SPORTS.uz talqiniga ko‘ra Superliga 10-tur ramziy terma jamoasi

  • 21 iyun, 2021, 16:36
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Biroz muddat tanaffus qilgan O‘zbekiston Superligasi endi yana biz bilan. 10-turdan davom ettirilayotgan ichki birinchiligimizning navbatdagi bahslarida bir necha mazkaziy bahslar o‘tkazildi. Peshqadamlik uchun kurash olib borayotgan “So‘g‘diyona” Toshkentda “Paxtakor” bilan tengma-teng o‘yin namoyish etdi. “Qo‘qon-1912” mavsum oldidan eng ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Loko” ustidan g‘alaba qozondi. Biz o‘z odatimizga ko‘ra, navbatdagi tur ramziy jamoasini e’tiboringizga havola etishga qaror qildik.

Tecno

Darvozabon: Ravshan Yagudin “Bunyodkor”

Debyutant bo‘lishiga qaramay, “Turon” o‘z uyida juda istalgan jamoaga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashadi. Bir necha tur avval “Paxtakor”dan ochko tortib olgan yaypanliklar bu safar yana bir Toshkent klubiga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilgandi. Ammo hisob buning mutlaqo aksini aytmoqda. Shunday bo‘lsa-da, “Turon” futbolchilari “qaldirg‘ochlar” posbonini bir necha bor ter to‘kishga majbur qildi. Yagudin o‘z seyvlari bilan jamoasining “quruq o‘yin” ko‘rsatishini ta’minladi.

IMG_4570

Chap qanot himoyachisi: Sherzod Nasrulaev “Nasaf”

Ramziy jamoamizning “doimiy” vakiliga aylanib ulgurgan loteral bu safar ham kutilgan o‘yinni ko‘rsatdi. Albatta, uning qanotdan uyushtiradigan reydlari, ajoyib uzatmalarini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. “Andijon” mag‘lub etilgan bellashuvdagi ikkinchi gol aynan qahramonimiz bergan pasdan keyin yuzaga keldi. Norchaevni birga-bir vaziyatga chiqarib yuborgan Sherzod o‘z o‘rnida.

nasrullaev

Markaziy himoyachi: Murod Xolmuhammedov “Qo‘qon-1912”

O‘z pozitsiyasida harakat qilmayotgan bo‘lsa-da, Xolmuhammedov ishonchni oqlamoqda. Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi golsiz o‘yin o‘tkazish oson emas. “Temiryo‘lchilar” safida tajribali va iste’dodli futbolchilar etarli. Ammo ular “Qo‘qon-1912” darvozasiga yo‘l topa olmadi. Darvozabon super seyvlar ijro etmaganini hisobga olsak, markaziy himoyachilarning o‘yini ancha o‘xshaganiga shubha yo‘q.

IMG_6247

Markaziy himoyachi: Marko Kolakovich “So‘g‘diyona”

Superliganing amaldagi chempioni gollar urish borasida ham qolganlardan bir bosh baland. Hatto, ularning zaxira o‘rindig‘ida ham yuqori darajadagi futbolchilar topiladi. Aziz Turg‘unboev, Diyor Holmatov kabi texnika sohiblariga qarshi o‘yinda mudofaadagi tartibga javob bergan Kolakovich ramziy jamoamizga kirishga munosib, nazarimizda.

IMG_5696

O‘ng qanot himoyachisi: Dilshod Ahmadaliev AGMK

Tezlik, texnika va pas bera olish qobiliyatiga ega bo‘lgan Ahmadaliev “Toshkent viloyati derbisi”da ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Tinimsiz reydlar uyushtirib, raqib himoyachilarini tahlikada ushlab tura olgan loteral ikkinchi golda katta vazifa bajardi. Jarima maydoni markaziga to‘pni etkazib bergan Dilshod ramziy jamoamizda o‘zi uchun qulay pozitsiyani egalladi.

IMG_0145

Chap qanot yarim himoyachisi: Ivan Solovev “Navbahor”

“Navbahor” daraja nuqtai nazaridan “Mash’al”ga qaraganda kuchliroq bo‘lsa-da, katta qiyinchilikka duch keldi. 2:1 hisobi bilan yakunlangan o‘yinda muborakliklar ochko olishi mumkin edi. Biroq Solovevning goli yakunda jamoasiga 3 ochko keltirdi. Yuqori tezlikda raqibidan o‘zib ketgan Ivan darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Boshqa vaziyatlarda ham uning faolligi yaqqol sezilib turgani rost.

IMG_7592

Markaziy yarim himoyachi: Nurillo To‘xtasinov “Bunyodkor”

Yaypanda o‘ynash hech qachon oson bo‘lmasligi haqida yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Bu jamoa darvozasini ishg‘ol etish katta muammo. Iste’dodli posbon Akmal Ortiqov darvozasiga 3 bor yo‘l topgan “qaldirg‘ochlar”ning ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri To‘xtasinovni markaziy yarim himoyaga joylashtirdik. Himoya va hujum o‘rtasidagi bog‘lamlarga javob bergan Nurillo bir assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

IMG_4733

Markaziy yarim himoyachi: Erkin Baydullaev “Qizilqum”

“Qizilqum” Superligada katta qiyinchilikka duch kelmoqda. Har bir o‘yin ular uchun juda muhim. Jumladan, o‘z uyidagi bellashuvda ham maydon egalari yomon o‘yin namoyish etmadi. Baydullaev esa chiroyli goli bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Havodan kelayotgan to‘pni to‘xtatmasdan darvozaga yo‘llagan yarim himoyachi “konchilar”ga suv va havodek muhim 1 ochko keltirdi. Biz Erkinni ramziy jamoamizda To‘xtasinovga tandem sifatida ko‘rdik.

IMG_0069

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Muhammadanas Hasanov “Qo‘qon-1912”

“Lokomotiv” darvozaboni Javohir Ilyosov terma jamoaga nomzodlardan biri. Ammo unda bir kamchilik bor, nazarimizda. Ilyosov uzoqdan kelayotgan to‘plarni qaytarishga qiynaladi. Muhammadanas Hasanov ham shunday fikrda shekilli, taxminan 30 metr masofadan belgilangan jarimadan zarba yo‘llashga qaror qildi. Murod Xolmuhammedov o‘rniga darvozani nishonga olgan futbolchi jamoasiga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi. Uni ramziy jamoaga olmaslik adolatdan bo‘lmasdi.

IMG_6251

Hujumchi: Aleksandr Kasyan AGMK

Derbilar doim shiddatli to‘qnashuvlarga boy o‘tadi. Toshkent viloyati jamoalari o‘rtasidagi printsipial bellashuvda ham bu holat kuzatildi. “Metallurg” ochko olish uchun qancha harakat qilmasin, olmaliqliklardagi daraja o‘z so‘zini aytdi. Aleksandr Lobanov darvozasiga ikki bor yo‘l topgan Kasyanni markaziy hujumga joylashtirdik. Buning uchun Mirjahon Mirahmadov variantidan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Rozi bo‘lasizlar!

IMG_0103

Hujumchi: Husain Norchaev “Nasaf”

O‘zbek futbolidagi eng umidli futbolchilardan biri “Andijon”ga qarshi bahsda ham o‘zini ko‘rsatdi. Yosh bo‘lsa-da, yaxshigina sovuqqonlik bilan qaror chiqaradigan Norchaevni ramziy jamoamizdagi ikkinchi hujumchi sifatida ko‘rdik. Birinchi goldagi bosh bilan yo‘llagan zarbasi chakki chiqmaganidek, keyingi aniq zarbasi oldidan namoyish etgan tezligi tahsinga sazovor. Muhimi, o‘zbek futbolida yana bir ajoyib hujumchi etishib chiqmoqda.

norchaev

Jamoa (2)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!