«Shaxtyor» - «Bazel»: Prevyu

  • 11 avgust, 2020, 20:25
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Afisha jihatidan chorak finalning eng pastki o‘rinda deya ta’kidlanayotgan o‘yini neytral futbol ixlosmandlariga qiziqarli to‘qnashuvni taqdim qila oladi. Bir tarafdan qur’a ham ushbu uchrashuvning tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolishiga sababchi bo‘lib qoldi. Sababi, narigi tarafda 1/4 finalning eng markaziy bellashuvi turganda, faqat ukrain va shvetsarlar ushbu uchrashuvga e’tibor qaratadi. Ammo aslini olib qaraganda teng kuchli ikki jamoaning o‘yini qiziqarli tus olishi aniq.

Tecno

shaxtyor

«Shaxtyor»

Ukrainadagi Braziliya klubi nimchorak finalda «Volfsburg»ni ko‘rdim demay o‘tib ketdi. Junior Moraes esa uchrashuvni o‘zining benefisiga aylantirib yubordi. Ichki chempionatdagi g‘alabalar bu kabi kuchli tarkib bilan odatiy hol, albatta. Endi muxlislar «konchilar»dan xalqaro maydondagi natijalarni kutishadi. Evropa Chempionlar Ligasidagi ishtirok doimiy tarzda guruh bosqichida tugamoqda. Evropa Ligasida ham katta o‘yinlarni donetskliklar sog‘inib qolgan. Chempionlikning qo‘lga kiritilganiga 11 yildan oshdi. Ular uchun chorak final mutlaq omadli bosqich. Ular doim ushbu bosqichdan yarim finalga o‘tishni uddalagan. So‘nggi bor bu voqea 2016 yilda «Praga» ustidan qozonilgan o‘yindan so‘ng sodir bo‘lgandi.

Taxminiy tarkib: Pyatov, Dodo, Krivtsov, Matvienko, Bolbat, Markos Antonio, Stepanenko, Alan Patrik, Marlos, Junior Moraes, Tayson.

Ishtirok eta olmaydi: Xocholova.

shaxtyor sostav

«Bazel»

Shvetsariya futbolining Evropadagi timsoliga aylangan klub xalqaro maydonda ichki chempionatdagi singari qirollik mavqeyida emas. Ammo baribir evrokuboklarda o‘zining doimiy o‘rniga ega klub sifatida barchamizga yaxshi tanish. Ochig‘i, ko‘pincha aynan shu bosqich ular uchun so‘nggi manzil bo‘lib xizmat qiladi.  Jamoa o‘z tarixida bir martagina turnir yarim finaliga chiqa olgan. Bugun ushbu ishni qayta takrorlash uchun ular 2 ta eng qulay raqibning bittasiga qarshi maydonga tushadi. Chempionlik juda qiyin masala. Sababi, keyingi bosqichdayoq «Inter» kutib turibdi. «Bazel» klubi qur’alarda eng omadli jamoa bo‘ldi. 1/16 finalda APOEL, nimchorak finalda «Ayntraxt» va bugun «Shaxtyor». «Kopengagen» ularni yanada xushnud etishi mumkin edi. Ammo shu ergacha etib kelgan jamoa endi raqib tanlab o‘tirmasligi kerak.

Taxminiy tarkib: Nikolich, Vidmer, Van der Virf, Alderete, Petretta, Jaka, Fray, Stokker, Kampo, Pululu, Kabral.

Ishtirok eta olmaydi: Ko‘mert, Omlin, Ramires, Zaffi.

bazel sostav

Murabbiylar

 

Luish Kashtru: «Men «Bazel»ni o‘ta agressiv jamoa deb bilaman. Yarim himoya kuchli futbolchilar bilan to‘la: Fray, Jaka, Kampo va boshqalar. Jamoa tarkibida yana bir qator pozitsiyalarda yuqori saviyali futbolchilar bor. Biz har taraflama kuchli jamoaga qarshi to‘qnash kelamiz».

luish kashtru

Marsel Koller: «Milliy terma jamoani boshqarish tajribam menga bu kabi musobaqalar muhitini yaxshi o‘rganib olishimga yordam bergan. «Shaxtyor»da bir qator iqtidorli futbolchilar bor. Ularning kuchli jihatlari o‘yin taqdirini belgilab berishi mumkin. Bittalik o‘yin bo‘lgani uchun bizda keyingi bosqichga yo‘l olish uchun yaxshiroq imkoniyat mavjud. Jamoalar bir-birini u qadar yaxshi bilmaydi. Bu bizga katta yordam berishiga umid qilaman».

koller

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, har ikkala jamoa ham o‘z mamlakatining bayroqdorlaridan.  Evrokuboklarda muntazam ishtirok etishlariga qaramay, ularning yo‘llari juda kam kesishadi. Demakki, uchrashuvning dastlabki 10 daqiqasi va balki undan ham ko‘prog‘i maydon markazidagi kurashlar va o‘zaro o‘rganishlar bilan o‘tadi. Uchrashuv bitta o‘yindan iboratligi bellashuvni yanada shiddatli o‘tishiga yordam beradi. Albatta, futbol jamoatchiligining katta qismi «Shaxtyor»ning ustunligini ta’kidlamoqda. Biroq 90 daqiqalik futbolda barchasi yuz berishi mumkin.

bazel_1

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!