Shaxzod Ubaydullaev: "Bunday qiyin paytda "Metallurg"ni tashlab ketib bo‘lmaydi"

  • 7 iyul, 2024, 23:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubi mavsumning birinchi qismini muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. 13 ta o‘yinda bekobodliklar birorta ham g‘alaba qozona olmadilar. 7 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etdilar. Holbuki, jamoa tarkibida mahoratli ijrochilar etarlicha.

Tecno

Masalan, “Metallurg” hujumchisi Shaxzod Ubaydullaevni hamma yaxshi biladi. Uning mahoratiga shubha yo‘q. Biroq u ham birinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi. Sports.uz jurnalisti Ubaydullaev bilan suhbatlashdi.

-  Shaxzod, birinchi davradan keyin "Metallurg"ning natijalari juda qoniqarsiz bo‘ldi. Sizningcha, jamoaga nima bo‘ldi yoki nima etishmadi?

- Bizga birinchi davrada omad etishmadi, deb o‘ylayman. Chunki ko‘rgan bo‘lsangiz, har o‘yinimizda golli imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Deyarli 100 foizli vaziyatlarga ega bo‘ldik. Ammo gol urolmadik. Hammasining sababi omadsizlik, deb hisoblayman.

- "Metallurg" birinchi davradagi o‘yini bilan g‘alabaga qozonishga qodir emasmidi? Raqiblar kuchayib ketganmidi? Bu xususida fikringiz qanday?

- Yo‘q, biz o‘yin tomonlama hech kimga yutqazmadik. Birgina “Olimpik” bilan bahsni hisobga olmasak, birinchi davrada o‘yin jihatidan boshqalardan ortda qolmadik. Vaziyatlardan foydalana olmaganimiz, himoyadagi xatolar...Shuning uchun gollar o‘tkazib yubordik. Yana qaytaraman: birinchi davrada o‘yin tomonlama hech kimga yutqazmadik.

- Vesko Steshevichning ketishi ham vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirgani yo‘q. Sizningcha, bu nima bilan bog‘liq?

- Aytib o‘tganimdek, bu omadsizlik. Hammasi shu bilan bog‘liq. Mening fikrim shunday.

- Adashmasam, birinchi davrada chempionatda 12 ta uchrashuvda 2 ta gol urdingiz. Nega kam?

- Bunga hech qanaqa sabab yo‘q. Chunki men har yili birinchi davrada eng ko‘pi bilan 3 ta gol urganman, xolos. Ikkinchi davrada “ochilib” ketganman. Bu yil ham nasib qilsa shunday bo‘ladi.

- Ikkinchi davrani yana "Metallurg"da davom ettirasizmi yoki jamoaning bunday salbiy natijasidan keyin o‘zingizni boshqa klubda sinab ko‘rmoqchimisiz?

- Albatta, “Metallurg”da qolaman. Jamoa uchun yordam beraman va nasib qilsa Superligada olib qolamiz. Bunday qiyin paytda “Metallurg”ni tashlab ketib bo‘lmaydi.

- Ikkinchi davrada vaziyat o‘zgarmasa "Metallurg" pro ligaga tushib ketadi. Qanday echim topmoqchisizlar?

- “Metallurg” pro ligaga tushib ketmaydi. Turnir jadvalini ko‘ryapsiz, hamma klublar bir-biriga juda yaqin. Ketma-ket 2-3 ta o‘yinda yutadigan bo‘lsangiz, sakkiztalikka kirib qolasiz. Faqat biz uchun har bir o‘yin finaldek, xuddi olti ochkodek. Ikkinchi davrada Xudo xohlasa, har bir uchrashuvga olti ochkodek maydonga tushamiz.

- Oxirgi savol: Yangi bosh murabbiy hammani qiziqtiryapti. Qanday murabbiy zarur deb o‘ylaysiz?

- Hali yangi murabbiy tayinlangani yo‘q. Bizga qanaqa murabbiy kelishi qiziq emas. Ya’ni, jamoamizga qanday murabbiy kelgan taqdirda ham u maydonga tushib o‘ynab bermaydi. Biz o‘zimiz maydonda harakat qilishimiz kerak.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!