“Siti” va “Real” Xoland va Vinisius rokirovkasini amalga oshiradimi?
“Real”da bosh murabbiy Xabi Alonso va jamoa hujumchisi Vinisius Junior o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqanidan keyin aksariyat ekspertlar braziliyalik o‘yinchining Madridda kelajagi yo‘qligini ta’kidlay boshladi.
Qimmatbaho futbolchining xulq-atvoridan kelib chiqayotgan muammolardan qutilishning bir yo‘li sifatida uning jamoadan ketishi ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda Vinisius Junior Angliya Premer-ligasining top-klublari nishonida turibdi. Xususan, “Manchester Siti” braziliyalik yulduzni anchadan beri kuzatib keladi. “Real” esa, “shaharliklar”ning asosiy to‘purari Erling Xolandga xaridor.
Keyingi paytda ikki grand klub bu hujumchilarni o‘zaro almashishi mumkinligi haqida turli versiyalar tarqala boshladi.
Nufuzli manbalardan biri – Defensa Central nashri jurnalistlari bu masalaga oydinlik kiritdi. Unga ko‘ra, manchesterliklar Erling Xolandni hech qanday vaziyatda ham Vinisius Juniorga alishtirmaydi.
Boshqa manbalarda aytilishicha, Xosep Gvardiola Erling Xolandni jamoaga faqatgina Harri Keyn olib kelinsagina qo‘yib yuborishi mumkin ekan.

Fikrlar