Shomurodov jamoasi "Milan"dan ochko oldi, "Real" va "Barsa" o‘ziga kelmoqda, Ronaldu penaltini noaniq amalga oshirdi - bu hafta kuchli beshlik chempionatlarida nimalar yuz berdi?

  • 19 dekabr, 2020, 15:59
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuchli beshlik chempionatlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Ba’zi jamoalar g‘oliblik uchun otni qamchilab qolishi zarur bo‘lgan palla etib kelayotganini his etib, tezlikni oshirish harakatini boshlab yuborgan. O‘tgan safargi maqolamizda ta’kidlab o‘tgan ma’lumot bu safar o‘zgardi. Ya’ni, top-5 chempionatlarning amaldagi g‘oliblari sekin-asta peshqadamlikni qo‘lga ola boshladi. Birinchi bo‘lib bu ishni "Liverpul" uddalab, karvonboshilikni "Tottenxem"dan tortib oldi. Shuningdek, muhim uchrashuvni o‘z foydasiga hal etgan "Real" ham o‘zidan yuqoridagi ikki jamoa bilan bir xil ochko to‘plab, kuchli uchlikka kirdi. Quyida bu tur kuchli beshlik chempionatlarida bo‘lib o‘tgan eng muhim bellashuvlar haqida to‘xtalamiz:

Tecno

photo_2020-12-19_15-46-36

"Vulverxempton" - "Chelsi" 2:1

"Vulvs"ning ajoyib odati bor: o‘z uyida istalgan jamoani anchayin ter to‘kishga majbur qila oladi. Ayniqsa, o‘sha mehmon grand klub bo‘lsa. "Molinex stadium"ga kelgan har bir klubning tizzasi qaltirashi hech kimga sir emas. Bejiz ularga "bo‘rilar" laqabi berilmagan. Bu safar "och bo‘rilar" qarorgohiga Londondan mehmonlar tashrif buyurdi. Darg‘azab "Vulverxempton"ga duch kelgan "aristokratlar" ketma-ket ikkinchi o‘yin mag‘lubiyatga uchrashiga to‘g‘ri keldi. 1 tur avval "Everton"dan engilgan Lempard shogirdlari bu safar "Vulvs" oldida ojiz qoldi. O‘yinni yomon o‘tkazmagan "ko‘klar" birinchi bo‘lib hisobni ochishga ham muvaffaq bo‘lgandi. Ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida Chiluell tomonidan chap qanotda reyd uyushtirildi. Markazga oshirilgan to‘pga Olive Jiru noqulay pozitsiyada turganiga qaramay, aniq zarba bera oldi. Patrisiu o‘ziga kelayotgan to‘pni qaytara olmadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Fabio Silva muvozanatni tikladi. Biroq hakam o‘yindan tashqari holat tufayli golni bekor qildi. Gol hidini olgan "bo‘rilar" hujumga o‘tishda davom etdi va bu 66-daqiqada hisobni haqiqatan tenglashishiga olib keldi. Jarima maydonida ikki raqibini chalg‘itgan Podense yaqin burchakni ishg‘ol etdi. O‘yin teng kurashlar ostida davom etayotgan, uchrashuv durang bilan yakunlanishi kutilayotgan bir paytda, Pedru Netu katta sahnaga chiqdi. Qarshi hujumga o‘tgan portugaliyalik futbolchi Mendi qo‘riqlayotgan darvozaga to‘p yo‘llab, jamoasining g‘alabasini ta’minladi. "Ko‘klar"da ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyat va 7-o‘ringacha pastlash. "Chelsi"da nimadir o‘zgarishi zarur. Aks holda, mavsum avvalida jamoani kuchaytirish uchun millionlardan voz kechgan klub prezidenti Lempardni ishdan bo‘shatib yuborishi hech gap emas.

photo_2020-12-16_02-07-55

"Lester" - "Everton" 0:2

Karlo Anchelottining "Everton"dagi ishlari joyida. Italiyalik mutaxassis shu vaqtgacha "Milan"dan boshqa hech qaysi jamoada ikki yildan ortiq ishlamagan. Mersisayd klubida esa, uning ishlari yaxshi va ma’lumotlarga ko‘ra, "Karlo ota" "irischilar" bilan amaldagi shartnomasini uzaytirmoqchi. Bunda APL so‘nggi turidan o‘rin olgan "Lester"ga qarshi g‘alabaning ham katta o‘rni bor. Turnir jadvalida kuchli uchlikda borayotgan "tulkilar"da yuqoridagi ikki jamoa o‘rtasidagi o‘zaro o‘yindan unumli foydalanib, karvonboshiga aylanib olish imkoniyati bor edi. Biroq o‘yin mehmonlarning faol hujumlari bilan boshlandi. Xavfli bo‘lmagan vaziyatda to‘pni qabul qilgan Risharlison markazga yurdi va darvozaga zarba yo‘lladi. To‘p rikoshet natijasida Shmeyxel kutmagan yo‘nalishni oldi va darvozadan joy oldi. Kichik favorit sifatida e’tirof etilgan "Lester" buni hazm qila olmadi va tartibsiz oldinga o‘tishda davom etdi. Rojers shogirdlarining aksariyat hujumi raqib jarima maydoniga qadar etib bormadi. Buni butun o‘yin davomida mehmonlar darvozasi tomon berilgan atigi 2 tagina aniq zarbadan ham anglash qiyin emas. Nazoratni raqibga topshirib, o‘zi kuch yiqqan "irischilar" bu safar standart vaziyatni golga aylantirdi. Burchakdan oshirilgan to‘p Kin tomonidan darvozaga yo‘llandi, darvozabon qaytargan to‘pga Kalvert-Lyuin zarba berdi. Yana daniyalik posbon to‘p yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Ammo voqealar markazida paydo bo‘lgan Xolgeyt bo‘sh qolgan darvozaga to‘p kiritdi. Qizig‘i, o‘sha vaziyatda "Lester" himoyachilari golni katta qiziqish bilan juda qulay rakursdan kuzatishdi.

photo_2020-12-17_17-10-59

"Liverpul" - "Tottenxem" 2:1

Markaziy uchrashuvga ham etib keldik. Premer-liga bu mavsum chempionligiga asosiy da’vogarlar to‘qnashuvi barcha uchun birdek qiziq bo‘lishi shubhasiz. Eng muhimi, bu bahs peshqadam nomiga aniqlik kiritib berishi kutilgandi. Yuqori tempda ketayotgan Mourino shogirdlariga qarshi sekin-asta tiklanayotgan Klopp armiyasi. Bir necha tur oldin Gvardiola jamoasi ustidan himoyada etarlicha ishonchli harakat qilib, hujumlardan maksimal foyda chiqarib, g‘alaba qozongan “shporlar” bu safar mersisaydliklarni ham huddi shu yo‘l bilan mahv etmoqchi bo‘ldi. Biroq “qizillar” biroz omadliroq bo‘lib chiqdi. Omad faktorini bejiz keltirmadik: o‘yinni kim ustunlik bilan boshlashi va hattoki, kim hujumda o‘tkazishi o‘yin oldidan barchaga ma’lum edi. Ishonchni oqlagan holda, tinmay hujumlar uyushtirgan “Liverpul” dastlabki daqiqalardan bir necha aniq zarbalar berdi. Biroq 26-daqiqagacha darvoza tomon yo‘llangan barcha zarba Loris tomonidan bartaraf etilayotgandi. Mezbonlar etakchisi Muhammad Salahning jarima maydoni ichidan bergan kuchli zarbasi esa, avval himoyachilarga, so‘ng ustunga tegib, darvozadan joy oldi. To‘p yo‘nalishi bu tarzda o‘zgarishini kutmagan darvozabon ushbu vaziyatda jamoasi uchun hech nima qilib bera olmadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, “osiyolik raketa” katta sahnaga chiqdi. To‘g‘ri pozitsiya tanlab, himoyachini tezlikda ortda qoldirgan Son Alissonni ham ojiz qoldirdi. O‘yin shu tarzda davom etayotgan bir paytda, Firminoning hujumchiligi yodiga tushib qoldi chog‘i, raqib jarima maydonida himoyachilar taqibidan ustalik bilan qochib, burchakdan etkazib berilgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Demak, “qizillar”ning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi ko‘proqligi tufayli, ular g‘alabani nishonladi va turnir jadvalida karvonboshilikni “Tottenxem”dan tortib oldi.

photo_2020-12-17_13-16-18

"Sheffild" - MYu 2:3

Bir qarashda katta afishaga ega bo‘lmagan o‘yin. Sababi, 12-turga kelib atigi 1 ochko to‘plagan "Sheffild" o‘tgan mavsum amalga oshirgan ishlari shunchaki sensatsiya bo‘lganini tan olishga majbur bo‘lmoqda. "Qizil iblislar" qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, istalgan raqibga muammo tug‘dirishga qodir. Shunga qaramay, "Bremoll Leyn" stadionida kechgan bahs ancha shiddatli va ikki tomonning hujumlari bilan o‘tdi. Dastlabki daqiqalardan oldinga o‘tgan maydon egalari tezkor gol kiritishga ham muvaffaq bo‘ldi. Erta pressing uyushtirgan Oliver Berk darvozabonni xato qilishga majbur etdi va sherigini bo‘sh qolgan darvoza qarshisida to‘p bilan ta’minladi. Devid MakGoldrik vaziyatdan unumli foydalandi. Ushbu goldan g‘azablangan mankuniyaliklar tashabbusni qaytarib oldi va tanaffusgacha Reshford hamda Marsyalning gollari evaziga hisobda oldinga chiqib olgan holda yo‘l olishdi. Ikkinchi qirq besh daqiqalikda ham raqibdan biroz xavfliroq hujumlar qilgan mehmonlar uyushtirgan ajoyib kombinatsiyani yana Reshford gol bilan yakunladi. O‘yin tempi biroz pasaygan, bahs shu ko‘rinishda tugashi kutilayotgan bir paqtda, "Sheffild" burchakdan to‘pni o‘yinga kiritdi. Jarima maydoni ichida MYu himoyachisi Lindelyof to‘pni qaytarishga harakat qildi. Biroq uning zarbasidan keyin to‘p MakGoldrikning boshiga tegib, darvozadan joy oldi. Hammasi shundan keyin boshlandi: tinmay hujumlar uyushtirib, raqibni jarima maydoniga qamagan mezbonlar hisobni tenglashtirishiga bir bahya qoldi. Biroq Lis Mussening kuchli zarbasini Din Xenderson qaytarishga erishdi. Shu tariqa, yosh posbon birinchi goldagi xatosini to‘g‘irladi va eng muhimi, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

photo_2020-12-18_01-33-15

"Real" - "Atletik" 3:1

"Real" La Liga debyutantidan mag‘lub bo‘lishi, Chempionlar Ligasida autsayderlar oldida ojiz qolishi mumkin. Biroq o‘zi uchun muhim deb bilan o‘yinlarga katta e’tibor qaratadi va shu sababli, ularning aksariyatida raqibga imkoniyat qoldirmaydi. So‘nggi to‘rt bahsda "Sevilya", "Borussiya" Myunxengladbax, "Atletiko" kabi jamoalardan birorta gol o‘tkazmay ustun kelgan "qaymoqranglilar" bu safar "Atletik" ustidan zafar quchdi. Bunga bir tomondan 13-daqiqada mehmonlar futbolchisi Raul Garsiyaning maydondan chetlatilishi ham sabab bo‘ldi. Kroosga nisbatan ikki vaziyatda qo‘pollik ishlatgan ispaniyalik futbolchi jamoasiga pand berib qo‘ydi. Sondagi ustunlik sekin-asta sifatga ham ta’sir eta boshladi va bu madridliklarning hujumlarida ko‘zga tashlana boshladi. Nihoyat, birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Toni Kroos o‘z uslubida zarba berib, jamoasini tanaffusga yaxshi kayfiyatda chiqib ketishini ta’minladi. Uzoq masofadan yo‘llangan "pushka" va Unai Simon to‘pga ulgurmadi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar "Real" himoyasidagi kamchiliklarni yana bir marta ko‘rsatib berdi. Ander Kapa Ramos bo‘sh qoldirgan hududdan jarima maydoniga yorib kirdi va zarba berdi. To‘pni qaytargan Kurtua takroriy zarba oldida ojiz qoldi. Bu vaziyatda na Ramos, na Varan raqibni zararsizlantira olmadi. Biroq g‘alaba uchun ko‘proq intilgan "qaymoqranglilar" baribir o‘z maqsadiga etdi. Benzema avvaliga bosh bilan yo‘llagan zarbasi orqali hisobni jamoasi tomonga o‘zgartirgan bo‘lsa, keyinchalik to‘pni o‘tkir burchakka aniq yo‘naltirib, jamoadoshlariga ishonch bag‘ishladi. Shu tariqa, "qirollik klubi" turnir jadvalida ochkolar bo‘yicha peshqadamlarga etib oldi. Zidanni kim haydamoqchi edi?!

15273696538179

"Barselona" - "Real Sosedad" 2:1

"Ko‘k-anorranglilar"ning ham umumiy holati azaliy raqib "Real"nikiga o‘xshab ketadi. Himoyadagi muammolar, vaziyatlardan foydalana olmaslik. Biroq yaxshi xabarlar ham yo‘q emas. Kataloniyaliklar o‘z o‘yinini tobora topib bormoqda va bu natijalarda ham o‘z aksini topyapti. La Liga karvonboshisi sifatida "Kamp Nou"ga etib kelgan san-sebastyanliklar birinchi bo‘lib gol urdi. Qisqa paslar bilan Ter Shtegen darvozasi qarshisiga etib kelgan mehmonlar Villian Xosening aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi. Ammo bu holat shundoq ham hujumda omadi yurishmayotgan Kuman shogirdlarini battar g‘azablantirdi. Buni maydondagi harakatlarga ham ko‘chira olgan "ko‘k-anorranglilar" darhol tarozi pallalarini tenglashtirishga erishdi. Albaning uzoq burchakka yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytara olmadi. Goldan ruhlangan kataloniyaliklar hujumlar uyushtirishda davom etdi va haqli tarzda, hisobda oldinga chiqib oldi. Xordi Alba bu safar assist rolida. Ispaniyalik sherigining qulay uzatmasiga ohista tekkan De Yong jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Tomonlar qancha harakat qilmasin, o‘sha kuni tablodagi hisob boshqa o‘zgarmadi.

photo_2020-12-17_01-57-43

"Yuventus" - "Atalanta" 1:1

Bu mavsum o‘ziga o‘xshamayotgan har ikki klub o‘zaro o‘yinni "yondirib" berdi. Hujumchilarning ketma-ket zarbalari darvozabonlar tomonidan katta qiyinchilik bilan bartaraf etildi. Shu jumladan, penalti ham. O‘zining so‘nggi 4 golining barchasini 11 metrlik jarima zarbasidan kiritgan Krishtianu Ronaldu Perluiji Gollini oldida ojiz qoldi. 25 yoshli posbon "Yuve" etakchisi tepgan penaltini shunchaki qaytarmadi. Balki uni ushlab oldi va jamoadoshlariga katta ishonch taqdim etdi. Biroq uning darvozasi o‘sha kuni ishg‘ol etilmay qolmadi. Federiko Kezaning uzoq masofadan yuqori burchakka yo‘llagan zarbasini Gollini qaytarishga ojizlik qildi. Tasodifni qarang-ki, qarama-qarshi tomondagi darvozani qo‘riqlayotgan Shensniy ham yaqin masofadan yo‘llangan to‘plarni birin-ketin qaytarsa-da, jarima maydoni tashqarisidan Remo Froyler tepgan to‘p "keksa senora"ni g‘alabadan mosuvo etdi.

IMG_20201219_153728_510

"Jenoa" - "Milan" 2:2

Shomurodov o‘zini ko‘rsatishni boshladi! Rolando Maran uni o‘yinga tushirish qarori to‘g‘riligiga tobora ishonch hosil qilib bormoqda. Shu sababli, italiyalik mutaxassis peshqadamga qarshi asosiy tarkibda legionerimizni maydonga tashladi. O‘yin "rossonerilar"ning butunlay ustunligi ostida kechishi taxmin qilingan bo‘lsa-da, aslida bunday bo‘lmadi. Qizig‘i, genuyaliklar birinchi bo‘lib hisobni ochishga ham muvaffaq bo‘ldi. Goldaniganing qanotdan oshirgan to‘pini bir harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirgan Eldor darvoza tomon kuchli zarba berdi. Katta qiyinchilik bilan to‘pni qaytargan Donnarumma takroriy zarba oldida ojiz qoldi. Biroq oradan 5 daqiqa o‘tib, mezbonlar umuman keraksiz vaziyatda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Kalabriyaning taxminan 25 metr masofadan bergan zarbasini Perin o‘tkazib yubordi. Ochko olishi shart bo‘lgan Shomurodov jamoadoshlari oldinga o‘tishda davom etdi va yana markazga uzatma va ikkinchi marta Mattia Destro katta sahnaga chiqdi. Darvozabon bu safar ham uning zarbasini qaytara olmadi. O‘yinning 1 soat vaqti ortda qolgan bir paytda 2:1 hisobida g‘alaba qozonayotgan genuyaliklar katta e’tiborni himoyaga qaratdi va buning uchun jazolandi. Xaugening zarbasini bir amallab zararsizlantirgan mezbonlar Per Kaluluni to‘xtatib qololmadi. Shu tariqa, Shomurodov jamoasi peshqadam bilan o‘yinda durangga imzo chekdi.

IMG_20201219_153714

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!