Sen ham darvozabonmisan?! Ter Shtegen "Ayaks" mag‘lubiyatidan so‘ng qattiq tanqidga uchradi
«Ayaks» darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen o‘z maydonida PSVdan 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan o‘yindan so‘ng qattiq tanqid ostida qoldi. «Barselona»ga tegishli, ammo niderlandiyalik klubga ijara asosida o‘tgan nemis posbonining maydondagi kayfiyati va munosabati mutaxassislar e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Sobiq futbolchi, hozirda tahlilchi sifatida faoliyat yuritayotgan Hans Kray Mark-Andre ter Shtegenni jamoa jiddiy bosim ostida qolgan paytda befarqlikda aybladi. Unga ko‘ra, «Ayaks» 1:2 hisobida ortda borayotganiga qaramay, o‘z yarim maydonida juda hotirjam harakat qilgan va o‘yinni o‘nglash uchun yetarlicha urinish ko‘rsatmagan.
Kray ayniqsa ter Shtegenning maydondagi o‘zini tutishiga to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, darvozabon jamoa mag‘lubiyatga uchrayotganini ham to‘liq his qilmagan.
«60-daqiqadan 70-daqiqagacha bo‘lgan oraliqda «Ayaks» umuman o‘z yarim maydonidan chiqa olmadi. Hisob 1:2, lekin jamoa huddi 3:0 hisobida oldinda borayotgandek sokin o‘ynayapti. Ter Shtegen esa bu holatni mutlaqo oddiy narsadek qabul qilayotgandek tuyuldi. U g‘oyoki «Ayaks» 1:2 hisobida yutqazayotganini ham bilmasdi. O‘n daqiqa davomida shunchaki maydon bo‘ylab yurib yurdi. Rostdan ham hayratda qoldim», – deya Hans Krayning so‘zlarini keltiradi Barca News Network.
PSVdan ko‘rilgan bu mag‘lubiyat «Ayaks» uchun joriy mavsumdagi ilk yo‘qotish bo‘ldi. Bundan oldin amsterdamliklar barcha musobaqalar doirasida ketma-ket yetti o‘yinda mag‘lubiyatsiz seriyani saqlab kelaotgan edi. Manbaga ko‘ra, «Barselona» 2027 yilda ijara muddati yakunlangach ham ter Shtegenni asosiy tarkibga qaytarishni rejalashtirayotgani yo‘q.

Fikrlar