Sergey Lushchan: "Juda qo‘pol xato sababli to‘p o‘tkazib yubordik"
O‘zbekiston kubogi, “E” guruhi, 1-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Neftchi” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida namanganliklar bosh murabbiyi Sergey Lushchan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
Mezbonlar ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini bellashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Menga o‘yin juda yoqdi, muxlislarga ham. Yana bir bor uddaladik. Juda ko‘pol xato sababli, o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik, oxirida o‘yinni qutqardik. Bir nechta imkoniyatlar bo‘ldi. Ulardan foydalanishimiz kerak edi. Hayot davom etadi.
- Abbosjon G‘ulomov ikki mavsum davomida “Neftchi”da asosiy tarkib futbolchisi bo‘lgan. “Navbahor”da esa u zaxirada qolmoqda. Buning sababi nimada?
- Jamoamiz yangi. Biz yig‘inlardan kelib chiqib, ish olib boryapmiz. Ikkita yig‘in o‘tkazdik. G‘ulomov sifatli o‘yinchi. U yonimga kelib, tayanch zonasida o‘ynay olishini aytdi. Men bundan mamnun bo‘ldim. Chunki markazimiz kuchayardi. Hozir bizda har bir pozitsiyada bir nafardan futbolchi bor. Qolgan o‘yinchilarning ham sifatlari yaxshi, ammo hozircha asosiy tarkibga tortishmaydi. G‘ulomov asosiy tarkib o‘yinchisi. Bizda taqvim o‘ta tig‘iz. May oyining oxiriga qadar haftalik tsiklda ishlaymiz. Shunday ekan, hammada imkoniyat bo‘ladi. Shunday ekan, G‘ulomov keyingi o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi ham mumkin.
- O‘tgan uchrashuvda darvozada Shukron Yo‘ldoshev turgandi, bu safar Umidjon Ergashev. Ulardan qaysinisi asosiy darvozabon hisoblanadi?
- Ularning ikkisi ham asosiy darvozabon. Bundan oldingi o‘yingacha bugungi bahsda Ergashev o‘ynashi bo‘yicha kelishib olgandik. Chunki Ergashevga Farg‘onadagi mag‘lubiyatdan so‘ng, psixologik jihatdan bosim bo‘lgandi. U futbol o‘ynagandi. Men o‘yinchilardan futbol o‘ynashni so‘rayman. To‘pni shunchaki tepib yuborishlarini hech qachon aytmayman. Darvozabonlar murabbiyi bilan bugungi uchrashuvda Umidjon Ergashev maydonga tushishini kelishib oldik. Xato qilmadik, deb o‘ylayman, u yaxshi harakat qildi. Bizda teng kuchli ikki nafar posbon bor. Ular sifatli darvozabonlar hisoblanishadi.
- Bugungi bahsda futbolchilar belgilangan topshiriqni qanchalik ado etishdi?
- O‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborishmaganida, 97 foizga bajarishdi, degan bo‘lardik. Golni hisobga olsak, 90 foizga bajarishdi. Umuman kerakmas joydan darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Bu yosh bolalarcha xato bo‘ldi. Oxirgi daqiqalarda o‘z darvozamizdan ko‘p to‘p o‘tkazyapmiz. Ikkita yig‘inni top darajada o‘tkazgandik. Bitta yig‘inimiz ma’lum sabablarga ko‘ra, bekor bo‘ldi, agar o‘sha yig‘in ham o‘tkazilganda, biz optimal holatda bo‘lardik. Hozir esa shu darajaga yaqinlashib kelmoqdamiz. Biz raqamlar bilan ishlaymiz. Kimning ko‘rsatkichlari yaxshiroq bo‘lsa, shuni maydonga tushiramiz. Kimdadir ikkita optimal tarkib bor. Bizda esa tarkib bitta. Kim yaxshiroq holatda bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga tushadi.



Fikrlar