
Shomurodov – katta yo‘qotish!
Rossiya premer-ligasi jamoalari orasida transfer siyosati boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatilayotgan “Rostov”ning yozgi transferlar mavsumida amalga oshirgan ishlari hamon tahlil qilinmoqda. Mutaxassislar, jamoalarning aksariyati yangi mavsum oldidan asosiy tarkibning yarmini almashtirib yuborishga botina olmasligini alohida ta’kidlamoqda.
Yozgi transferlar mavsumida “Rostov” asosiy tarkibdan muqim joy olgan va o‘z ampluasi bo‘yicha jamoada etakchi bo‘lgan besh nafar futbolchi – qanot yarim himoyachilaridan Evgeniy Chernov va Baxtiyor Zaynutdinov, markaziy yarim himoyachi Ivelin Popov, o‘ng qanot vingeri Aleksey Ionov va markaziy hujumchi Eldor Shomurodovni transfer qildi. Shuningdek, asosiy tarkibda o‘ynagan Dmitriy Chistyakov, Aleksandr Saplinov va Arseniy Logashev kabi o‘yinchilar ham boshqa jamoalarga qo‘yib yuborildi.
Rostovliklar ketgan futbolchilarning o‘rnini Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Shimoliy Makedoniya va Belarus vakillari to‘ldirdi.
Bu o‘zgarishlar o‘zini oqlaydimi? Albatta, buni vaqt ko‘rsatadi. Buning uchun “Rostov”ning maqsadini aniqlab olish kerak. Ba’zan “Rostov” chempionlik uchun kurashadigan qudratga ega jamoadek baholanardi. Biroq, klub xo‘jayini Artashes Arutyunyants jamoa oldidagi o‘zgarmas vazifa Evrokuboklarda ishtirok etish ekanini ochiqladi.
Umuman olganda, rostovliklar transfer qilgan futbolchilarining deyarli barchasi “Rostov”dan kuchli bo‘lgan jamoalarga o‘tdi. Xususan, Zaynutdinovni TsSKA, Chernov va Ionovni “Krasnodar” va Chistyakovni “Zenit” oldi. “Rostov”ning asosiy yulduzi Eldor Shomurodovning transferi uning mavqeiga yarasha kuchli beshlik chempionatida ishtirok etayotgan “Jenoa”ga bo‘ldi. Faqatgina yoshi katta bo‘lgan Popov kamtarroq hisoblangan “Sochi”dan qo‘nim topdi.
Mutaxassislar Shomurodov transferini omadli va foydali bo‘lganini, millati o‘zbek bo‘lgan qozog‘istonlik Baxtiyor Zaynutdinov ishida “Rostov” shoshma shosharlikka yo‘l qo‘yganini aytmoqda. TsSKA Zaynutdinovni olishda uning shartnomasidagi badal miqdori – 2 million evroni to‘ladi xolos. “Rostov” 22 yoshli katta iste’dod sohibini ushlab qolishga yo‘l topa olmay qoldi. Bu “armiyachilar” uchun oson bitgan foydali transfer bo‘ldi.
Shomurodov transferidan hamma manfaat ko‘rdi. Eldorning orzusi ushaldi, agentlar oldidagi vazifani uddaladi, “Jenoa” o‘zi istagan hujumchiga ega bo‘ldi, “Rostov” esa katta foyda oldi. Lekin rostovliklar oldida boshqa masala paydo bo‘ldi. Karpin ketgan futbolchilarning deyarli barchasining o‘rnini yangilari bilan to‘ldirdi. Faqat Shomurodovning o‘rnini kim bosishi asosiy muammo bo‘lib turibdi.
Hozir markaziy hujumchi ampluasi “Rostov”ning eng zaif nuqtasidir. Qachondir Eldorning ketishini bilgan Valeriy Karpin o‘tgan mavsumda bu joyda Sigurdarson, Dolgov, Proshlyakovni sinab ko‘rdi. Bu futbolchilardan hech qaysinisi jamoada olib qolinmagani ularning Eldor darajasiga ko‘tara olmaganini isbotlab turibdi.
Yangi mavsumda yangi nomlar bor. Shomurodovdan bo‘shagan joyni egallash uchun tajribali forvardlardan Dmitriy Poloz va Vladimir Obuxov, yosh hujumchi Artur Soxiev, legionerlardan makedoniyalik David Toshevski va shvetsiyalik hujumkor futbolchi Pontus Almkvist o‘z mahoratini ko‘rsatishi kerak. Hozircha bu futbolchilarning hech biri o‘zidan kutilgan darajada o‘yin namoyish etayotgani yo‘q. “Rostov” esa rahbariyat talabiga binoan kelasi mavsumda ham Evrokuboklarda o‘ynashi shart. Bu yog‘iga Eldorning kuchli qirralarini kashf etib, kuchli beshlik futbolchisi darajasiga ko‘tara olgan murabbiy Valery Karpinning mahoratiga bog‘liq.
Fikrlar