Sardor Rashidov yana legionerga aylandi! Endi u yulduzlar bilan bir jamoada

  • 17 iyul, 2021, 15:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Oxirgi paytlarda OAV orqali “Paxtakor”ning mahoratli o‘yinchisi Sardor Rashidovning yana legionerga aylanishi yuzasidan xabarlar chiqayotgandi. Uning faoliyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan inson sifatida shuni aytish mumkinki, Rashidovga bo‘layotgan takliflar hamda uning yana legioner maqomida xorijda to‘p surishi aslida kutilayotgan jarayon edi. "Paxtakor" bilan shunday kelishuv bo‘lganki, agar Sardorga xorijdan qiziqarli taklif bo‘lsa, uni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishgan.

Tecno

Yaxshi bilasiz, Sardor oxirgi ikki mavsumni Qatarda “Qatar SK” jamoasida o‘tkazdi va klubni Yulduzlar ligasida qolishiga munosib hissa qo‘shdi va o‘zining majburiyatlarini bajardi. Keyinchalik shartnoma muddati tugagach, u erdan ketdi. Bu borada Rashidovning xizmatiga yana turli mamlakatlardan aniq takliflar tusha boshladi. Ammo bu safar futbolchi sport formasini yanada yaxshilash maqsadida “Paxtakor”da to‘p surishga rozi bo‘ldi. O‘z navbatida, tajribali o‘yinchini qo‘lga kiritishdan “Paxtakor” ham manfaatdor edi. Yodingizda bo‘lsa, Sardorni “sherlar” safidagi faoliyati yaxshi boshlangandi. U dastlabki uchta o‘yinda “Nasaf”, “Mash’al” va AGMK darvozalariga ketma-ket uchta gol urdi. Ammo navbatdagi turlardan birida Rashidov jarohat olib, safdan chiqishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, Sardor jarohatini tiklash bilan ovora bo‘ldi. Shunda ham uning xizmatiga jiddiy jamoalardan qiziqishlar bo‘ldi. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan klublar tomonidan ham “Paxtakor” o‘yinchisiga chorlovlar kelib tushdi. Lekin u paytda Sardor jarohatini davolatayotgandi. Takliflar orasida esa Quvaytning “Quvayt SK” taklifi hammasidan jiddiy bo‘lib chiqdi.

rashidov_8

Sardor Rashidov oldida bir qancha variantlar bor edi. Hammasi ham uni o‘z saflarida ko‘rish istagini bildirishdi. Quvaytliklar esa, futbolchiga kuni kecha tayyor shartnomani yubordilar. Natijada Rashidov hammasini yaxshilab o‘ylab chiqqanidan so‘ng, “Quvayt SK” bilan bir yillik shartnoma tuzishga qaror qildi. Bunga albatta jiddiy sabab bor. Boisi, “Quvayt SK” o‘z oldiga OFK Kubogini yutishni bosh maqsad qilib qo‘ygan. Shu maqsadda, klub rahbariyati tarkibni nomdor o‘yinchilar bilan boyitib bormoqda. Ayni paytda klub tarkibida to‘qqiz nafar legioner bor. Ularning orasida eng nomdori bu shubhasiz nigeriyalik siz-u, bizga yaxshi tanish bo‘lgan Jon Obi Mikeldir. Uning qanday o‘yinchi ekanligini va qaerlarda to‘p surganini ortiqcha ta’riflash shart emas. Kuvaytliklar ushbu legionerni yaqinda transfer qildi. Shuningdek, DR Kongo fuqarosi Dyomersi Mbokani ham Belgiya chempionatidan “Kuvayt SK”ga ko‘chib o‘tdi. Bulardan tashqari, Rashidovning yangi jamoasida tunislik Rami Bedui bilan Axmed Akaichi, avstraliyalik Rayan Makgovan, malilik Abdul Sissoko, gambiyalik Sidibe, marokashlik Barraxma va ivuarlik Jema Saeed kabi futbolchilar tarkibdan joy olishgan. Darvoqe, marokashlik El Mexdi Barraxma o‘z vaqtida Qatar chempionatida Sardor Rashidov bilan birga to‘p surganini eslatib o‘tish kerak.

“Kuvayt SK” klubini ayni paytda niderlandiyalik 72 yoshli mutaxassis Rud Krol boshqarib bormoqda. O‘zbekistonlik futbolchining jamoaga taklif qilinishida shubhasiz bosh murabbiyning ham xohish va istagi muhim ahamiyat kasb etdi. Klubning loyihasi shunday ko‘rinish olganki, tarkib asosan tajribali legionerlar hisobiga kuchaytirilgan va faqatgina bunday tarkibga ular uchun Sardor Rashidov etishmayotgandi. Boisi, quvaytliklar futbolchimizni anchadan beri kuzatib kelishayotgandi. Barcha e’tibor OFK Kubogi va ichki chempionatga muvaffaqiyat qozonishga qaratilgani sababli ular futbolchimizga har tomonlama qulay shartnomani yuborishdi. Taklifni esa shaxsan klub prezidentining o‘zi bildirdi.

rashidov1_1

Shu o‘rinda, “Quvayt SK”ning OFK Kubogi guruh bosqichidagi o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Iordaniyaning “Al-Faysali”, Suriyaning “Tishrin” hamda Falastinning “Al-Amari” klublariga qarshi bahs olib bordi. Guruhda 7 ochko bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan quvaytliklar musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldilar.

Sardor Rashidov uchun ham Kuvayt tomonidan bo‘lgan taklif yangi chaqiruv edi. Chunki hamyurtimiz bungacha ushbu chempionatda to‘p surmagandi. Ammo klubning maqsadi, ulkan rejalari hamyurtimizni qiziqtirib qo‘ydi. Aks holda tarkibga katta-katta legionerlar jalb qilinmasdi. Shuningdek, jamoadagi mahalliy futbolchilarning aksariyati Quvayt milliy terma jamoasida to‘p surishini eslatib o‘tmoqchimiz.

rashidov5

Shunday qilib, Rashidovning faoliyatida yangi sahifa ochilmoqda. Bilasiz, hamyurtimiz Qatarning “Al-Jayish” va “Qatar SK”, BAAning “Al-Jazira” hamda Portugaliyaning “Nasonal” kabi klublari sharafini himoya qilgan. O‘zbek jamoalaridan esa “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” hamda “Paxtakor” tarkibida o‘ynagan holda o‘zini ko‘rsata oldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Sardor Rashidov hujjat ishlarini hal qilib olgach, taxminan 25 iyul kuni yangi klubi safiga qo‘shilish uchun Quvaytga jo‘nab ketadi. “Quvayt SK” 5 avgustdan Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi rejaga kiritilgan. Biz Sardor Rashidovga yangi jamoasidagi faoliyatida omad tilagan holda uning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib boramiz.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсун Ғани
19/07/2021 03:14
САРДОР ОЛҒА СОҚҚАНИ ИШЛА, МАЗЗА ҚИЛИБ ЎЙНА ҚУВАЙТДА...
&
нодирбек.фк насаф
17/07/2021 15:47
Санга уша гап
Akbarali Yusupov
17/07/2021 16:02
Portugaliyaga borgan edi ushanda uzingni kursatish krk qdi
&
Kankret bola
17/07/2021 15:40
Omadini bersin lekin 1 yildan keyin yana boshqa kamanda qidirishiga mani shubxam yo'q uje xamma bu narsaga o'rganib qoldi