“Siti” maqsadiga etishiga bir qadam qoldi
“Manchester Siti” yangi darvozabon masalasini hal qilishi talab etiladi. Ayniqsa, yozda klubga qaytarilgan Jeyms Trafford “Tottenxem” bilan o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, hali yuqori darajada o‘ynashga to‘liq tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Buning oqibatida Xosep Gvardiolaning superdarvozabonga ehtiyoji borligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Shaharliklar” yangi darvozabon masalasini Janluiji Donnarumma yordamida hal qilmoqchi. Manchesterliklar italiyalik golkiperga egalik qiluvchi “Pari Sen-Jermen” bilan transfer bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, parijliklar Donnarumma transferi uchun talab qilingan summani 30-35 million evrogacha pasaytirishga rozilik bergan.
Donnarummaning o‘zi hamkorlik bo‘yicha Angliya grandi bilan kelishib olgan. Manchesterliklar bu transferni yakunlash uchun so‘nggi yillarda jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lib kelgan Edersonni sotib yuborishi kerak.



Fikrlar