SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa Ligasi mavsum terma jamoasi

  • 23 avgust, 2020, 00:30
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Ligasi joriy mavsumi qiziqarli uchrashuvlar va voqealarga boy bo‘ldi. Avvalo, pandemiya turnir formatining butkul o‘zgarib ketishiga sabab bo‘ldi. Ammo klublar va turnir tashkilotchilari shunday sharoitda musobaqani yakunlab qo‘yish imkonini topgani ham katta gap. Markazlashgan, format jihatidan terma jamoalar o‘rtasida kechuvchi musobaqalarni eslatib yuborgan ushbu kubok bellashuvlari bir qator kuchli futbolchilar o‘yinlaridan bahramand bo‘lishimizga yordam berdi.

Tecno

Murabbiy: Xulen Lopetegi

Agar ushbu finalda Konte g‘alaba qozonganda, uni eng yaxshi murabbiy, deya e’tirof etardik. Har ikki mutaxassis yil boshida o‘z klublarini qo‘lga olishganiga qaramay, kuchli taktik bilimlarini futbolchilarga singdira olishdi.
Lopetegini esa futbol jamoatchiligi ikki karra olqishlamoqda. Sababi, u “Real”dan juda katta muvaffaqiyatsizlik bilan ketdi va ko‘pchilik uni qayta o‘zini tiklay olmaydi, deb o‘yladi. Mana uning javobi. Final uchrashuvidan aynan De Yong “Inter” himoyachilariga bu qadar ko‘p muammo keltirishini ispaniyalik mutaxassis qayerdan bilgan ekan?! Jamoa etakchisi Okampos ikkinchi taym avvalida jarohat olib maydonni tark etgach, g‘alabani qo‘lga kiritgani ham uning murabbiylik salohiyatining naqadar chuqur bilimlarga asoslanganini ko‘rsatib beradi.

Lopetegi

Darvozabon: Yassin Bunu

Vatslik Evropa Ligasining nimchorak finalidan beri havotirda: Bunu bu kabi ajoyib o‘yinlari orqali asosiy tarkibga da’vo qilib qolishi ham mumkin. Darhaqiqat, marokashlik posbon pley-offni super darajada o‘tkazdi. Chorak finalda Ximenes tomonidan amalga oshirilgan penaltini qaytardi. Aks holda, andalusiyaliklar Kyolnga etib kelolmagan bo‘larmidi?! Boz ustiga, asli Kanadada tug‘ilgan Bunu turnir mobaynida 6 ta o‘yinni “quruq” o‘tkazdi.

Bunu

Chap qanot himoyachisi: Serxio Regilon

Ko‘pchilik futbol muxlislari “Real”ga Regilon kerakligi haqida gapirmoqda. Bugun bemalol ayta olamizki, Serxio “Sevilya”ga ko‘proq kerak. “Qirollik klubi” esa Marselo va Mendi bor pozitsiyaga uni ham olib kelib qo‘yishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sevilya shahrining bosh jamoasi kelgusi mavsumda Evropa Chempionlar Ligasida harakat qilishini inobatga olsak, Regilonning qolishi uchun sabablar ko‘payib ketmoqda.

Regilon

Markaziy himoyachi: Diego Godin

Godin joriy mavsumda “Inter” safiga qo‘shilish orqali faoliyatini tugatish harakatiga tushganini emas, aksincha, ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqchiligini isbotlab qo‘ydi. Urugvaylik himoyachi finallarda gol urishni juda yaxshi ko‘radi. Ammo doim uning gollari g‘alaba uchun kifoya qilmaydi. To‘g‘ri-da, himoyachi o‘z vazifasini bajarishi muhimroq. Raqib darvozasini ishg‘ol qilish old chiziq vakillarining vazifasi.
Godin Konte yoqtiradigan markaziy himoyachilar tipiga kiradi. U qanot himoyachilari hujumga chiqib ketishiga imkon beradigan darajada ishonchli harakat qildi.

Diego-Godin

Markaziy himoyachi: Xarri Maguayr

Ayni daqiqalarda angliyalik himoyachi Gretsiyada bo‘lib turibdi. U kichik muammolar ichida qolib ketdi. Yarim finaldagi “Sevilya”dan uchralgan alamli mag‘lubiyat unga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi. Darhaqiqat, MYu joriy mavsumda 3 ta yarim finalni boy berdi.
Xarri Sulsher ikkinchi jamoani maydonga tashlagan ayrim o‘yinlarda ham hujumchi, ham himoyachi bo‘lib o‘ynashga majbur bo‘ldi. Birinchi mavsumdanoq sardorlik bog‘ichini taqishiga uning mana shunday fidoiy o‘yini sabab bo‘lmoqda. Ha, hozircha xatolar uchrab turibdi. Tajriba oshgani sayin bu kamchiliklar ham bartaraf etiladi.

1597613739_maguire

O‘ng qanot himoyachisi: Danilo Dambrozio

Mavsum kashfiyoti deyish uchun Daniloning yoshi (31) kattalik qiladi. Ammo shunisi ham borki, Konte kelgunicha “Inter”da faoliyat olib borgan murabbiylar uning iqtidorini payqay bilmadi. Bugun u “nerradzurilar” safidagi kamyob almashtirib bo‘lmas futbolchilardan biri.
Qanotdan yaxshi hujumga qo‘shilishi orqali joriy mavsum Evropa Ligasi pley-offida barcha jamoalarga muammo tug‘dira oldi.

Dambrozio

Markaziy yarim himoyachi: Ever Banega

Argentinalik xavbekning uzatmalari finalda ham etakchi o‘rinni egalladi. Chorak finalda ham aynan uning uzatmasi Okamposning goliga sabab bo‘lgandi. Evropaning turli klublarida harakat qilgan ushbu futbolchi mehnatiga yarasha kamroq sovrin yutgan. Ammo mana endi bir paytlar kelib eslash uchun yaxshi xotiralari bor.

Banega

Markaziy yarim himoyachi: Nikolo Barella

Mavsum kashfiyotlaridan biri finalda o‘z o‘yinini topa olmadi. Shunda ham Konte uni maydondan olmadi. Chunki 23 yoshli futbolchi jamoada ancha katta mavqega ega bo‘lib ulgurdi. U tezkorligi, kesuvchi paslaridagi aniqlik va kuchli zarba orqali muxlis va mutaxassislar e’tiborini qozondi.
Bu kabi finallarda imkoniyatni boy berish ayniqsa uning yoshidagi futbolchilarga og‘ir botadi. Umid qilamizki, Nikolo keyingi mavsumlarda ham rivojlanib boradi.

Barella

Hujumkor yarim himoyachi: Brunu Fernandesh

Mavsumni “Sporting”da boshlagan Fernandesh ikkinchi qismini MYu bilan davom ettirdi. O‘zgarish faqat jamoada, Brunu esa gol urishdan to‘xtamadi. Ularning asosiy qismi penaltilardan urilganini inobatga olganimizdan tashqari ham portugaliyalikning 4 ta golli uzatmasi va foydali ish koeffitsientlari yuqori darajalarga dahl qiladi. 8 ta goli bilan turnir to‘purarligini qo‘lga kiritgan xavbek “Sevilya”ga qarshi yarim final uchrashuvida rosa ter to‘kib, g‘alaba uchun harakat qildi. Biroq yakunda kichik imkoniyatlaridan maksimal foydalangan ispanlar g‘alabani ilib ketdi.

fernandesh

Hujumkor yarim himoyachi: Lukas Okampos

Argentinalik xavbek ham kech porlagan yulduzlar sirasiga kirib qoldi. Bugun unga juda ko‘p klublar qiziqish bildirmoqda. Ammo u “Sevilya”ga kelmaguncha iqtidorini namoyish eta olmagan. Balki, hamma gap murabbiydadir.
Ammo Okamposni oxiri nima bo‘lishi noma’lum ekstra-taymlarga kirib ketayotgan jamoasini so‘nggi daqiqalardagi goli orqali yarim finalga olib chiqqani uchun ham ramziy terma jamoamizga kiritishni ma’qul topdik.

okampos_1

Markaziy hujumchi: Junior Moraes

Yarim finalgacha barchani o‘zining quvnoq o‘yini bilan maftun etgan “konchilar” “Inter” oldida shunchaki ojiz qoldilar. Na JuniorYu na Marlos va na Tayson jamoasini ushbu mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi. Yarim finallarga xos bo‘lmagan hisob qayd etilgan ushbu o‘yinning o‘zinigina kuzatgan muxlis Moraes variantini yoqlamasligi mumkin.
Ammo biz mavsum terma jamoasini tuzib chiqmoqdamiz va butun turnir mobaynida Ukraina chempionlarining markaziy hujumi vakili ajoyib harakatlandi.

Moraes

Markaziy hujumchi: Romelu Lukaku

“Inter” tarkibiga ko‘chib o‘tishini kimdir qo‘lladi, kimdir noto‘g‘ri, deb hisobladi. Ammo Romelu futbolchi sifatida o‘z faoliyati uchun naqadar foydali qarorni qabul qilganini ushbu mavsum ko‘rsatib bermoqda. U Evropa Ligasi pley-offidayoq bir nechta rekordlarni o‘rnatib yubordi. Klubga kelgan ilk mavsumidayoq jamoa afsonasi Ronaldoning rekordlarini yangilay boshlagan belgiyalik yangi mavsumda yanada katta ishtiyoq bilan harakat qilishi aniq.

Lukaku

SOSTAV

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!