak. Ilk kelganimizda mashg‘ulot maydonimiz yaxshi bo‘lmagani sababli Jarga ko‘chirdik. Ammo Jardagi maydonni o‘zini ham yaxshilashimizga to‘g‘ri kelgan. Qibraydagi bazamiz oldingi rahbariyat tomonidan yaxshi ko‘rinishga keltirildi. Maydonlar sifati yaxshilandi. Klubda xizmat qilayotgan har bir odam nima ish qilishi kerakligini va professional ishlashni yaxshi biladi.   

xyuistra2

- “Paxtakor”ning yana chempion bo‘lishiga hech kim shubha qilmayapti. Ta’qibchilardan katta farq bilan ilgarilab ketgan. Endi hech qanday bosimni his qilmayapsizmi?

- Faqat g‘alabaga emas, jamoani o‘ziga qarasak, mavsum boshidan beri har bir o‘yinni qanday o‘tkazayotganimiz eng muhimi. O‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha jamoani rivojlantirishda davom etamiz. Bundan tashqari, jamoamizda 17-19 yoshdagi iqtidorli futbolchilarimiz ko‘p. Ilgari bizda yoshlar ko‘p emasdi. Asosan o‘rta yoshdagi futbolchilarning xizmatidan foydalanardik. Hozir o‘yinchilarimizni individual holatini kuzatish, o‘sishiga yordam berish juda qiziq jarayon. Yoshlarni jamoaviy o‘yinga moslashtirish va individual tarafdan o‘stirish menga yoqadi. Dastlabki olti oy uchun jamoamga va murabbiylar shtabimga rahmat aytaman. Chunki biz deyarli pul olmagan paytimizda ham yigitlar oldingidek kuch bilan mehnat qilishda davom etishdi. Siz aytgandek, hozir Superligada raqiblarimizdan ko‘ra katta farqqa egamiz.

xyuistra11

- Chempionlikka shubha qilmayotgandirsiz?

- Yozda jamoamizni kuchaytirdik. Hamrobekov va Hamdamovni qaytardik. Natijada jamoamiz yanada yaxshi balansga ega bo‘ldi. Qachonki, chempionlikni rasman hal qilganingizda shunda engil nafas olish mumkin. Ungacha qilinadigan ishlar bo‘ladi. Oldingi o‘yinlarimizdan nimadir topishga harakat qilamiz. O‘ziga yarasha tahlillar orqali keyingi o‘yinni yanada yaxshiroq o‘tkazish harakatida bo‘lamiz.

- Chempionatimiz saviyasi haqida nima deysiz?

- Superligada oson o‘yinlar bo‘lmayapti, deb aytgan bo‘lardim. 1:0, 2:1, 3:2 hisoblarida yutgan va keskin o‘yinlarimiz bo‘ldi. O‘yin uslubimizni futbolchilar to‘liq tushunib etishgan. O‘yinchilarimizning mentalitetini ham aytgan bo‘lardim. Ular hamisha yutishni xohlashadi. Har bir g‘alabadan keyin keladigan ishonch ham bo‘ladi. O‘yin taqdirini hal qila oladigan Cheran, Matich kabi futbolchilarimiz bor. Ular ham yordam berdi. Raqiblar bizga qarshi bor kuchlarini ko‘rsatishyapti, shu bois jamoamizga oson bo‘lmayapti. Mavsum boshida bizga ruhiy tarafdan katta yordam bergan o‘yinlar bo‘ldi. Masalan, Qarshida “Nasaf”ga 2:0 hisobida yutqazayotib kambek qildik va 2:3 hisobida yutdik. Namanganda ham yaxshi o‘yin bo‘ldi va oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdik. Bu ruhiy tomondan mavsumni o‘zgartirib yuboradigan o‘yinlar.

xyuistra10

- Klub bilan kelishuvingiz qanday? Chempionlik qo‘lga kiritilgach, nimadir o‘zgaradimi?

- Meni ham, klub egalarini ham o‘z oldiga qo‘ygan ambitsiyalarimiz bor. Osiyo Chempionlar ligasida g‘olib chiqish asosiy maqsadimiz. 2020 yilda bunga yaqin kelgandik, katta qadam tashlagandik. Ammo “Persepolis”ga qarshi uchrashuvda Masharipovning qizil kartochkasi sababli yurishimizni to‘xtatishga majbur bo‘lganmiz. Bu yil Sharjadagi OChLda ham yaxshi o‘ynadik. Faqat oxirgi qadamni qo‘yish nasib qilmadi. Klub rahbariyati bilan hamfikrmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!