
Shomurodov uch ochkoli o‘yinni kutyapti!
A Seriyaning 32-turi “Roma” futbolchilariga ancha qulay raqib – musobaqa jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan “Salernitana” klubini ro‘baro‘ qildi. Bu borada, rimliklarning omadi keldi. Chunki jamoa 7 aprelda sovuq Norvegiyada og‘ir uchrashuv o‘tkazib kelgandi. Agar chempionat o‘yinida kuchliroq raqib duch kelganida Joze Mourino shogirdlari uch kun farq bilan jiddiy kurashga kirishishi ancha qiyin bo‘lardi.
“Budyo-Glimt” rimliklarni yana mag‘lub etdi. Endi “Roma” futbolchilari “Salernitana”ga qarshi uchrashuvda o‘zini oqlab olishi kerak bo‘ladi. Bellashuv “Olimpiko”da o‘tkazilishi Joze Mourino shogirdlariga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Har holda jamoa o‘z maydonida autsayderni enga olmasa, Norvegiyadagi ikkinchi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lib yurgan Rimning talabchan ashaddiy tiffozilari o‘yinchilarni umuman kechirmasa kerak.
Konferentsiyalar ligasi chorak finalining birinchi uchrashuvidagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, “Roma” A Seriyada o‘nta o‘yindan beri mag‘lub bo‘lgani yo‘q. Poytaxtlik “bo‘rilar” oltita g‘alaba va to‘rtta durang qayd etdi. Ayniqsa, Evrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashdagi asosiy raqobatchilari – “Latsio” va “Atalanta”ni mag‘lub eta olgani, ularning musobaqa jadvalida beshinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi ta’minladi.
Hozir Mourino shogirdlarida nazariy jihatdan Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini beradigan to‘rtinchi o‘ringa chiqib olish imkoni bor. Bu ko‘p jihatdan “Yuventus”ning natijalariga bog‘liq bo‘ladi.
A Seriya debyutanti “Salernitana”ning yuqori ligada o‘z mavqeini saqlab qolishga umuman kuchi etmayapti. Davide Nikola shogirdlari joriy mavsumda faqatgina autsayderlar – “Jenoa”, “Venetsiya” va kutilmaganda o‘rtamiyona jamoalardan “Venetsiya”ni mag‘lub eta oldi xolos. Yana ettita o‘yinda durang qayd etib, jami 16 ochko bilan 20-o‘rinda qayd etilgan.
A Seriyadagi so‘nggi o‘nta uchrashuvdan atigi beshtasi bir ochkodan qo‘lga kiritgan “Salernitana” katta ehtimol bilan quyi ligaga qaytib ketadi.
“Roma” va “Salernitana” shu paytga qadar umumiy hisobda etti marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Birinchi davrada raqib maydonidagi uchrashuvda rimliklar mezbonlar darvozasiga to‘rtta to‘p kritgan. O‘sha uchrashuvda g‘alaba naqd bo‘lganidan keyin Eldor Shomurodov zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, atigi 12 daqiqa harakat qildi xolos.
Darhaqiqat, “Salernitana” A Seriyada eng ko‘p – 66 ta to‘p o‘tkazib yuborgan jamoa hisoblanadi.
Ikki klubning avvalgi uchrashuvlari o‘tgan asrga to‘g‘ri keladi. Dastlab, ular 1945-1949 yillarda to‘rt marta ro‘baro‘ kelgan va bu o‘yinlarda Rim klubi vakillarining qo‘li baland kelgan. Keyinchalik 1998 yilda “Salernitana” A Seriyaga qaytib, Rimdagi bahsda yutqazdi. Kelasi yili o‘z uyida “Roma” ustidan birinchi va oxirigi g‘alabasini tantana qildi.
Barcha faktlarni inobatga olib, mutaxassislarning aksariyati navbatdagi uchrashuvda “bo‘rilar”ning g‘alabasiga ishonch bildirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, o‘yini ancha kuchayib qolgan Mourino shogirdlarini uch ochkoli bahs kutyapti.
Xorij matbuoti bo‘lajak o‘yin oldidan tarkiblarni taxmin qilar ekan, “Roma” futbolchilaridan Jordan Veretu, Nikolo Dzanolo, Lorentso Pellegrini, Leonardo Spinatsolla, Janluka Manchini o‘ynamasligini yozmoqda. Shuningdek, Norvegiyada to‘liq o‘ynagan Temmi Abraxam oyog‘ida og‘riq sezgani uchun qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
“Salernitana” vakillaridan Georgios Kastanos, Federiko Fasio aniq o‘ynamaydi. Leonardu Kapetstsi, Federik Veseli, Mamadu Kulibali, Diego Perotti, Andrea Skyavone, Viktorio Foriooning bellashuvda ishtirok etishi so‘roq ostida turibdi.
Shu o‘rinda, o‘zbekistonlik muxlislar Eldor Shomurodovning maydonga tushirilishini kutmoqda. Norvegiyadagi uchrashuvda Joze Mourino hujumchimizga avvalgi bellashuvlarga qaraganda ko‘proq o‘yin vaqti taqdim qilib, Eldorni 65-daqiqada maydonga tashladi.
Odatda, kuchli raqibga qarshi uchrashuvda murabbiylar uch kun oldin og‘ir o‘yinda toliqqan boshlang‘ich tarkib o‘yinchilariga dam berib, zaxira imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib oladi. Biz ham shunday bo‘lib, Shomurodovning ko‘proq o‘ynashini kutyapmiz. Eldorning o‘zi ham ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istayotganini yashirayotgani yo‘q.
Biroq, “Roma”ni Joze Mourino singari o‘z bilganidan qolmaydigan murabbiy boshqarayotgan ekan, portugaliyalik mutaxassisning qarorlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi.
Shomurodov pressingni bopladi, lekin...
Mourinoning nega jahli chiqdi yoxud u bugun Shomurodovni o‘ynatadimi?
O‘zbek legioneri maydonga qaytib, hammasini joy-joyiga qo‘yishi kerak!
O‘zbek futbolchisini Evropada e’tirof etishdi
“Roma”: Bu futbolchi endi o‘ynamaydi! Mourino kim haqida gapirdi?
“Roma” hujumchisi bo‘yicha kutilmagan vaziyat yuzaga keldi!
Fikrlar