
"Sho‘rtan" bilan 4 yil sudlashib yurishimga to‘g‘ri keldi, bosh murabbiyga achinaman, O‘zbekistondan munosib taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqaman - Igor Kriushenko bilan suhbat
Yaqinda “Sho‘rtan” klubi Igor Kriushenko va uning yordamchisiga to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzdorlikni to‘liq bartaraf qildi.
Bu ishni hal qilish uchun yillar kerak bo‘ldi. Bu orada “Sho‘rtan” FIFA taqiqlariga uchraganini yaxshi bilasiz. Buning ustiga klub moliyaviy tomondan ham muammolarga tushib qoldi. Shunga qaramasdan, nihoyat jamoa mutasaddilari belaruslik mutaxassislarni rozi qildi.
Biroq ushbu muammoni bartaraf qilish juda qiyin kechganini ham aytish joiz. Sports.uz muxbiri vaziyat hal qilingach, Igor Kriushenko bilan aloqaga chiqdi.
- Igor Nikolaevich, nihoyat, “Sho‘rtan” klubi siz bilan qarzdorlik masalasini to‘liq hisob-kitob qilibdi. Siz buni tasdiqlay olasizmi?
- Ha, nihoyat bu ish yopildi. Afsuski, oxirgi to‘rt yil davomida shu masala ijobiy hal bo‘lishi uchun “Sho‘rtan” bilan sudlashib yurishimga to‘g‘ri keldi. Asosiysi, bugungi kunga kelib, barcha qarzdorlik bartaraf qilindi.
- “Sho‘rtan” klubidagilar siz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqish uchun nomeringizni mendan so‘rashgandi. Aytishlaricha, ular sizni masalani hal qilish uchun O‘zbekistonga taklif qilishgan ekan-a?
- Darhaqiqat, yangi rahbariyat menga murojaat bilan chiqqan. Biroq tabiiyki, mening ortga qaytishimdan hech qanday ma’ni yo‘q edi. O‘tgan vaqt davomida butun fikru zikrim qarzdorlik bartaraf etilishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
- Agar sir bo‘lmasa, “Sho‘rtan” sizga qancha miqdorda pul to‘ladi?
- Buni hech qanday izohsiz qoldiraman.
- “Sho‘rtan” klubidagi holatdan xabardor edingizmi? FIFAning taqiqi tufayli jamoada bor-yo‘g‘i 13 nafar futbolchi qolgandi. Bunday jamoani boshqarayotgan Asror Aliqulovga nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, men o‘sha vaziyatdan boxabar edim. Yangi bosh murabbiyga achinaman. Shuning barobarida rahbariyatdan ish uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhayyo qilinishi yo‘lida va’daga vafo qilishini so‘rab qolaman. Aks holda men bilan sodir bo‘lgan vaziyat yana takrorlanishi hech gap bo‘lmasdan qoladi.
- O‘tgan bir necha yillar davomida “Sho‘rtan” sizning qarzingizni uzish harakatida bo‘ldi, bu orada FIFA ham klubni turli yo‘llar bilan jazoladi. Shaxsan siz ortda qolgan yillardan keyin ham qarzdorlik to‘liq bartaraf etilishiga ishonchingiz komilmidi?
- Men shu vaqt ichida FIFA qo‘yilgan shart qanday bajarilishini sabr bilan kuzatib bordim xolos. Shuning asnosida bir necha bor rahbariyatga qarzdorlik bartaraf etilishi bilan bog‘liq vaziyat qanday hal qilinayotgani bilan qiziqib, ularga murojaat etishimga to‘g‘ri kelganini aytmog‘im darkor. Aftidan, bunday qilmasligim kerak edi shekilli. Agar bunday qilmagan chog‘imda ehtimol, men bilan hisob-kitobni avvalroq amalga oshirgan bo‘lisharmidi...
- Adashmasam, 2019 yildan beri Indoneziya chempionatida ishlab kelyapsiz. Keyingi rejalaringiz qanday? Jamoani o‘zgartirish niyatingiz bormi?
- Hozircha meni bu erda hammasi to‘la qanoatlantiryapti. Boshqarayotgan jamoam bilan maksimal darajadagi vazifalarni bajarishni xohlayman. Keyin esa ko‘ramiz, nima bo‘larkin?
- O‘zbek futbolchilarini o‘z jamoangizda ko‘rishni istaysizmi? Ularni kuzatib boryapsizmi?
- Hozir, afsuski buning uchun vaqt etarli emas. To‘g‘ri, bir qancha futbolchilarni darajasi qanday ekanligini bilaman. Ammo hammasini ikir-chikiriga qadar aytib bermoqchi emasman.
- Agar O‘zbekistondan taklif bo‘lsa, yana qaytishga tayyormisiz?
- Hozir hammasi faqat mish-mish xolos. Vaziyat ro‘y-rost hal qilinadigan darajada ko‘rinish hosil qilmagan. Shu bilan birga aytishim kerakki, agar o‘z oldiga jiddiy vazifa qo‘yadigan biror-bir klubdan munosib taklif kelib tushsa, uni bajonidil ko‘rib chiqishga tayyorman.
Fikrlar