Saken Bibosinov: "Hasanboy Do‘smatov asosiy raqiblarimdan biri bo‘ladi "

  • 9 sentabr, 2022, 23:39
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Ma’lumki, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Samarqand sammitidan avval tashkilot faoliyati doirasida birinchi bor “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasiga asos solindi va  poytaxtimizda unga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi. 

Tecno

Unga qozog‘istonlik bokschi, jahon chempioni Saken Bibosinov ham tashrif buyurdi. 

Biz qisqacha ushbu charmqo‘lqop ustasi bilan suhbat qurdik. 

- Saken sizni Toshkentda ko‘rib turganimizdan xursandmiz!

- Albatta, tug‘ilib, voyaga etgan zaminga yana tashrif buyurganimdan boshim ko‘kka etdi. 

- Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tavallud topganingizni o‘zbekistonlik boks ixlosmandlari yaxshi biladi. Biroq, Qozog‘istonga ko‘chib ketishingizning asosiy sababi nima bo‘lgan edi. Aynan sportdagi kar’era uchunmidi?

- Yo‘q. Buni sport bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Shunchaki oilaviy  Qozog‘istonda yashashga qaror qilganmiz.

- O‘zbekistondagi faoliyatingiz mobaynida qanday musobaqalarda ishtirok etgansiz?

- O‘smirlar toifasida Respublika doirasidagi turnirlarda qatnashganman. 

- Bilasizmi, sizni Belgraddagi jahon chempionatida Hasanboy Do‘smatov bilan jangingiz juda qiziq bo‘lgandi. Bu to‘qnashuv haqidagi fikringiz qanday?

- Hasanboy Do‘smatov qanday bokschi ekanligini barcha yaxshi biladi. Olimpiada chempioni va "Vela Barker" kubogi sohibi bo‘lgan. Ilk jangimizdayoq duch kelishimizni kutmagandim. U professional boksdan yana havaskorga qaytgandi. Umuman olganda yaxshi jang bo‘lgan. U 48-49 kg vazn toifasida juda kuchli va -51 kgda biroz bo‘yi kichiklik qilmoqda degan fikrdaman. 

- Tokio Olimpiadasidan keyin Qozog‘iston terma jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘ldi. Aynan ushbu omil jahon chempionatidagi ijobiy ishtirokning sababi bo‘ldimi?

- Ha, albatta. Bir qator medallarni qo‘lga kiritdik. 

- Professional boksga o‘tish borasida ham yangiliklar bordir?

- Hozircha butun e’tiborimni Toshkentdagi jahon chempionati va Parij Olimpiadasiga qaratganman. Shundan keyin bu borada bosh qotiramiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, ushbu yuqorida sanab o‘tgan muhim turnirlarda katta xavfni qaysi bokschilardan kutyapsiz?

- Agar, Hasanboy Do‘smatov ishtirok etsa, u asosiy raqiblarimdan biri bo‘ladi. Hozirda havaskor yo‘nalishdagi Xalqaro turnirlarda ishtirok etmoqda va yaxshi jismoniy holatga ega bo‘layotgani aniq. Shuningdek, hindistonlik Amit Pangalni aytishim mumkin. Kuba, Rossiya va Tailand bokschilari ham katta xavf sanaladi.

- Saken ajoyib javoblar va vaqt ajratganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz!

- E’tibor uchun rahmat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!