
"Shipilov klubda ishlaganida Superligada qolish imkoniyati ko‘proq edi, Abramovni qanaqa taktikada o‘ynamoqchiligini tushunmadik" yoxud Shoxruh Mahmudxojiev "Dinamo"dan ketdi!
Afsuski, “Dinamo” klubi yana bir mavsumning o‘zidayoq Superliga bilan xayrlashib pro ligaga ravona bo‘ldi. Holbuki, tarkibdagi ijrochilar yaxshi darajada edilar.
Vaziyatni o‘nglash uchun ikkinchi davrada ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Jamoaga yana yangi o‘yinchilar taklif qilindi. Ularning orasida iqtidorli futbolchi Shoxruh Mahmudxojiev ham bor edi.
Mavsumning birinchi qismini Tojikistonning “Xo‘jand” klubida o‘tkazgan hujumkor yarim himoyachi “Dinamo”da tarkibida 7 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 1 ta assist vazifasini ham bajardi.
Mahmudxojiev Sports.uz uchun “Dinamo”dagi faoliyati, omadsizlik sababi va keyingi rejasi xususida fikr bildirdi.
“Boshida futbolchilarning ruhiyati baland edi”
- Meni bilasiz, “Dinamo” tarkibiga ikkinchi davradan qo‘shilganman. Mendan tashqari yana 4 futbolchi kelgan. O‘ylashimcha, qaerdadir omad etishmadi. Chunki jamoaning birinchi davradagi o‘yinlarini ham ko‘rgandim. Ko‘p uchrashuvlarda oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborishgan. O‘zlari ham vaziyatlardan foydana olmagan, masalan penaltidan gol ura olishmagan. Baribir yo‘qotilgan ochkolar ta’sir qildi. Shuningdek, shaxsiy fikrimcha, agar “Dinamo”ni Andrey Shipilov tark etmaganida, o‘ylashimcha klubni Superligada qolish imkoniyatlari ko‘proq edi. E’tibor bergan bo‘lsanglar, ikkinchi davrani yomon boshlamadik. Boshida “Paxtakor” bilan safarda juda yaxshi o‘yin bo‘lgandi. Raqib birinchi o‘rinda, biz oxirgi pog‘onada bo‘lsak ham munosib qarshilik ko‘rsatdik. Dramatik va teng o‘yin bo‘lgandi. O‘shanda jamoadagi barcha futbolchilarning ruhiyati baland edi. G‘alabaga chanqoq edik. Bizda o‘yin tartibi bor edi. Ya’ni, jamoamizda o‘yin chizgisi ko‘rinib turgandi. Ikkinchisida “Nasaf”ga qarshi qoldirilgan uchrashuvda qatnashdik. Unda etakchilarimiz – Erkin Boydullaev va Marat Bikmaev o‘ynashmadi. Baribir ularning maydonda yo‘qligi ta’sir qilgandi.
“Umrim davomida o‘ng qanot himoyasida o‘ynamagandim”
- To‘g‘risini aytsam, Vadim Abramov kelganidan keyin uning qanaqa taktikada o‘ynamoqchiligini tushunmadik. Birgina men emas, ancha-muncha o‘yinchilar ham bu narsani tushunishmadi. Futbolchilarning ruhiyati ham tushib ketdi. O‘zimni misol qilib keltirsam, birinchi o‘yindanoq meni o‘ng qanot himoyasiga tushirdi. Men umrim davomida o‘ng qanot himoyasida o‘ynamaganman. Asosan hujumkor yarim himoyachi, ikkala qanotlarda va kerak bo‘lsa hujumchi bo‘lib ham to‘p surgandim. Qanday qilib hujumkor futbolchini himoyaga qo‘yishini tushuna olmaganman. Mendan tashqari, Erkin aka Boydullaev ham markaziy himoyada o‘ynadi. O‘zimni taniganimdan beri Boydullaev markaziy yarim himoyachi. O‘zining pozitsiyasida o‘ynagan paytida uning jamoaga foydasi juda katta tegadi. Yana bir qator futbolchilarni boshqa pozitsiyalarga qo‘ydi. Futbolchini vazifasi murabbiy aytgan joyda o‘ynash. Baribir o‘yinchi o‘z pozitsiyasida to‘p sursa potentsiali ochiladi. Bu o‘z-o‘zidan natijaga ta’sir qiladi. Men ko‘p gapirmoqchi emasman. Abramov milliy terma jamoada ham ishlagan. Termadagi bilan “Dinamo”dagi natijalar orqali xulosa chiqarib olinsa bo‘ladi.
“Murabbiy bilan o‘rtamizda ziddiyatli holat bo‘lmagan”
- Shu vaqtgacha futbol o‘ynagan bo‘lsam meni hech qachon murabbiylar bilan muammoim bo‘lmagan. O‘rtamizda kelishmovchlik yoki ziddiyatli holatlar yuz bermagan. Bu narsani meni bilgan va taniganlar yaxshi bilishadi.
“Xorijdan takliflar yo‘q emas, ammo o‘zimizda qolmoqchiman”
- “Dinamo” rahbariyatiga va muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Klubning keyingi ishtirokida omad tilab qolaman. Ha, men “Dinamo”ni tark etdim. Hozircha xorijdan bir-ikkita variantlarim bor. O‘zbekiston jamoalaridan ham takliflar yo‘q emas. O‘zimga qolsa, shu erda qolmoqchiman. Uyimga yaqinroq joyda o‘ynamoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar