
Shomurodov – UEFA Chempionlar ligasi ishtirokchisining asosiy nishoniga aylandi!
Belgiyaning “Gent” jamoasi Evropa chempionlar ligasining yangi mavsumi oldidan markaziy hujumchiga ehtiyoj sezmoqda. “Gent” bu pozitsiyaga “Rostov”ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodovni taklif qilish fikridan qaytgani yo‘q va uni transferlar mavsumida asosiy nishon qilib belgiladi.
Bu haqda mazkur mamlakatning nufuzli nashrlaridan biri “Voetbal Belgie” xabar bermoqda.
Belgiya chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritib, Evropa chempionlar ligasiga yo‘llanma olgan ushbu klub 8 iyul kuni “Rostov”ga Eldor Shomurodov bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborib, transfer uchun besh million evro taklif qilgan edi.
“Rostov” klubi rahbariyati asosiy hujumchi bo‘yicha dastlabki taklifga rad javobini berdi. Odatda, hech qaysi jamoa birinchi so‘rovdayoq ishongan futbolchisining transferiga ko‘nmaydi. Shu bois, rostovliklar boshqa takliflarni ham ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirgandi.
Endi “Voetbal Belgie” nashrining xabar berishicha, “Gent” rahbariyati Eldor Shomurodov bo‘yicha ikkinchi rasmiy transfer so‘rovini tayyorlamoqda va tez kunlar ichida bu taklif “Rostov” jamoasiga taqdim qilinadi.
“Gent” rahbariyati hujum chizig‘ini kuchaytirishga jiddiy ehtiyoj sezayotgani endigina boshlangan milliy chempionatda ham bilinib qoldi. Bu jamoa o‘tgan yilgi mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlaganiga qaramay, yangi mavsumning dastlabki uchta uchrashuvida raqiblari – “Sent-Tryuyden”, “Kortreyk” va “Antverpen”ga imkoniyatni boy berdi. Uchta uchrashuvda atigi ikkita gol urgan gentliklar musobaqa jadvalida oxirgi – 18-pog‘onaga tushib qoldi. Shu bois, belgiyaliklar o‘zbek hujumchisini imkon qadar tezroq o‘z safiga qo‘shib olishga intilmoqda.
Hozircha, bu jamoa Shomurodov uchun qancha mablag‘ taklif qilishi noma’lum. Lekin bu dastlabki taklifdan ortiq bo‘ladi. Chunki Transfermarkt portalida ham hamyurtimizning transfer summasi ko‘tarilib, ayni paytda 6,5 million evroni tashkil qilayotganini e’lon qilgan.
O‘z navbatida, Eldor Shomurodov ham faoliyatida keskin burilish yasashi kerak, degan fikrlar kun sayin ko‘payib bormoqda. Karantindan so‘ng hamyurtimizning o‘yinida pasayish hamon davom etmoqda va uning golsiz seriyasi yarim yildan beri uzilgani yo‘q. Shomurodov ketma-ket yigirmata uchrashuvda maydonni golsiz tark etdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Eldor Shomurodovga Belgiyadan tashqari Qatar chempionati va Rossiya premer-ligasining etakchi jamoalaridan ham manfaatli takliflar bo‘lmoqda. Biroq, Eldorning o‘zi Rossiyada “Rostov”dan boshqa jamoada o‘ynamoqchi emas. Shuningdek, u Osiyoda emas, balki Evropada to‘p surishni istamoqda. Uning orzularining ro‘yobga chiqishi “Rostov” klubi rahbariyatining qaroriga bog‘liq bo‘lib qolgan. Shomurodovning amaldagi shartnomasi 2024 yilning yozigacha tuzilgan va rostovliklar hozircha uni qo‘yib yuborgisi kelmayapti.
Shomurodovni taklif qilayotgan “Gent” o‘tgan mavsumda – muddatidan avval yakunlangan Belgiya chempionatida ikkinchi o‘rinni egalagandi. Shu tariqa, bu klub vakillari yangi mavsumda Chempionlar ligasi saralashining 3-bosqichida qatnashadigan bo‘ldi.
Qariyb 120 yillik tarixga ega bo‘lgan “Gent” klubi 30 yildan buyon mamlakat chempionatining yuqori ligasida ishtirok etib kelmoqda. Gent shahri sharafini himoya qilayotgan jamoa uch marotaba Belgiya kubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, besh yil muqaddam “Gent” mamlakat chempionatida g‘olib chiqqan va Superkubokni qo‘lga kiritgan.
“Gent” Belgiyaning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida UEFA Chempionlar ligasi va Evropa ligasi kabi nufuzli turnirlarda ishtirok etib keladi.
Fikrlar