"Sho‘rtan"ni shu ahvolda tashlab ketsam, keyin vijdonim qiynalardi". Bunday murabbiy yana qaerda bor?

  • 9 sentabr, 2021, 01:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-ligada “Sho‘rtan” klubi oxirgi o‘rinni band etdi. U erdagi turli murakkabliklar misolida jamoaning bunday natija ko‘rsatishi hayron qolarli emasdi.

Tecno

Ochig‘i, bunday muammolar girdobida qolgan klubda hech bir murabbiy ishlashga rozilik bermasa ham kerak. Biroq ikki yildirki, Asror Aliqulov turli qiyinchiliklarga qaramasdan “Sho‘rtan” uchun sadoqat ko‘rsatib, mehnat qilishda davom etyapti. U Sports.uz uchun bunday jamoada qanday ishlab kelayotgani va nima uchun tashlab ketmagani haqida gapirdi.

“Biror marta Toshkentda shug‘ullanmadik”

- Bizga qanday imkoniyat yaratib berilgan bo‘lsa, shundan maksimal foydalanishga harakat qildik. Yuz bergan muammolar – ta’qiqlar, moliyaviy qiyinchiliklar, barchasi o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ta’qiq olib tashlanmaguncha futbolchi ololmadik. Keyinchalik ta’qiq bartaraf etildi-yu, biroq moliyaviy imkoniyatimizdan kelib chiqib, kimga qancha maosh to‘lay olishimizga qarab o‘yinchi chaqirdik. Murabbiy sifatida ham biz rosa harakat qildik. Klubni shunday qiyinchilik paytida tashlab ketmasdan, rahbarlar oldida ham ularni ishini engillashtirish uchun oxirigacha kurashdik, ko‘p mehnat qildik. Baribir imkoniyatimiz cheklanganligi bizni qiynab qo‘ydi. Ishonasizmi, ikki yil ichida birorta yig‘inni Toshkentda o‘tkaza olmadik. Tayyorgarlik jarayonida G‘uzordan tashqariga chiqa olmay qoldik. O‘zimizni oqlash uchun aytmayapman. Klubdagi ahvolni ko‘ra bilib turib, rahbarlarga Toshkentda yig‘in o‘tkazaylik deb so‘ramaganman. Chunki jamoadagi qiyinchilikni tushunib, birgalikda undan qutulishga harakat qildik. Biz faqat o‘zimiznigina o‘ylamadik. “Sho‘rtan”ning har bir ishchisi qarzdorliklardan bartaraf etilishi uchun qiyinchiliklarda ishlayapti.

alikulov2

“Bunday jamoadan ketish oson, ammo...”

- Moliyaviy tomondan yaxshi takliflar bo‘ldi. Yil boshida “Dinamo”dan, keyinchalik “Turon”dan taklif tushdi. “Sho‘rtan”da qanday qiyinchilikda ishlayotganimizni hamma bilardi. Rahbariyat, homiylar va butun kollektiv oldida shunday ahvolda “Sho‘rtan”ni tashlab ketgim kelmadi. Qiyin ahvoldamiz va boshqa joyga ketsam, keyin “Sho‘rtan”ni tashlab ketgan holatim uchun bir umr qiynalib yurishim mumkin edi. Bunday klubdan ketish oson, biroq yillar o‘tib mana shu qilgan ishim uchun vijdonim qiynalardi. Rahbarlar bilan boshlagan ishimizni yil oxirigacha bajarib qo‘yishni o‘yladim. Shartnomamni yakuniga etkazib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Agar ketib qolsam, boshqalar har xil o‘ylashlari mumkin edi. “Sho‘rtan”da chiday olmasdan ketib qoldi, degan afsus, balki keyinchalik ro‘y bermasligi uchun ham qolishga qaror qildim. Birinchi o‘rinda klubdagi insonlarning o‘rni katta. Chunki ikki yil davomida ular bilan mana shunday qiyinchilik davrida elkama-elka klub manfaati uchun kurashib kelyapmiz.

“Turon” yaxshi maosh taklif qildi”

- Albatta, “Turon” “Sho‘rtan”dagiga qaraganda, ancha katta maosh taklif qildi. Qolaversa, orada “Pro” litsenziyasiga o‘qish ham boshlanib turgandi. Ko‘p tomonlama o‘yladim. Bemalol ketsam bo‘lardi. Boya aytdim, “Sho‘rtan” bilan xayrlashsam vijdonim oldida qiynalib qolishim mumkin edi. Pushaymonlik hissi bo‘lardi. Bu qarorimdan afsuslanmayman. Shu yo‘lni tanladimmi, bundan qaytmayman. Chunki bu biz uchun sinov ekanmi, oxirigacha boramiz.

alikulov1

“Futbolchilarni ko‘riksiz olaverdik”

- Yil tugaganidan keyin hammasini o‘ylab ko‘raman. Albatta, bunday sharoitda ishlash og‘ir. Buni murabbiylar yaxshi tushunadi. Futbolchilarni sizning uslubingizga to‘g‘ri keladigani emas, balki tarkibni to‘ldirish uchun olayotgan bo‘lsangiz...Masalan, tayyor futbolchi bilan tayyor bo‘lmagan futbolchini o‘ynatish orasida katta farq bor. Biz yigitlarni o‘yinlarga tayyorlaymiz va maydonda ularga umid ko‘zi bilan qarab turamiz. Ularda mahorat yo‘qligini yaxshi tushunamiz. Lekin futbolchilarimizda hali saviya yo‘q. Ba’zi uchrashuvlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi, bir xil bellashuvlarda tanib bo‘lmay qoladi. “Neftchi”, “Buxoro”, “Dinamo” singari klublar Superligadan o‘yinchilarni taklif qilyapti. Biz esa asosiy tarkibda 2003 yilda tug‘ilgan bolalarni o‘ynatyapmiz. Biz futbolchilarni taklif qildik, ammo ularni ko‘rib, tekshirib olmadik. Birdaniga shartnoma imzoladik. Tayyorlov yig‘inlari o‘tkazilmadi, o‘rtoqlik o‘yinlarida sinab ko‘rmadik. Masalan, ularning 90 foizini bilmasdik. Ayrim o‘yinchilarni olishda adashgan bo‘lishimiz mumkin. Mashg‘ulot jarayonlarimizda ham katta uzilishlar bo‘lyapti.

alikulov5

“O‘yinchilarni faqat qo‘rqmasdan o‘ynashini tushuntiramiz, bizda boshqa variant yo‘q”

- Tayyorgarlik paytlarida futbolchilarga ko‘rsatmalar beramiz, nima qilishni o‘rgatamiz. Biroq o‘yinlar paytida oddiy elementar narsalarni, masalan, to‘p oshirish, to‘pni qabul qilish kabilarni uddasidan chiqmaganidan keyin murabbiy sifatida futbolchining saviyasi haqida o‘ylab qolasiz. Mana shunday oddiy usullarni bajara olmasligi ham og‘ir botadi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, mana shunday paytlarda qaniydi, meni ham qo‘l ostimda yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bo‘lganida edi, deb o‘ylab qolasiz. Futbolchi yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, bu murabbiyning yuzi. O‘yinchi yomon o‘ynasa, avvalo murabbiy uchun og‘ir va u haqida boshqacha fikrlar paydo bo‘ladi. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar ularga ruhiy tomondan dalda berib, hech kimdan kam emassan, degan gaplar aytiladi. Qo‘rqmasdan o‘ynashini tayinlaymiz. Boshqa variant yo‘q, bizda. Ularda texnik, jismoniy mahorati yo‘q. Futbolchining saviyasi pastligi uchun boshqalar bilan kurasha olmaydi. Birgina ruhiy tomonlama jangovarlik asosida o‘zini o‘yinga tayyorlay olishi mumkin.

alikulov4

“Futbolchilarimiz 12-13 kun davomida uyda bo‘lishdi”

- Jamoa menejeri vaziyatni o‘zgartirish uchun doim harakatda. To‘rtinchi oydirki, hali maosh berilmagan. Lekin shu kunlarda hech bo‘lmaganda bir oylik bo‘lsa-da, maoshlar to‘lanishi borasida harakat bor. 10 sentyabrda jamoa to‘planadi. O‘yinchilar 12-13 kun davomida uyda bo‘ldilar. Chempionatdagi jamoalar to‘rttalikka bo‘linganidan keyin taqvim e’lon qilinadi. Shu bois endi kutamiz. Baribir ikki yil davomida qiyinchiliklar bilan kurashib kelayotgan bo‘lsak ham o‘zimga bo‘lgan ishonch yo‘qolgani yo‘q.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
09/09/2021 05:07
Асрор яхши ва виждонлий мураббий.