Shahzod Shaymanov: Noxush an’anaga chek qo‘ymoqchimiz
Xabaringiz bor, Superliga 21-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo” klubini qabul qiladi.
“Lochinlar” yarim himoyachisi Shahzod Shaymanov bo‘lajak uchrashuv borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Bo‘lajak bahs jamoamiz uchun oson kechmaydi. Boisi, “Dinamo” turnir jadvalining quyi pog‘onasida va raqibimiz uchun har bir ochko ayni paytda “oltin”ga teng.
Bundan tashqari, har bir jamoa, ayniqsa, Namanganda, ko‘plab muxlislar tashrif buyurgan stadionda, “Navbahor”ga munosib qarshilik ko‘rsatishga intiladi.
Ikkinchi davra bahslarida muxlislar ishonchini oqlay olmayapmiz. Bundan tashqari, rossiyalik murabbiy Andrey Kanchelskis “Navbahor”ga qaytganidan so‘ng, hali g‘alaba qozona olmadik. Bo‘lajak o‘yinda ushbu noxush an’anaga chek qo‘yib, "Dinamo"ni mag‘lubiyatga uchratib, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz. Ishqibozlardan esa bizni 1 oktyabr kuni o‘tkaziladigan o‘yinda munosib qo‘llab-quvvatlashlarini tilab qolaman, - dedi futbolchi.

Fikrlar