Sergey Kovalev Andre Uord bilan uchinchi marta jang qilishga tayyor
Yarim og‘ir vazn toifasida Butunjahon boks tashkiloti (WBO) chempionlik kamari sohibi rossiyalik Sergey Kovalev faoliyatini yakunlagan sobiq chempion amerikalik Andre Uord bilan ringda uchrashishga tayyorligini bildirgan, deya xabar beradi BoxingScene nashri.
Kovalev avvalroq Uordga qarshi ikki marta jang qilgan va ikkalasida ham mag‘lubiyatga uchragan. 2016 yil noyabrda rossiyalik bokschi ochkolar bo‘yicha imkoniyatni boy bergan. Shundan so‘ng shartnoma belgilangan revansh jang imkoniyatidan foydalanib, 2017 yil iyunda sakkizinchi raundda nokautga uchragan.

– Agar u ringga qaytsa, u bilan uchinchi marta uchrashishga tayyorman, – deydi Kovalev. – Men Uord bilan jang qilishni juda xohlayman, ammo bu to‘qnashuvga rozi bo‘lishiga ishonchim komil emas. Men yalinmoqchi emas, biroq faoliyatini yangilaydigan bo‘lsa, albatta jangga chaqiraman.
Uord 2017 yil 21 sentyabrda faoliyatini yakunlagan. O‘shanda u WBO chempionlik kamari bilan birga, Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) va Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamarlariga egalik qilgan. U 32 jang o‘tkazib, barchasini g‘alaba bilan yakunlagan. Shulardan 16 tasi nokaut.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yil noyabr oyida Kovalev o‘zbek murabbiyi Abror Tursunpo‘latov qo‘l ostida ukrainalik Vyacheslav Shabranskiyni ikkinchi raundda texnik nokautga uchratdi va WBO chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Kovalev hisobida 31 g‘alaba (27 nokaut), bir durang va 2 mag‘lubiyat bor.

Fikrlar