
Shomurodovga “Roma”ni Evropa ligasiga olib chiqish imkoni beriladi!
Boshida “Roma” uchun omadsiz ko‘ringan 37-tur, barcha o‘yinlar o‘tkazilganidan keyin juda muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi.
Joze Mourino shogirdlari o‘z maydonida chempionat autsayderi “Venetsiya”ni enga olmaganidan keyin Evropa ligasiga chiqish imkoniyati xuddi shu maqsad uchun kurashayotgan jamoalarga bog‘liq bo‘lib qolgandi.
“Venetsiya”ga qarshi bahsda Eldor Shomurodov jamoasiga bir ochko olib berdi va umumiy ballar soni 60 taga etdi. Omadni qarangki, Evropa ligasining ikki yo‘llanmasini Rim klubi bilan talashayotgar uchta jamoa ham ochko yo‘qotdi.
Rimliklardan bitta yuqorida turgan “Latsio” safarda “Yuventus” bilan durang o‘ynab, 63 ochko bilan beshinchi o‘rinda qoldi. “Roma”ni ta’qib etayotgan va bir ochko km jamg‘argan “Fiorentina” va “Atalanta” poytaxt klubidan o‘zib ketishni uddalay olmadi. “Atalanta” mehmonda chempionlikka bir qadam qolgan “Milan”ga 2:0 hisobida yutqazganini tushinish mumkin. Lekin “Fiorentina”ning musobaqa jadvalining quyi qismida joylashgan “Sampdoriya”ga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgani kutilmagan holat.
Xullas, so‘nggi 38-tur oldidan hammasi “Roma”ning o‘ziga bog‘liq bo‘lib turibdi. Joze Mourino shogirdlari Turinda “Torino”ga qarshi bo‘ladigan bahsda g‘alaba qozonsa, Evropa ligasi yo‘llanmasini naqd qiladi.
Aslida, odatga ko‘ra, so‘nggi tur bahslari bir paytda o‘tkazilishi kerak edi. Lekin Rim klubi A Seriya rahbariyatidan jamoa 25 may kuni Konferentsiyalar ligasi finalida Albaniyaning Tirana shahrida Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasiga qarshi og‘ir o‘yin o‘tkazishini inobatga olib, chempionat o‘yini vaqtini oldinroqqa surishni so‘radi.
Liga rahbariyati Evropa miqyosidagi xalqaro turnirda finalga chiqqan yagona Italiya klubining talabini qo‘llab-quvvatladi. Natijada “Torino”ga qarshi o‘yin ikki kun oldinga surilib, 20 mayga ko‘chirildi.
Joze Mourino boshchiligidagi murabbiylar shtabi o‘yindan uch kun oldin tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Corriere dello Sport nashrining xabar berishicha, portugaliyalik mutaxassis Konferentsiyalar ligasi finaliga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun “Torino” bilan bo‘ladigan o‘yinda bir necha etakchi o‘yinchilarga dam beradigan bo‘ldi.
Chunki, Mourino “Roma”dagi birinchi sovrinini qo‘lga kiritish uchun Tiranadagi finalga to‘liq jangovar tarkib bilan bormoqchi.
Italiya futboliga ixtisoslashgan yana bir nashr – footballnews24.it saytining ma’lumotiga ko‘ra, Mourino jamoa sardori Lorentso Pellegrini va himoyachilar etakchisi Kris Smollingni Turindagi o‘yinga jalb qilmaydi. Ular 25 may kuni asosiy figuraga aylanishi kerak.
Yosh o‘yinchi Nikola Zalevski o‘rniga boshlang‘ich tarkibdan Leonardo Spinatstsola o‘rin olishi kutilyapti.
Keyingi o‘yinlarda rimliklarning asosiy to‘purari Temmi Abraxamning toliqib qolayotgani sezilayotgan edi. Murabbiylar shtabi unga ham dam berishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha,”Torino”ga qarshi to‘qnashuvda hujum markazida Eldor Shomurodov to‘p tepishi rejalashtirmoqda. Oldingi chiziqda unga Nikolo Dzaolo va Feliks Afena-Gyan yordam beradi.
Rimliklar Turindan g‘alaba bilan qaytsa, Evropa ligasi yo‘llanmasini naqd qiladi. Agar bu missiya xshamay qolsa, Shomurodov jamoasida yana bir imkoniyat bo‘ladi. Chunki UEFA qoidasiga ko‘ra, Konferentsiyalar ligasida g‘olib chiqqan jamoaga kelasi mavsumda Evropa ligasida qatnashish huquqi beriladi.
Shunday ekan, Eldor Shomurodovda o‘zi uchun kutilgan darajada omadli chiqmagan mavsumni muvaffaqiyatli davrga aylantirib yuborish imkoniyati bor.
Fikrlar