Shuhrat Maqsudov: "Navbahor" shunday tarkib bilan o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ymasa ham uyat bo‘ladi"

  • 7 may, 2022, 07:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Coca Cola Superligacining 7-turidan o‘rin olgan “Navbahor”  - “Bunyodkor” (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga  javob berdi.“Qaldirg‘ochlar” ustozi o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

Avvalambor assalomu alaykum. Namanganda o‘yin shunday keskin ruhda o‘tadi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari “Navbahor”ning asosiy yutuqlaridan biri. Bugun ham stadionga 27 mingga yaqin ishqiboz tashrif buyurdi. Aslida o‘yin durangga mos edi. Futbolchilarimga rahmat aytdim. To‘g‘ri, yosh futbolchilarimiz xatoga yo‘l qo‘yishdi. Lekin shu orqali ular o‘sishga erishadilar. Yoshlar ertangi kunga yaxshi tajriba orttirishmoqda. 

- Jamoangiz yomon o‘yin ko‘rsatmadi va mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Lekin tarkibda etakchi etishmayotgandek ko‘rinmoqda. Davralar oralig‘ida o‘yinni qo‘lga oladigan futbolchini tarkibga olish maqsadi qo‘yilganmi?

- To‘g‘risi, hozircha bunday maqsadimiz yo‘q. Biz mavsum boshida maqsad qo‘yganmiz. Bosh homiyimiz bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar. Akademiyamiz Markaziy Osiyodagi eng yaxshisi. Yoshlarni biz o‘ynatmasak yo‘qolib ketadi-ku. Bu O‘zbekistonga ham zararku! Hamma murabbiy ham bunga qo‘l urmaydi. Men ham tayyor futbolchi olib natija ko‘rsatishni istardim. Homiyimiz bildirgan ishonchni oqlamoqdamiz va biz to‘g‘ri yo‘nalishdamiz. Futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat birga yuradi. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Bolalarning kelajagi bor. Faqat sabr, vaqt va ishonch kerak.

- “Navbahor”ning o‘rinbosarlari tarkibida o‘tgan mavsumda to‘purar bo‘lgan Husayn Ergashboev nima uchundir “Bunyodkor”da ko‘rinmayapti...

- Ergashboev jamoamizda va u doimo 18 talik ro‘yxatga kirmoqda. So‘nggi o‘yinlarda Husayn jarohat olgandi. Ayni paytda esa sog‘ligi joyida. Bu erda nimaga o‘ynamaganligi sababini esa bilmayman.

- Birinchi savolim hakamlik haqida. Ularning harakatlaridan qoniqdingizmi? Ikkinchi savolim “Navbahor”ning joriy yildagi salohiyatini qanday baholaysiz?

- Dastlabki savolingizga javob berishni istamasdim. Chunki bu mening zimmamdagi ish emas.

Ikkinchi savolingizga kelsak, albatta bunday sharoit, futbolchilar, muxlislar bilan klub oldiga yuqori maqsad qo‘yiladi. Maqsadsiz hayotni qizig‘i yo‘q. “Navbahor” shunday tarkib bilan o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ymasa, uyat bo‘ladi.

- “Olimpik” bilan o‘yindagi yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, futbolchilarni bugungi uchrashuvga qanday ruhlantira oldingiz?

- Bunday o‘yinlar bo‘lib turadi. Haqiqiy futbol ichidagi inson, vijdoni bor inson buni to‘g‘ri tushunadi. “Manchester Siti” ham yutqazdi. Braziliya termasi ham paytida 1:7 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi va qaysi jamoaga omad kulib boqsa, o‘sha jamoa zafar quchadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!